Kontent qismiga oʻtish

Yazgʻulom tizmasi

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Yazgʻulom tizmasiGʻarbiy Pomirdagi togʻ tizmasi (Tojikiston). Yazgʻulom va Bartang daryolari oraligʻida. Janubi-gʻarbdan shimoli-sharqqa 170 km ga choʻzilgan. Oʻrtacha balandligi 4500–6000 m, eng baland joyi 6974 m. Tizmada Vudar, Lapizar, Arganax, Ubagi va boshqalar choʻqqilar bor. Bir qancha dovonlar (Odudi, Rosht—Jirkutan, Bidjirov) mavjud. Suvayirgʻich qismi qoyali, abadiy qor va muzliklar bilan qoplangan. Pomirdagi Fedchenko, Grumm-Grjimaylo, Yazgʻulom kabi eng yirik muzliklar Yazgʻulom tizmasining baland qismidan boshlanadi. Tizmaning yon bagʻirlari tik, qoyali, Yazgʻulom daryosining chap irmoqlari, Bartang daryosining oʻng irmoqlari bilan chuqur kesilgan. Yazgʻulom tizmasi ning Yazgʻulom va Bartang daryolari oʻzanlaridan suvayirgʻich qismigacha balandligi 3000–4000 m. Paleozoy va mezozoy davrlarining kvarsit, gilli slanes, qumtosh, granit, granodiorit, gil va boshqalar togʻ jinslaridan tashkil topgan. Yazgʻulom tizmasida 100 dan ortiq muzlik boʻlib, ularning umumiy maydoni 670 km²dan ziyod. Tizmada siyrak oʻtli balandtogʻ, chala choʻl, dasht oʻsimliklari tarqalgan. Yon bagʻirlarida archa, daryo qayirlarida tol, terak, qayin daraxtlari oʻsadi. Yazgʻulom tizmasining baland qismlari subalp, alp oʻtloqlari, doimiy qor va muzliklar mintaqasidan iborat. Daryo vodiylaridan quyi qismlarida tutzor, oʻrikzor, yongʻoqzor, tokzorlar bor.