Navroʻz
| Navroʻz | |
|---|---|
| Nishonlovchi xalqlar | Eron, Afgʻoniston, Iroq, Suriya, Ozarbayjon, Bahrain, Livan, Pokiston, Hindiston, Tojikiston, Turkiya, Albaniya, Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Turkmaniston va boshqa yerdagi fors va turkiy millatlar. |
| Turi | Xalqaro |
| Ahamiyati | Yangi yilning birinchi kuni, bahor bayrami |
| Sana | 21-mart(baʼzi xalqlarda 22-mart) |
Navroʻz (forscha نوروز o`zb. "Yangi kun") - bahor bayrami, hamda fors va turkiy xalqlarida yangi yilning birinchi kuni. "Navroʻz" soʻzi forschadan tarjima qilinganda, "yangi kun" maʼnosini beradi. Eron, shuningdek, Markaziy Osiyo va Kavkazda navroʻz 21-mart kuni, Qozogʻistonda esa, 22-martda nishonlanadi.
Mundarija |
[tahrir] Tarixi
Tarixiy manbalarda keltirilishicha va olimlarimiz fikriga ko’ra, Navro’zning shakllanish davri - eng qadimgi zamonlardan «zardushtiylik»ning paydo bo’lishigacha davom etgan asrlarni o’z ichiga oladi.
O’zbek xalqining allomalaridan biri Abu Rayhon Beruniy «Qadimiy xalqlardan qolgan yodgorliklar» kitobida Quyosh yili hisobida yilning birinchi oyi deb sanalgan Farvardin oyi to’g’risida so’zlab: «Bu oyning birinchi kuni Navro’zdir, – deydi. — Navro’z yilning birinchi kuni bo’lib, uning forscha nomi ham shu ma’noni anglatarkan. Navro’z eronliklar «zij»lari bo’yicha o’tmish zamonlarda, ular yillarini kabisali qilgan vaqtlarida Quyoshning Saraton burjiga kirish paytiga to’g’ri kelar edi. So’ngra u orqaga surilgach, bahorga keladigan bo’ldi. Endi u butun yil unga xizmat qiladigan bir vaqtda, ya’ni bahor yomg’irining birinchi tomchisi tushishidan, gullar ochilgan, daraxtlar gullashidan mevalari yetilguncha, o’simlik unib chiqa boshlashdan takomillashguncha davom etgan vaqtda keladi. Shuning uchun Navro’z olamning boshlanishi va yaratilishiga dalil qilingan» deya izohlaydi.
Qadim-qadimdan Navro’z xolis niyatli kishilarning sevimli ayyomi bo’lib kelgan. O’sha kunlarda hatto urush-janjallar ham to’xtalgan, gina-qudratlar kechirib yuborilgan. Shohlar el ichidan eng munosib kishilarni taqdirlashgan, ayrim mahbuslarning gunohidan o’tishgan.
Bahor va yangi ayyom har bir yurakdan muhim joy olgan quvonchli damlarda ko’pchilikning «Navro’z qaerda va qachon paydo bo’lgan ekan?» – degan savoliga «Saodat» jurnalida e’lon qilingan «Onaqutining saxovati» maqolasida bunga asosli javob berilgan. Unda jumladan: «Dunyoga ilk alifboni bergan buyuk allomalarning vatani bo’lgan, dunyoviy fanlarga asos solgan Xorazm yurti qadimda, hatto eramizdan avvalgi minginchi yillarda Xvayrazam deb atalgan. Keyingi yillarda olib borilgan arxeologik va etnografik izlanishlar Navro’z bayrami ilk bor xuddi shu zaminda Niso (ya’ni, ayol shahri poytaxti bo’lmish Parfiyona) grek va Ovrupa faylasuflari asarlarida Parfiyada nishonlanganini ashyoviy topilmalar tasdiqladi. Bunga Burgut qal’a, Jomboq qal’a va Niso qo’rg’onlarida bunyod qilingan va shu kunlargacha saqlanib qolgan «olov uy»lari yaqqol misol bo’la oladi. Burgut qal’a markazida moviy gumbazli maqbara bo’lgan. Maqbara mehrobida Onaqutining ko’tarilgan qo’lida Zumrad tosh bo’lgan. Bahorgi teng kunlikda-shamsiy hisob bilan hamal oyining birinchi kuni, hozirgi taqvimimiz bo’yicha 22-martda maqbara gumbazidagi tuynukdan quyosh nuri Onaquti qo’lidagi Zumrad toshiga tushib, sumalak pishirish uchun tayyor turgan qozonning o’txonasiga o’t yoqqan», deyilgan.
Boshqa afsonalarga qaraganda, Odam Ato Momo Havo bilan uchrashgan kun Navro’z deb tan olingan emish.
Firdavsiyniig «Shohnoma»sida yangi yil bayrami shoh Jamshid nomi bilan bog’lanadi. Jumladan, Jamshid yurtga yaxshilik qilish maqsadida odamlarga kasb o’rgatadi, temir eritib qurol yasatadi, ip yigirtirib kiyim to’qitadi, imoratlar barpo qiladi, tabiblik sirlarini ochadi, kema yasaydi, bog’ bunyod qiladi. Nihoyat, «ishlari gurkirab berganda meva» bir kuni taxt yasatib, unda osmonga ko’tariladi. Ushbu afsonaga ko’ra xuddi shu kuni Navro’z nishonlangan.
Alisher Navoiy «Tarixi mulki ajam» (“Ajam shohlari tarixi”) asarida Jamshidning buyuk kashfiyotlari so’ngida ulug’ Navro’z ixtiro qilinganligini bayon qiladi. Navoiy yozishicha: «Jamshid «Chihil minor» nomli odamzod ko’rmagan va aql bovar qilmaydigan baland bino qurib... «bu imorat tugandi, olam salomin va ashrov va ahbarin yig’ib, anda azim jashn qildi. Ul vaqtkim, quyosh nuqta e’tiqodli rabiyg’a taqvil qilib erdi ul binoda taxt ustiga o’ltirib, adolat sayt va sadosin olamg’a muntashir qildi va ul kunining otin navro’z qo’ydi».
Darhaqiqat, Navro’zning qachon va qanday vujudga kelganligini aniq ko’rsatish qiyin bo’lsa-da, shuni aytish mumkinki, bu bayram dono kishilar tomonidan kashf qilingan. Chunki Navro’zning dunyoga kelishi chuqur ilmiy asoslangan koinot va tabiat qonuniyatlari, ya’ni Quyoshning hamal burjiga kirishi, tun va kunning tenglashuvi, kunduzning uzaya boshlashi, tabiatda jonlanishning boshlanishi bilan bog’liq bo’lgan. Bu esa (har qanday jamiyatda) yil boshi qachon kelishidan qat’i nazar navro’zni uyg’onish bayrami sifatida nishonlash uchun asos bo’lgan. Bundan tashqari, Navro’zning chuqur ildizlariga murojaat qilsak, u eng qadimiy davrlarda – ibtidoiy odamlarning dehkonchilikka o’tganidan so’ng dalalarda yangi ish mavsumi boshlanishidan oldin o’tkazilgan bahor bayramlariga borib taqaladi.
Bugun mana yana elimizga Navro’zi olam uz sepini yoymokda. Ma’lumki, xalqimiz istak-xohishlarini e’tiborga olgan holda Yurtboshimiz tomonidan, 21-martni dam olish kuni deb e’lon qilingan.
Navro’z barcha viloyatlarning shaharu qishloqlarida, korxonalarida, ilm-fan dargohlarida o’ziga xos tarzda ko’tarinki kayfiyat va tashabbus ila o’tkaziladi. Bayram kuni turli xil musobaqalar, qariyalar bilan muloqotlar bo’ladi. Bahor ko’katlaridan tayyorlangan nozu ne’matlar tortiq etiladi. Barcha viloyatlarning eng iste’dodli va yosh xonandalari xizmatda bo’ladilar.
Elimizning murodu maqsadini kuylagan, yurtimizning oromu osoyishini o’ylagan, butun borliq muruvvat aylagan, bag’riga benihoya ezgu muhabbat joylagan, yomonliklar yo’lin boylagan, yaxshilikdan doston so’ylagan, barchani birday siylagan bayramdir bu.
«Bu bayramni bahori barobar kelguvchi, bir xil yig’lab, bir xilda kulguvchi, muchal yilini bilguvchi, urfini hurmat qilguvchi talay elu elatlar, mazhablaru millatlar yangi yil deb nishonlaydilar. «To’qson»ning baxayr o’tganini, ya’ni «ko’k»ka og’izlari etganini aytib, bir-biri bilan omon-omonlashadi».
Xavashyaliklarning aytishicha, Sulaymon podshohning uzugi yo’qolgan kun podshohligi ham qo’lidan ketgan. Qirq kundan keyin uzugi topilgach, podshohligi ham, ravnaqi ham qaytib kelgan. Podshohlar uning huzuriga to’planadilar. SHunda eronliklar «Navro’z omad», yangi kun keldi» deganlar. Natijada shu kun Navro’z deb ataladi.
Hozir 21-martdan to 3-maygacha barcha kunlarni Navro’z oyi deb bayram qilinadi. Bu kunlarda turli urf-odatlarni eslab, atrof-muhit tozalanadi, ko’kalamzorlashtirish va obodonlashtirish ishlari avj oladi, har xil mevali va mevasiz ixota kuchatlari utkaziladi, gullar ekiladi, turli ko’katlarni terib, vitaminli taomlar, bug’doy undirib, sumalaklar pishiriladi. Qarindosh-urug’larni yod olib ular holidan xabar olishga boriladi, ota-bobolarni, o’tgan avlodlarni xotirlab, qabrlarini ziyorat qiladilar. Bemorlarni Navro’z taomlari bilan yo’qlab, ko’ngil ko’taradilar va shundan keyingi kunlardan dala, ishlariga kirishib ketadilar.
Musulmon davlatlari, jumladan, Markaziy Osiyo xalqlari Miloddan avvalgi III asrdayoq Navro’z bayramini Yangi yil tariqasida keng nishonlaganlar.
Yangi yil – yilning birinchi kuni bo’lib, dunyodagi ko’pgina xalqlarning eng muhim bayramidir. Yangi yilni kutib olish va nishonlash turli davrlarga to’g’ri kelgan. Masalan, bizda Navro’z 21-mart kuni. Ovrupaliklar Yangi yilni 1-yanvarda, mo’g’ul va xitoyliklar Yangi yil-sagalganni fevralda nishonlar ekanlar.
Mutaxassislarning asoslangan fikrlariga ko’ra, Quyosh ayni shu kuni hayotbaxsh nurlarini tik, ya’ni 90 daraja burchak hosil qilib, sayyoramizning qoq beliga – ekvatorga yo’naltiradi. Shu daqiqalarda bahorgi kecha-kunduz tenglashadi va 22-martdan boshlab Quyoshning tik yo’nalgan nuri shimoliy tropik chizig’i tomon harakatlanadi. Bu Navro’zning ilk va qutlug’ qadami bo’lib, tabiatning jonlanishi bilan kishilarning xo’jalik faoliyati o’rtasida uyg’unlik namoyon bo’ladi. Jumladan, bobo dehqon ona erga mehr ishlov berishga kirishadi; tabiat o’t-o’lanlar, qir-adirlarni gilam singari yashil libosga bo’yaydi...
Navro’z musulmon xalqlarining taqvimida mustahkam o’rin olgan eng sara bayramlaridan biridir. U inson va tabiat o’rtasidagi uyg’unlikni anglatadigan noyob va ijtimoiy hamda tabiiy hodisadir. Lekin ayni paytda biz kutib olayotgan, yangi yilning birinchi kuni 1-yanvar to’g’risida bunday fikrni aytish mumkin emas, chunki bu marosim taqvimda turg’unsiz bo’lgan sun’iy, ya’ni kishilarning xohish-irodasiga bog’liq holda belgilangan sanadir.
Qadim-qadimdan xalqimiz Navro’z arafasidan boshlaboq, rizq-ro’zimiz manbai ona erga alohida mehr bilan ishlov berib, urug’ qadagan, mevali va mevasiz daraxtlar o’tkazish marosimlari tashkil etilgan, xilma-xil tansiq taomlar, pishiriqlar tayyorlangan, turli musobaqalar, o’yin-kulgular, sayillar va hokazolar bo’lib o’tgan. Darhaqiqat, o’z xalqiga qaytarilgan yangi yil – Navro’z barchaga olam-olam quvonch keltirib, ma’naviy oziq beradigan taqvimdagi muhrlangan qadimiy an’anamizdir.
[tahrir] Yaqin tarix
Navro’z Sovet davrida O`zbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa qismlarida ochiq nishonlanmagan. Bir necha ming yillik tarixga ega bu bayram O`zbekistonda ayniqsa 1980-yillarga kelib rasman taqiqlangani haqida ma’lumotlar bor. Bu davrga kelib, deydi yaqin tarixni sharhlayotgan ayrim mutaxassislar, O`zbekistonda milliylik tuyg`usi kuchaya boshlagan. Mustaqillikdan keyin esa Navro`z davlat miqyosida keng nishonlanadigan bayramga aylandi. Dastlab madaniy ayyom sifatida ko’rilib, xalq sayli sifatida tantana qilingan Nazro`z bugunga kelib ancha siyosiy-rasmiy tus olgan. Sovet davrida Navro’zning taqiqlanishi ikki bosqichda kuzatilgan. “Avval 1920-yillarda “xudosizlar jamiyati”ni tuzish davrida, odamlarni dindan voz kechasan, deb majburlash paytida, Navro`z ham taqiqlangan bayramlar qatoriga kirgan”, – deydi tarixchi olim Fayzulla Is’hoqov. 1985-86 yillarda esa Navro`z asosan O`zbekistonda “xavfli an’ana” sifatida ko’rilgan. Qayta qurish davrida kechgan bu ta`qiblar milliy uyg`onish davrini boshdan kechirayotgan o`zbek ziyolilari o`rtasida kenh muhokama qilingan. Xalq hofizi Dadaxon Hasanning eslashicha, shu yillarda O`zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov Navro`zni “Baxt va Bahor” bayrami deb o`zgartirish tashabbusi bilan chiqqan. “O`zbekiston Markaziy qo`mitasining ideologiya bo`yicha kotibasi Ra`no Abdullayeva edi. U qo’mita plenumida Navro’zni diniy bayram deb tanqid qilgan. Abdulla Oripov esa bu baxt va bahor bayrami degan. Keyin men “Marhabo Navro`zi olam” degan qoshig`imni aytib chiqqan edim”, – deydi Dadaxon Hasan. 1980-90 yillardagi ijtimoiy-siyosiy jarayonlar ishtirokchisi bo’lgan o’zbek ziyolilaridan biri Hayitboy Abdullayev fikricha, Navro’zni taqiqlash o`zbek kommunistlari tashabbusi edi. “Bu faqat O`zbekiston kompartiyasining qarori bilan taqiqlangan. Chunki qo’shni Tojikiston va Qozog`istonda Navro`z bayram qilinayotgan edi”, – deydi u. Fayzulla Is’hoqov fikricha esa Navro’zni cheklash asosan Moskva buyrug’i bilan amalga oshirilgan. “1986-yili shunday qaror qabul qilingan. Hozir ko`plar buning uchun Ra`no Abdullayevani ayblashadi. Lekin aslida bu Moskva tomonidan boshqarilgan. Bu ayolning aybi shuki, u bu tazyiqlarga qarshilik qila olmagan”, – deydi tarixchi olim.
“Ikkinchi Jahon Urushidan keyingi yillarda Navro`zni “Qozon to`ldi” deb ham atashgan. O’troq turkiylar bu bayramda yetti xil ovqat qilishgan. Uni yangi yil sifatida kutishgan. Keyingi yilgacha qozonimiz to`lib tursin degan ma`noda. Ayrim joylarda lola bayrami sifatida nishonlangan”, – deydi Hayitboy Abdullayev.
Navro’z mustaqillikdan keyingi yillarda
1991-yildan keyin Navro`z umumxalq bayrami darajasiga ko`tarildi.
Bayram bugun katta tayyorgarlik bilan qarshilanadi. O`zbekiston prezidenti har yili xalqni Navro`z bilan rasman tabriklaydi.
Biroq, deydi sharhlovchilar, Navro’z haligacha ham, tom ma’noda xalq bayramiga aylanmagan. “Sovet davrida asosan 9 may, 1 may bayram qilinar edi. Milliy bayramlar yo`q edi. Xalqimiz o’sha qolipga tushib qolgan. Navro’z kelganini ham konsert berilganiga qarab sezadi. Chunki sovetlar xalqimizni Navro`z ruhidan uzib qo`ygan. Xalqimiz hamon shu izimdan chiqolmayapti”, – deydi hofiz Dadaxon Hasan.
Hayitboy Abdullayev fikricha esa Navro`z to`qchilik, to`kin-sochinlik bayramidir. Xalq moliyaviy yetishmovchilikdan qiynalar ekan, Navro`zga nisbatan munosabat ham shunga yarasha.
“Hozir bayramni milliy ruhga singdirish uchun harakat bo`layapti. Masalan, avval kuzatilgan shanbaliklar tiklanayapti. Bu ham ehtimol pokizalikni saqlash uchun foydalidir. Lekin 4-5 ming kishiga osh berish bilan ish bitmaydi. To`qlik zamon bo`lsa, har bir kishi Navro`zni o`z xonadonida bayram qiladi”, – deydi Hayitboy Abdullayev.
Adabiyotshunos olim Naim Karimov nazarida tarix chig`iriqlaridan qat`iy nazar Navro`z ruhi xalqni tark etmagan.
“Navroz bayrami tiklangach bildikki, u bilan bog`liq qancha udumlarimiz bor ekan. Qancha qo`shiqlar, qancha taomlar bor ekan. Hatto birgalikda jo`r bo`lib, aytiladigan qo`shiqlarimiz bor ekan. Qabristonga borish, o’tganlarni xotirlash kabi udumlari bor ekan”, – deydi u.
Navro`z, ayrim dindorlar nazarida, islomga xos bayram emas. Shariatga to’g’ri kelmaydi, deydi ular.
Bu munozaralar O`zbekistonda ochiq muhokama qilinmasa-da, ijtimoiy tarixdan xabarbor insonlar yuqoridagi talqinni tamonan rad etadi.
“Qadim zamonlarda Navro`z ehtimol boshqa bir diniy tarixga ega bo`lgandir. Lekin vaqt o`tishi bilan Navro`z milliy an’anaga aylandi. Navroz kuni quyosh bir kundan ikkinchi kunga o`tadi. Burj tahlil qilinadi. Islom dunyosi bu haqiqatni tan oladi. Shariatda bunga qarshilik yo’q. Aksincha hamisha hurmat qilib kelingan. Afsuski, mutaassib, fikr doirasi tor diniy oqimlar nafaqat Navro`zni, balki boshqa an`analarni ham inkor etishi etishi mumkin”, – deydi islomshunos olimlardan biri.
Adabiyotsunos Naim Karimov deydiki Navro`z xalq hayotida, qolaversa o’zbek madaniyati va adabiyotida yangilanish timsoli sifatida o`rin egallab bo’lgan.
[tahrir] Oʻzbekistonda nishonlanishi
Oʻzbekistonda navroʻz 21-mart kuni nishonlanadi va dam olish kuni hisoblanadi.
Navroʻz — yashnash, yasharish bayrami, tabiatning uygʻonishi bilan bogʻliq yangi kunning boshlanishidir. 21-mart kecha va kunduz tenglashgan kun — Yangi yil, yani Navroʻz bayrami sifatida Sharq xalqlari tomonidan keng nishonlanadi. U dehqon uchun ekin-tikin ishlarining boshlanish pallasi hisoblanadi.
Ota-bobolarimiz, buvi-momolarimiz bu bayramni nishonlab, turli-tuman, rang-barang udum va marosimlar oʻtkazishgan. Qadimda ajdodlarimiz Navroʻz kunlari qishki manzillari — qishloqlardan yozgi mehnat va hordiq maskanlari -yozloqlarga koʻchib oʻtishgan. Dalalarda bahorgi ekin-tikin ishlari boshlanib ketgan. Dehqonlar erga qoʻsh solishgan. Jamoa-jamoa boʻlib, hasharlar uyushtirishgan. Oʻtgan ajdodlar ruhi yod qilingan. Ommaviy ravishda meʻvali, manzarali daraxtlar oʻtqazilgan. Dalalarda, yozloqlarda Navroʻz — yangi yil, yangi hayot qaynagan. Ajdodlarimiz Navroʻz bayramiga atab maxsus kiyimlar tikishgan va ularni kiyib, bayram qilishgan. Navroʻz taomlari ham oʻziga xos boʻlgan. Ular orasida, ayniqsa, sumalak, halim tayerlash ananaviy tusga kirgan. Bu bayramda bolalarning ishtiroki juda faol boʻlgan. Ular Navroʻz bayramida turli ommaviy bayram oʻyinlari oʻynaganlar. Ot oʻyin, chillak, qoʻgʻirchoq, toshoʻyin, lapar aytish va hokazolar shular jumlasidandir. Bolalar, oʻsmirlar, oʻspirinlar, boʻy qizlar sumalak pishirish marosimida faol ishtirok etish uchun ancha ilgariroq tayyorgarlik koʻrishgan.
Bu jarayonlarda turli-tuman xalq oʻyinlari, bahor qoʻshiqlari ijro etilgan. Kitobxonliklar, turli jismoniy tarbiyaga oid sovrinli oʻyinlar, musobaqalar tashkil etilgan. Koʻpkari-uloq, kurash oʻyinlari, hayvon va parrandalar (xoʻroz, it, qoʻchqor)ni urishtirish, masxarabozlik, askiyabozlik, dor oʻyinlari, turli xil xalq tomoshalari oʻtkazilgan. Navroʻz - mehnat, mehr-oqibat, insonparvarlik bayramidir. Bu kun marhumlarning qabrlari ziyorat qilinadi. Keksa, nogiron, yolgʻiz qariyalar, ota-onalar yoʻqlanadi. Kishilar bir-birlariga sovgʻa-salomlar ulashib, shirinliklar hadya etishadi. Navroʻz — muhabbat, sevgi, sadoqat bayrami. Navroʻz munosabati bilan nikoh toʻylari oʻtkazilgan. Yigit-qizlar bir-birlari bilan ahdu paymon qilishgan. Yangi tushgan kelin qoʻlidan choy ichish maqsadida “kelin koʻrdi”ga borilgan. Navroʻz — doʻstlik, birodarlik bayramidir. Ushbu kunni nafaqat Sharq xalqlari, balki millati, dini, eʻtiqodidan qati nazar, barcha bayram qiladi. Navroʻz bayrami Oʻzbekistonda dam olish kuni, rasmiy bayram kuni deb qabl qilingan. Uni hozirgacha ham yoshlardan tortib yoshi keksa kishilar ham tantali tarzda kutib olishadi
[tahrir] Ishoratlar
|
Bu maqola vikilashtirilishi kerak. |
|
|
Iltimos, bu maqolani vikipediya qoida va yo'llanmalariga muvofiq bezang. |
|