Kolumbiya

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Kolumbiya Respublikasi
Kolumbiya davlat bayrogʻi   Kolumbiya davlat gerbi
Bayroq Gerb
Shior: Libertad y orden
(Ispancha: Freedom and order)
Madhiya: Himno Nacional de la República de Colombia
(National Anthem of the Republic of Colombia)
Kolumbiya Xaritasi
Poytaxt Bogota
Rasmiy til(lar)
Hukumat Prezidentlik Respublika
 •  Prezident   Juan Manuel Santos
Mustaqillik   Ispaniyadan
 •  Sana   20 iyul 1810
Maydon  
 • Butun 1,138,910 km² (26-)
 • Suv (%)
Aholi  
 • 2002 roʻyxat 42,954,279 (28- oʻrin)
 • Zichlik 37/km²
YaIM (XQT) 2005- yil roʻyxati
 • Butun AQSh$303,700 mil. (31-)
 • Jon boshiga AQSh$7,070
Pul birligi Unidad de Valor Real (COU)
Vaqt Mintaqasi (UTC)
 • Yoz (DST)
Qisqartma CO
Internet domen .co
Telefon prefiksi +57

Kolumbiya (Colombia), Kolumbiya Respublikasi (Republica de Colombia) — Jan. Amerikaning shim.-gʻarbida joylashgan davlat. Mayd. 1138,9 ming km2. Aholisi 46,370 mln. kishi (2012). Poytaxti — Bogota (Santa-Fe-de-Bogota) sh. Maʼmuriy jihatdan 32 departament va poytaxt okrugiga boʻlinadi.


Davlat tuzumi[tahrir]

K. — unitar respublika. Amaldagi Siyosiy konstitutsiyasi 1991 y. 4 iyulda qabul qilingan. Davlat va hukumat boshligʻi — prezident. U umumiy toʻgʻri ovoz berish yoʻli bilan 4 y. muddatga saylanadi. Ikkinchi muddatga saylanishi mumkin emas. Qonun chiqaruvchi hokimiyatni kongress amalga oshiradi. Kongress ikki palata: senat va vakillar palatasidan iborat. Ijrochi hokimiyatni prezident boshchiligidagi hukumat amalga oshiradi.


Tabiati[tahrir]

K.ning sharqiy va shim. qismi pasttekislik, gʻarbida And togʻ tizmalari bor. And togʻlarining K.dagi qismi 3 asosiy tizma (Gʻarbiy, Markaziy va Sharqiy Kordilyera) dan iborat. Ularni Magdalena daryosi (Kauka va Patiya irmoqlari b-n) bir-biridan ajratib turadi. K.ning eng baland joyi — Kristobal-Kolon togʻi (5800 m). And togʻlarining gʻarb va shim. da Tinch okean va Karib boʻyi botqoqlashgan pasttekisliklari bor. Sharqiy qismidagi pastroq platolar Amazonka pasttekisligiga tutashib ketadi. Bir necha sungan va soʻnmagan vulkanlar (Uila 5750 m, Ruis 5400 m, Tolima 5215 m va b.) bor. K.da neft, tabiiy gaz, toshkoʻmir, mis va temir rudalar, rangli va asil metallar, uran, zumrad konlari koʻp.

K. ekvatorial iqlim mintaqasida joylashgan. Pasttekisliklarda oʻrtacha oylik t-ra 29°, 1000—2000 m balandlikdagi togʻlarda 17—22°, 4000 m dan balandda 7° dan oshmaydi. Yillik yogʻin 1000-4000 mm. Shim.-sharqida 200 mm gacha, Tinch okean pasttekisligida va unga tutash togʻ etaklarida 10000 mm gacha. Daryo koʻp, yiriklari: Magdalena, Kaketa, Putumayo, Guavyare, Meta va b. Yuklarning 95% Magdalena daryosida tashiladi. Pasttekislik va togʻ etaqlaridagi qizilsariq laterit tuproqli yerlarda nam tropik oʻrmonlar bor, qizil tuproqli yerlar savanna (lyanos) bilan qoplangan. Shim.sharqda buta va kaktuslar oʻsadi. Togʻ tepalarida oʻtloqlar (paramos), choʻqqilarida doimiy qorlar bor. Oʻrmonlarda maymun, yaguar, chumolixoʻr, tapir, yalqov, kaltakesak; qushlardan tunan, kolibri va toʻtilar, daryolarda timsoh uchraydi. Milliy bogʻlari: Chiribikete, Paramilo, Syerra-Nevada-de-Santa-Marta.

Aholisining aksari kolumbiylar. Ular indeys, ispan, negrlarning qoʻshilishidan hosil boʻlgan. Keyinroq Italiya, Germaniya va Gʻarbiy Yevropaning boshqa mamlakatlaridan kelgan muhojirlar qoʻshilgan. 700 mingga yaqin indeys bor. Rasmiy tili — ispan tili. Xristianlikning katolik mazhabiga eʼtiqod qiladi. Aholining 67% shaharlarda yashaydi. Yirik shaharlari: Bogota, Medelin, Kali, Kartaxena.


Tarixi[tahrir]

Hoz. K. hududida qadimdan indeys qabilalari yashab kelgan. K. hududiga 1499 y.da ispanlar kelgan. 1530-y.larda ular K.ni bosib olib, mustamlaka tartibini oʻrnatdilar va mamlakatni Yangi Granada deb atadilar. 1718 y.dan Yangi Granada vitse-qirolligiga aylantirildi. 1739 y. Yangi Granada vitse-qirolligi K.dan tashqari hozirgi Ekvador, Panama va Venesuela hududlarini qoʻshib oldi. Mahalliy aholi ispan bosqinchilariga qarshi bir necha bor qoʻzgʻolon koʻtardi. Shulardan eng yirigi 1781 y.gi qoʻzgʻolon boʻldi. Mustaqillik uchun kurash 1810 y.dan yanada kuchaydi. 1816 y. may oyida ispan armiyasi qoʻzgʻolonni shafqatsiz bostirdi. Birok, qoʻzgʻolonchilar 1819 y. fevralda mustaqillikka erishgan Venesuela vatanparvarlari yerdamida ispan qoʻshinlarini tor-mor etdilar. 1819 y. dek.da Yangi Granada, Venesuela va Ekvador birlashib, Buyuk Kolumbiya federativ respublikasi tuzilganligi S. Bolivar prezident) eʼlon qilindi. 1830 y. Buyuk Kolumbiya federativ respublikasi parchalandi, Venesuela, Ekvador va Yangi Granada (Panama bilan birga) mustaqil davlatlari tashkil topdi. 40-y. larda mamlakatda Konservativ (yirik zamindorlar) va Liberal (burjua) siyosiy partiyalar vujudga keldi.

1851 y. Yangi Granadada qulchilik bekor qilindi. 1863 y.dan mamlakat K. Qoʻshma Shtatlari, 1886 y.dan K. Respublikasi deb ataldi. Partiyalar oʻrtasidagi raqobat mamlakatda fuqarolar urushiga ("Ming kunlik urush", 1899— 1902) sabab boʻldi. 1903 y. Panama K.dan ajralib, mustaqil davlatga aylandi. 1929—33 y.gi jahon iqtisodiy turgʻunligi K. iktisodiyotiga ancha putur yet-kazdi. 1934 y. K.da baʼzi ilgʻor islohotlar (bepul taʼlim va b.) oʻtkazildi. 1946 y.dan K.da terrorchi diktatura oʻrnatildi. Barcha demokratik kuchlar qattiq taʼqib qilindi. Xalqning demokratik gʻalabalarini tugatish siyosati oʻtkazila boshladi. 1948 y. da xalq qoʻzgʻolon koʻtardi. Qoʻzgʻolon bostirilgach, konservatorlar hukumati liberallarga qarshi fuqarolik urushi boshladi, natijada 200 ming kishi nobud boʻldi. Maʼmurlar terroriga qarshi partizanlik harakati kuchaydi. Konservatorlar hokimiyatni saqlab qolishga intilib, 1953 y. davlat toʻntarishi uyushtirdi va harbiy diktatura oʻrnatdi. 1957 y.da umumxalq kurashi natijasida diktatura barham topdi.

Konservatorlar bilan liberallar "sherikchilik" asosida "Milliy jabha" blokini tuzdilar (1957—74). Ammo ijtimoiy-iqtisodiy muammolar hal boʻlmay qolaverdi. Liberallar hukumati 1974—78 y.larda bir qator ilgʻor islohotlar oʻtkazdi. 1978 y. saylovda liberallar raxbari X.S.Turbay Ayyala gʻalaba qozonib, prezident lavozimini egalladi. 1998 y. prezident saylovida konservatorlar vakili A.P.Arango prezident, liberallar vakili G.B.Lesmus esa vitse-prezident etib saylandi. K. — 1945 y.dan BMT aʼzosi. Milliy bayrami — 20 iyul — Mustaqillik kuni (1810).


Siyosiy partiyalari, kasaba uyushmalari[tahrir]

Liberal partiya, 1815 y.da asos solingan; Sotsial-konservativ partiya, 1848 y.da tuzilgan; K. kommunistik partiyasi, 1930 y.da asos solingan; Milliy najot harakati partiyasi, 1990 y.da Sotsial-konservativ partiyadan chiqqan siyosiy arboblar tomonidan tuzilgan; Milliy xalq ittifoqi, 1964 y.da asos solingan; Demokratik alyans partiyasi, 1990 y.da tuzilgan. Kasaba uyushma birlashmalari: Demokrat mehnatkashlar umumiy konfederatsiyasi, 1971 y.da tuzilgan; K. demokrat mehnatkashlar konfederatsiyasi, 1988 y.da tuzilgan; K. mehnatkashlar konfederatsiyasi, 1934 y.da tuzilgan; Mehnatkashlar unitar kasaba uyushma markazi, 1986 y.da tuzilgan.


Xoʻjaligi[tahrir]

K. — agrar-industrial mamlakat. Jan. Amerikadagi iqtisodiy barqaror, uzluksiz rivojlanayotgan mamlakatlardan biri. Oʻtkazilayotgan iqtisodiy islohotlar dasturida importga erk berish, samarasiz davlat korxonalarini xususiylashtirish, xorijiy sarmoyani jalb etish koʻzda tutilgan. Mehnatga layoqatli aholining 33% q.x.da, 23% sanoatda, 20% xizmat sohasida mashgʻul. Yalpi ichki mahsulotda sanoatning ulushi 27%, q.x.ning ulushi 22%.


Sanoati[tahrir]

K.ning boy tabiiy resurslari asosida konchilik sanoati rivojlangan. Neft va temir rudasi qazib olish yetakchi sanoat tarmoqlaridir. Tabiiy gaz, toshkoʻmir, oltingugurt, nikel, oltin, platina, kumush, zumrad ham qazib olinadi (jahondagi zumradning 90%). Oziq-ovqat sanoati, asosan, q.x. xom ashyosini dastlabki qayta ishlash, poyabzal, ichimlik i.ch. sohalari, tikuvchilik, toʻqimachilik, metallni qayta ishlash alohida oʻrin oladi. Metallurgiya, neftni qayta ishlash, kimyo va neft kimyosi sanoati rivojlangan. Avtomobil, televizor va radiopriyomniklar yigʻadigan, stanok, sement, qogʻoz ishlab chiqaradigan z-dlar bor. Hunarmandchilikning ham salmogʻi katta. Oʻrmonlarda qimmatbaho nav yogʻoch tayyorlanadi. Yiliga 25,6 mlrd. kVt-soat elektr energiyasi hosil qilinadi. Hosil qilinadigan elektr energiyaning 75% gidroelektr styalariga, 25% koʻmir bilan ishlovchi elektr stansiyalariga toʻgʻri keladi.


Qishloq xoʻjaligi[tahrir]

Dehqonchilik — q.x.ning asosi. Kofe — mamlakat q.x.ning muhim mahsuloti. Kofe eksport qilish sohasida dunyoda Braziliyadan keyin 2-oʻrinda turadi. Mamlakat mehnatga layoqatli aholisining salkam 40% kofe yetishtirish bilan bevosita yoki bavosita bogʻliq tarmoqlarda band. Eksport uchun kakao doni, paxta, banan, tamaki, mahalliy ehtiyoj uchun makkajoʻxori, kartoshka, sholi, bugʻdoy, arpa, maniok, soya, noʻxot, shakarqamish yetishtiriladi. Chorvachiligida qoramol, koʻy, choʻchqa boqiladi. Baliq ovlanadi. Q.x. mamlakatning oziq-ovqat mahsulotlariga boʻlgan ehtiyojini toʻla qondirmaydi.

K.da asosiy transport turi — avtomobil. T.y. uzunligi — 3,4 ming km, avtomobil yoʻli oʻz. — 129 ming km. Asosiy dengiz portlari: Barrankilya Buenaventura, Tumako, Kartaxena, Santa-Marta. Bogotada Eldorado xalqaro aeroporti bor.

K. chetga kofedan tashqari neft va neft mahsulotlari, kimyoviy mollar, qora metallurgiya mahsulotlari, zumrad chiqaradi. Chetdan sanoat asbob-uskunalari, transport vositalari, xom ashyo, isteʼmol va oziq-ovqat mahsulotlari keltiradi. Savdo-sotikdagi asosiy mijozlari: AQSH, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari, Yaponiya, Lotin Amerikasi mamlakatlari. Pul birligi —K. pesosi.


Tibbiy xizmati[tahrir]

Bemorlarga, asosan, xususiy tarzda xizmat koʻrsatiladi. Vrachlar 9 ta oliy oʻquv yurtining tibbiyot f-tida tayyorlanadi.


Maorifi, ilmiy va madaniy-maʼrifiy muassasalari[tahrir]

7 yoshdan 12 yoshgacha boʻlgan bolalarning oʻqishi bepul va majburiy. Boshlangʻich maktabda oʻqish muddati 5 y., oʻrta maktabda 6 y. Davlat maktablari bilan bir qatorda xususiy maktablar ham mavjud. Mutaxassislar hunar-texnika bilim yurtlari va ped. oʻquv yurtlarida, oliy oʻquv yurtlarida tayyorlanadi. Mamlakatda 200 dan koʻproq oliy oʻquv yurti, shu jumladan, 25 davlat va 35 xususiy universitet bor. Eng yirik oliy oʻquv yurtlari: Bogotada K. Milliy unti (1867 y. da asos solingan), Valye unti (1945), Xaverian xususiy katolik unti va b. Ilmiy muassasalari: K. tarix akademiyasi(1902), K. yuridik fanlar akademiyasi (1894), Tibbiyot fanlari akademiyasi (1890) — hammasi Bogotada; Kartaxena, Medelin, Tunxa va b. shaharlarda tarix akademiyalari, bir qancha ilmiy jamiyatlar ishlaydi. Bogotada Milliy kutubxona, Medelinda universitet kutubxonasi, Bogotada Milliy universitet kutubxonasi va b. bor. Muzeylari: Milliy, Mustamlaka davri sanʼati, Milliy antropologiya, Milliy arxeologiya muzeylari, Oltin buyumlar muzeyi, S. Bolivar muzeyi — (hammasi Bogotada), Medelindagi tabiiy fanlar muzeyi va universitet muzeyi.

Matbuoti, radioeshittirishi va telekoʻrsatuvi. K.da 30 ga yaqin kundalik gaz. nashr etiladi. Eng yiriklari: "Ekspektador" ("Kuzatuvchi", 1887 y. dan), "Tyempo" ("Vaqt", 1911 y.dan), "Pays" ("Mamlakat", 1950 y.dan), "Nuevo siglo" ("Yangi asr", 1932 y. dan), "Kolombiano" ("Kolumbiyalik", 1912 y.dan). Ankol hukumat axborot agentligi ishlaydi. Kolprensa milliy axborot agentligiga 1980 y.da asos so-lingan. Radioeshittirish 1929 y. dan, telekursatuv (toʻla davlat tasarrufida) 1954 y.dan ishlaydi. Mamlakatda hammasi boʻlib 200 ga yaqin radiost-ya, 50 telestudiya bor.

Adabiyoti ispan tilida. Dastlabki yilnoma va hikoyalar 1519 y.da paydo boʻlgan. Adabiyot, ayniqsa, 19-a. boshlarida gurkirab rivojlandi. Milliy ozodlik va mustaqillik uchun kurash yillari (1810—26)da vatanparvarlik ruhidagi klassitsizm adabiyoti ravnaq topdi (K. Torres, L. Vargas Texad, X.M.Salasar va b. ijodi). X. X. Ortiye, X.E.Karo, X.Arboled, R.Pombo, F.Peres, X.M.Samper va b. yozuvchilar indeys qabilalarining oʻtmish hayotini madh etuvchi asarlar yozdilar. 19-a. oxiri va 20-a. boshlarida "Yelkan ramzi", "Arboledlar jamiyati" va b. toʻgaraqlarda uyushgan X.A.Silva, M.A.Osodio va b. shoirlar ijodida modernistik mayllar qaror topdi. 1-jahon urushidan soʻng K. adabiyotida "avangardizm" paydo boʻldi. "Konrod epopeyasi" dostonining muallifi — A.M.Mutis, L.K.Lopes va b. ijtimoiy sheʼriyat anʼanalarini rivojlantirdilar. Nasrda ijtimoiy tanqidchilik kuchaydi. A.Lopes de Mesa, X.Restrepo Karamilo, D. Arango Vems va b. ijodida kishilarning tabiat bilan toʻqnashuvini tasvirlash asosiy mavzu boʻldi. X.A.Osorio Lisarasoning shaxtyorlar hayoti hamda mehnatini tasvirlovchi "Yer ostidagi odam" va taraqqiyparvar arbob Gaytan oʻlimi toʻgʻrisidagi "Nafrat kuni" romanlari K. nasrining yutugʻihisoblanadi. 50-y.larda koʻproq partizanlar qarakatiga bagʻishlangan asarlar turkumi ("zoʻravonlik haqida romanlar") paydo boʻldi. G.G.Markesning "Yolgʻizlikning yuz yili" romani K. nasri rivojida muqim rol oʻynaydi. X.Pardo Gersia, K.Kastro Saavedra va b. oʻz asarlari bilan K. sheʼriyatiga salmoqli hissa qoʻshdilar.


Meʼmorligi[tahrir]

Hoz. K. hududida toshdan qurilgan ibodatxona va istehkomlarning vayronalari topilgan. K. ispanlar tomonidan bosib olingach, 15-a. oxiri va 16-a.da indeys manzilgohlari oʻrnida Kartaxena, Bogota, Tunxa kabi shaharlar barpo etildi, ularning markazida toʻgʻri burchaqli kucha va maydonlar qurildi, shaqlan koʻrimli va sipo binolar tiklandi. 16-a. oʻrtasidan 17-a. oʻrtalarigacha italyan uygʻonish davri meʼmorligi "mudehar" uslubi unsurlari bilan birga qoʻshildi. 16—18-a.larda gʻishtin uyli, toʻgʻri koʻchali shaharlar, monastir cherkovlari barokko va yangi mudehar uslubida qurildi. 20-a. boshlarida sanoat rivoji natijasida shaharlar koʻpaydi. 1930-y.lardan AKSH va Braziliya meʼmorlik maktablari taʼsirida zamonaviy binolar koʻplab qurila boshladi. 1940— 70 y.larda yangi kvartallar, sanoat majmualari, bank, firma binolari, stadion, bozorlar koʻpgina shaharlarning koʻrkiga koʻrk qoʻshdi (Kartaxenadagi stadion, Bogotadagi Moderno gimnaziyasining kapellasi va b.). Pekin mamlakatdagi turar joylarning koʻpchiligini loy va qamishdan ishlangan kulbalar tashkil etadi. Zamonaviy inshootlar orasida Bogotadagi "Tekendama" mehmonxonasi, "Filips Kolobiana" firmasining binosi ajralib turadi.


Tasviriy sanʼati[tahrir]

K. hududida qadimdan indeyslar madaniyati (kulollik buyumlari, oltin, kumush haykallar, tilla taqinchoqlar tayyorlash) rivojlangan. Mil. av. 1-ming yillik va mil. 1-ming yillik boshlarida San-Agustin madaniyati (Jan. K. oʻrmonlaridagi tosh qaykalchalar, boʻrtma tasvirlar), bu madaniyatga yaqin Tyerradentro, Narino, Kalima madaniyatlari ham mavjud boʻlgan. 16-a.gacha markaziy va shim. viloyatlarda chibcha indeyslari madaniyati ravnaq topgan (oltin, mis, kumush zeb-ziynat buyumlari, haykalchalar, idishlar, toʻqimachilik, oʻymakorlik namunalari). 16—17-a.larda mahalliy rassomlik maktabi vujudga keldi, diniy va hayotiy mavzularda asarlar yaratildi (portretlar, devoriy rasmlar). 19—20-a. boshlarida P.X.Figeroa, X.M.Espinosa kabi rassomlar xalqning mustaqillik uchun kurashi mavzularida asarlar yaratdilar. Keyingi yillarda ijtimoiy muammolarga qiziqish kuchaydi. P.N.Gomes Agudelo, I.Gomes Haramilo, M.Dias-Vargas, E.Martines, X.Rodriges Asevedo, L.A.Akunya kabi rassomlar, X.O.Betankur, R.Roso va b. haykaltaroshlar mashhur. 1930 y.da asos solingan K. Badiiy akademiyasi keyinchalik Bogota nafis sanʼat maktabiga aylantirildi.


Musiqasi[tahrir]

Ispan istilochilarining xotiralaridan maʼlum boʻlishicha, hozirgi Kolumbiya hududida yashagan indeyslarda harbiy musiqa yaxshi rivojlangan, ular gʻalabani musiqa va qoʻshiqlar bilan nishonlagan. Motam marosimlarida marhumning botirligini taʼriflovchi qoʻshiqlar aytilgan. Hosil yigʻimi, qabila boshligʻi uchun saroy qurilishi ommaviy raqs va qoʻshiq bilan yakunlangan. Bosqinchilar kelgach, indeys musiqasiga yevropacha unsurlar taʼsir eta boshladi.

K. musiqasida kreol, indeys, negr ohanglari qorishib ketgan. 17-a. boshlarida professional musiqa vujudga keldi va 18-a. oxiridan dunyoviy musiqa rivojlana boshladi. 1784 y. Bogotada birinchi puflama sozlar orkestri tuzildi. 19-a.

ning 40-y.larida K. musiqa sanʼatining rivojlanishida Italiya opera truppalari va K.da yashovchi Yevropa kompozitorlarining roli katta boʻldi. 19-a. boshlarida K.da yashagan ingliz E. Prays K. Filarmonik konsert jamiyatini, uning oʻgʻli J.Prays Milliy musiqa akademiyasini tashkil etdi (1882; 1910 y.dan Milliy konservatoriya). A.Velasko, E.Salas, O.Sindichi (milliy madhiya muallifi), "Ester" va "Florinda" operalarining muallifi X. M. Ponse de Leon 19-a.ning mashhur kompozitorlari hisoblanadi. Milliy simfonik orkestrning asoschisi — dirijyor G. Espinosa, kompozitorlar G. Uribe Olgin, A. Mariya Valensiya, qoʻshiqchi L. Masia, musiqashunos X. I. Pendromo Eskobar, X. B. Silva va b. 20-a.da K. musiqa madaniyatini rivojlantirgan ijodkorlardir. Bogotada opera teatri, milliy konservatoriya, folklorni oʻrganuvchi i.t. markazi, "Folklor baleti" bor. K. milliy radiosi mumtoz va milliy musiqani targʻib qilish sohasida katta ish olib borayotir.


Teatri[tahrir]

18-a. oxirlarida Bogotada ilk bor teatr tomoshalari koʻrsatilgan. X.M.Salasar, L.Vargastexada, S.Peres, A.L.Gomes, A.Alvares Lyeras, L.E.Osorno va b. 19-a.da hamda 20-a. 1-yarmida koʻzga koʻringan K. dramaturglari hisoblanadi. 50-y.lar oʻrtalarida K. teatrining faoliyati yaxshilandi, truppalar paydo boʻldi, festivallar oʻtkazildi. Milliy drama sanʼati maktablari tashkil qilindi. Zamonaviy teatr madaniyatining rivojlanishida Kalidagi Tajriba teatri, madaniyat uyi va "La mama" truppalari, shuningdek, Bogotadagi Xalq teatri muhim rol oʻynaydi. Un-t teatrlari ham keng yoʻlga qoʻyilgan (ular 1966 y.dan festival oʻtkazib turadi). Zamonaviy mashhur dramaturglardan O.Dias, X.Salamea, K.X.Reyes va teatr arboblaridan E. Buenaventur, S. Garsia hozirgi K. teatri sanʼatini rivojlantirishga salmoqli hissa qoʻshgan.


Kinosi[tahrir]

K.da dastlabki hujjatli filmlar ("San-Kristobal manzarasi", "Bogotada harbiy parad") 1907 y. da suratga olindi. 1910-y.larda voqeiy filmlar yaratishga kirishildi. 1914 y.da rej. F.Markoning "Ishonch tantanasi" toʻla metrajli yarim hujjatli filmi chiqarildi. "Aura yoki gunafshalar" (1923), "Antokiya osmoni ostida" (1924), "Kondorlar uyasi" (1925) koʻngilochar va xajviy kinolentalari bilan badiiy filmlar yaratishga asos solindi. 1937 y.da aka-uka Aseveolar birinchi ovozli hujjatdi filmni yaratdilar. 1939 y.dagi "Vodiy gullari" filmi dastlabki ovozli badiiy film boʻldi. 50-y.lar oxiri va 60-y.larda milliy kino sanʼati yuksala boshladi. Ilgor ijtimoiy yoʻnalishdagi filmlar ("Tosh ildizlar", "Kolumbiyaning uch tarixi", "Achchiq yer", "Donaso" va b.) yaratildi. Hujjatli kino rej.laridan K.Alvares, X.Alvares, M.Bergas, G.Samper, X.Morante faoliyati milliy kinoning shakllanib, kamol topishiga katta taʼsir oʻtkazdi ("Kunlardan bir kun", "Demokratiya nima" va b. filmlar). Keyingi yillarda "Qachongacha" (rej. B.Ventura), "Firibgarlik" (rej. L.Sanches), "Toza qon" (rej. L.Ospina), "Diyorimiz ovo-zi: oʻtmish va kelajak" (rej. M. Rodriges, X.Silva) va b. filmlar muvaffaqiyat qozondi. 1960 y.dan Kartaxenada Xalqaro kinofestivallar oʻtkazib turiladi. 1971 y. Bogotada kinematografiya inti tashkil qilingan. Unda rej.lar, ssenariychilar, operatorlar tayyorlanadi. K.da 650 kinoteatr bor.[1]

Kolumbiya Respublikasi
Kolumbiya davlat bayrogʻi   Kolumbiya davlat gerbi
Bayroq Gerb
Shior: Libertad y orden
(Ispancha: Freedom and order)
Madhiya: Himno Nacional de la República de Colombia
(National Anthem of the Republic of Colombia)
Kolumbiya Xaritasi
Poytaxt Bogota
Rasmiy til(lar)
Hukumat Prezidentlik Respublika
 •  Prezident   Juan Manuel Santos
Mustaqillik   Ispaniyadan
 •  Sana   20 iyul 1810
Maydon  
 • Butun 1,138,910 km² (26-)
 • Suv (%)
Aholi  
 • 2002 roʻyxat 42,954,279 (28- oʻrin)
 • Zichlik 37/km²
YaIM (XQT) 2005- yil roʻyxati
 • Butun AQSh$303,700 mil. (31-)
 • Jon boshiga AQSh$7,070
Pul birligi Unidad de Valor Real (COU)
Vaqt Mintaqasi (UTC)
 • Yoz (DST)
Qisqartma CO
Internet domen .co
Telefon prefiksi +57

Kolumbiya (Kolumbiya Respublikasi) poytaxti — Bogotá shahri. BMT aʼzosi


Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil