Abdulla Oripov

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Abdulla Oripov — atoqli oʻzbek shoiri va jamoat arbobi. U hozirgi oʻzbek sheʼriyatida inson qalbidagi murakkablik va ziddiyatlarni teran, haqqoniy oʻziga xos betakror kuylagan ulkan ijodkordir. Abdula Oripov hozirgi oʻzbek sheʼriyatiga yangicha badiiy tafakkur yoʻsinlarini olib kirdi. U tub mohiyati bilan Yassaviy, Navoiy, Bobur, Choʻlpon, Gʻ. Gʻulom singari ijodkorlar badiiy anʼanalarining davomchisidir. Shoirning butkul ijodi milliylik ruhi bilan sugʻorilgan.

A.Oripov. Asarlar[tahrir]

Abdulla Oripovning birinchi sheʼriy toʻplami „Mitti yulduz“ 1965 yilda chop etildi. Keyinchalik shoirning „Koʻzlarim yoʻlingda“ (1966), „Onajon“ (1969), „Chashma“, „Ruhim“ (1971), „Oʻzbekiston“ (1972), „Hayrat“ (1974), „Yurtim shamoli“ (1976), „Yillar armoni“ (1984), „Ishonch koʻpriklari“ (1989), „Munojot“ (1992), „Haj daftari“ (1995), „Saylanma“ (1996), „Asarlar“ (4 tomlik — 2001) singari sheʼriy kitoblari nashr qilindi.

Abdulla Oripov sheʼrlarida falsafiy teranlik joʻshqin lirizm va insoniy samimiyat bilan uygʻunlashib ketgan.

Oʻzbek Adabiyoti

Milodiy VII asrgacha
VIII-XIII asrlar (Qadimgi)

XIV-XV asrlar (Temuriylar davri)
XVI-XIX asrlar (Mumtoz)

XIX-XX asrlar (Milliy uygʻonish)
1905-30 yillar (Jadid davri)
1930-80 yillar (Sovet davri)
1990 yillaridan keyin (Mustaqillik)

Oʻzbekiston Yozuvchilar Uyushmasi

Uning „Bahor“, „Birinchi muhabbatim“, „Kuz“, „Saraton“, „Oʻzbekiston“, „Munojotni tinglab“, „Otello“, „Sarob“, „Dengizga“, „Malomat toshlari“, „Olomonga“, „Yuzma-yuz“, „Genetika“, „Chuvaladi oʻylarim sensiz“ va boshqa qator sheʼrlarida mana shu xususiyat yaqqol seziladi.

Bu asarlar oʻzbek milliy sheʼriyatining mumtoz namunalari boʻlib, yuksak badiiyligi, mantiqan kuchliligi, joʻshqinligi, yoqimliligi va lirik tuygʻularga boyligi bilan ajralib turadi.

Mustaqillikka erishgan Oʻzbekiston Respublikasining madhiyasi Abdulla Oripov soʻzi bilan aytiladi.

Millat maʼnaviyati va estetik tafakkurini rivojlantirishdagi xizmatlari uchun shoir Abdulla Oripov ijodkorlar orasida birinchi boʻlib, 1998 yilda „Oʻzbekiston Qahramoni“ degan yuksak unvonga sazovor boʻldi.

U I va II chaqiriq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputati.

Sheʼrlar[tahrir]

Birinchi Muhabbatim!


Kecha oqshom falakda oy boʻzarib botganda,
Zuhra yulduz miltirab, xira xanda otganda,
Ruhimda bir maʼyuslik, sokinlik uygʻotganda,
Men seni esga oldim, birinchi muhabbatim.
Eslab hayolga toldim, birinchi muhabbatim.

Oʻtdi yoshlik zavq bilan, gohi toʻpolon bilan,
Gohida yaxshi bilan, gohida yomon bilan,
Ayri ham tushdim baʼzan qalb bilan, imon bilan,
Lekin seni yoʻqotdim, birinchi muhabbatim,
Mangu gʻaflatda qotdim, birinchi muhabbatim.

Dunyo degan shundayin anglab boʻlmas sir ekan,
Goh keng ekan, gohida tuynuksiz qasr ekan.
Lekin inson hamisha bir hisga asir ekan…
Nechun bilmovdim avval, birinchi muhabbatim,
Parvo qilmovdim avval, birinchi muhabbatim.

Holbuki orzulardan judo ham boʻlganim yoʻq,
Yulduzday kulganim yoʻq, oy kabi toʻlganim yoʻq.
Erta xazon gul kabi sargʻayib soʻlganim yoʻq,
Seni eslab yigʻlayman, birinchi muhabbatim,
Eslab bagʻrim tigʻlayman, birinchi muhabbatim.

Yoʻlin yoʻqotsa odam — muhabbatga suyangay,
Gʻussaga botsa odam — muhabbatga suyangay.
Chorasiz qotsa odam — muhabbatga suyangay,
Men kimga suyangayman, birinchi muhabbatim,
Faqat eslab yongayman, birinchi muhabbatim.

Nido bergil, qaydasan, sharpangga quloq tutdim,
Sirli tushlar koʻrib men bor dunyoni unutdim.
Tongda turib nomingga ushbu sheʼrimni bitdim,
Dildagi ohim mening, birinchi muhabbatim,
Yolgʻiz Ollohim mening, birinchi muhabbatim.


Ketmoqdaman


Yaxshi qol, ey, dilbarim, dilda kadar, ketmoqdaman,
Ishq aro endi holim zeru zabar ketmoqdaman.

Na ishonchu na quvonchu na koʻngildan gapni och,
Barchasidan ushbu kun yoʻqdir samar, ketmoqdaman.

Men quyosh yuzlimga deb, tun-kechalar berdim yurak,
Oqibat otganda tong qondir jigar, ketmoqdaman.

Necha kunlar oʻtdi, lekin soʻrmading holimni bir,
Oxirida hol soʻrab kelsang magar, ketmoqdaman.

Kelganimda dedilarki, bu yigit koni zarar,
Ketmagimdan, oxir ayt, bormi zarar, ketmoqdaman.

Bilmadim, hech bormikin asli dardimga shifo,
Xasta bu Abdulladan olgin xabar, ketmoqdaman.


Shoir Yuragi


Oʻtar bu koʻprikdan jamiki jonzod,
Chumolidan tortib fillar ham oʻtar.
Sultonlar oʻtadi goh shod, goh noshod,
Zanjirlarin sudrab qullar ham oʻtar.

Elchilarga oʻxshab turfa zamondan,
Shaloq aravalar, «mers»lar oʻtadi.
Roʻbaroʻ kelishib ikki tomondan,
Bir-biriga tamom terslar oʻtadi.

Suyishganlar oʻtar suyab bir-birin,
Buzuvchilar oʻtar, oʻtar ustalar.
Hushyorlar oʻtadi tejab koʻz qirin,
Oʻtadi emaklab piyonistalar.

Oʻtib borayotir ana juft guruh,
Biri sh’oʻx, birovin koʻzlarida nam.
Yetaklab bormoqda birini shukuh,
Boshqa birovini yetaklagan gʻam.

Oliftalar oʻtar gʻarib siyrati,
Botirlar oʻtadi — qalbida oʻtlar.
Beshiklar oʻtadi — dunyo ziynati,
Oʻtadi lapanglab, vazmin tobutlar.

Muttasil bu yoʻlda keladi toʻqnash,
Nur bilan zulumot, oʻlim va hayot.
Bu koʻprik olamning oʻziga oʻxshash,
Bir farqi — sohibi ixtiyorsiz zot.

Koʻprik ostidagi joʻsh urgan daryo,
Suv emas — oʻtganlar taxir koʻz yoshi.
Har neni koʻtargan bir oʻzi tanho,
Bor na taʼmirchisi, na bir yukdoshi.

Bu koʻprik, bu koʻprik qulasa agar,
Ne hislar qolardi sarson — sargardon.
Garchi qismatida bor qancha xatar,
Har nechuk bariga u balogardon…

Asarlari[tahrir]

  • Oripov A. Saylanma. Toshkent: „Sharq“, 1996.
  • Oripov A. Asarlar (4 jildlik). Toshkent Gʻ. Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyoti, 2001.
  • Aripov A. Veter Rodini. Moskva. „Sov. pisatel“. 1975 Aripov A. Veter moego kraya. Moskva. Xudoj. Lit. 1988.

Adabiyotlar[tahrir]

Shuningdek Qarang[tahrir]