Zaynulla Rasulev

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Zaynulla Rasulev
boshqirdcha: Зәйнулла Рәсүлев, ruscha: Зайнулла́ Расу́лев
Shaxsiy maʼlumotlar
Tavalludi 25-mart 1833-yil
Vafoti 2-fevral 1917-yil(1917-02-02)
(83 yoshda)
Troitsk, Chelyabinsk viloyati, Rossiya
Dini Islom
Kasbi diniy yetakchi, jadid

Zaynulla Rasulev (Zaynulla bin Xabibulla bin Rasūl; boshqirdcha: Зәйнулла Рәсүлев, ruscha: Зайнулла́ Расу́лев, 1833-yil 25-mart — 1917-yil 2-fevral) 19-asr va 20-asr boshlarida yashab ijod qilgan boshqird diniy yetakchisi. U jadidchilikning eng muhim namoyandalaridan biri, ilk jadidchilik madrasalaridan birining tashkilotchisi sifatida eʼtiborga sazovordir.

Hayoti[tahrir | manbasini tahrirlash]

Zaynulla Rasulev qabriga kirish qismi

Zaynulla Rasulev 1833-yilda Orenburg gubernatorligining Verxeuralsk viloyatidagi Sharip qishlogʻida (bu vaqtda Rossiyaning Boshqirdiston Respublikasi, Uchalinskiy tumani tasarrufida) mahalliy islom jamoasi mullasining oilasida tugʻilgan. Avval oʻz qishlogʻidagi madrasada, keyin Troitskdagi madrasada taʼlim olgan. Taʼlimni yakunlaganidan soʻng, u imomlik faoliyatini boshlagan. 1858-yildan Yoʻldosh qishlogʻida (hozirgi Boshqirdistonning Uchalin tumanida) imom xatiblik qilgan.

Zaynulla talabalik yillaridayoq tasavvufga qiziqib qolgan. 1859-yilda Naqshbandiya tasavvufiy tariqati tarkibiga kirgan. 1869—1870-yillarda Istanbulda shayx Ahmad Ziyouddin Gumushhaneviydan individual tarzda taʼlim olgan. Undan ijoz yoki soʻfiy Naqshbandiy taʼlimotini oʻrgatishlikka ruxsat olgan. Keyinchalik haj ziyoratini amalga oshirgan. Boshqirdistonga qaytgach, mahalliy soʻfiylik urf-odatlariga bir qancha yangiliklar kiritgan, jumladan, baland ovozda zikr aytish, mavludni nishonlash (Islom paygʻambari Muhammadning tavallud kuni), munchoq taqish va hokazolarni targʻib qilgan.

Zaynulla Rasulev soʻfiylikni targʻib qilgani uchun taʼqiblarga uchragan, mahalliy konservativ mullalar va asosiy islom amaldorlari uni bid’atlarni tarqatishda va hokimiyat faoliyatiga putur yetkazishda ayblaganlar. Ularning yozma qoralashi bilan Zaynulla Rasulev hibsga olinib, surgunga joʻnatilgan. Zlatoust (sakkiz oy), Nikolsk (Vologda viloyati) (1873—1876) va Kostromada (1876—1881) ketma-ket surgunda umr kechirishiga toʻgʻri kelgan.

1881-yilda u surgundan qaytib, Boshqirdistonning Oqqoʻja qishlogʻida diniy rahnamolik faoliyatini davom ettiradi. U ikkinchi marta haj ziyoratiga boradi. 1884-yildan Rasulev Troitskdagi shahar masjidining imomi lavozimini egallaydi. Keyinchalik Uraldagi birinchi jadid oʻquv yurtlaridan biri boʻlgan Rasuliya madrasasini tashkil etadi. Uning koʻplab shogirdlari va izdoshlari boʻlgan. Keyinchalik, ularning katta qismi Rossiyadagi eng nufuzli musulmon rahbarlari sifatida faoliyat yuritgan

Zaynulla Rasulev 1917-yil 2-fevral sanasida vafot etgan. U Troitskdagi eski musulmon qabristoniga dafn etilgan.

Boshqird xalqining xotirasida Zaynulla Rasulev tomonidan amalga oshirilgan moʻjizalar va shifobaxsh harakatlar haqida koʻplab afsonalar saqlanib qolgan[1].

Uning oʻgʻli Gabduraxman Rasulev ham boshqird diniy rahbari boʻlgan[2].

Boshqirdistonning Uchali shahridagi Zaynulla-Ishon nomidagi masjid

Xotirasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • 2009-yilda Boshqirdistonning Uchali shahrida Zaynulla-Ishon nomidagi masjid ochilgan[3].
  • 2008-yilda Rossiyaning Ufa shahridagi koʻchaga Zanulla Rasulev nomi berilgan[4].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Bashҡorttoң bөyөk shәyexe \\ The great shekh of Bashkirs. Article in the newspaper Yeshlek (‘’Yәshlek’’)(boshqirdcha)
  2. Yunusova A. B. Islam v Bashkortostane. — M.: Logos, 2007. — 96 s. (Islam v Rossii / pod red. A. V. Malashenko)(ruscha)
  3. V Uchalax otkroetsya mechet imeni Zaynulli Rasuleva(ruscha)
  4. Reshenie Soveta gorodskogo okruga gorod Ufa Respubliki Bashkortostan ot 31 iyulya 2008g. № 6/17(ruscha)

Havolalar[tahrir | manbasini tahrirlash]