Qayir

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Qayir — daryo toshgan paytda vodiy tubining suv bosadigan qismi; zamini oʻzan allyuviylaridan, usti esa suv toshqini paytida oqizib keltiriladigan choʻkindi jinslardan iborat. Baʼzan qadimiy allyuvial jinslardan tashkil topgan eng pastki, ona jins qatlamlari ham ochilib qoladi. Q.ning oʻzanga yaqin qismlarida yirik donali allyuviylar toʻplanib, joʻyaklar va marzalar hosil qiladi (oʻzanboʻyi Q.). Q. oʻrtasiga tomon tobora mayda oqiziqlar choʻkadi (markaziy Q). Baland qirgʻoqlarga yaqin joyga faqat loyqa zarrachalargina yetib boradi, bu yerda Q. ancha past va botqoqlashgan boʻladi (terrasa boʻyi Q). Q. yuzasida halqoblar, daryoning eski oʻzani, tarmoqlarining izi uchraydi.

Q daryo oʻzanining yon taraflarga oʻzgarishi natijasida yuzaga keladi. Suv sarfi bir meʼyorda boʻlmagan tekislik daryolarining Qlari keng (20–40 km) boʻladi. Tektonik bukilmalarda oqadigan daryo Q.larining kengligi bukilmaning kattakichikligiga bogʻliq. Q. relyefining shakllanishiga oʻsimliklar ham taʼsir koʻrsatadi. Q oʻtloklari eng yaxshi yemxashak manbai hisoblanadi. Tuprokdari juda unumdor boʻladi. Suv bosgan davrda Q.da baliqlar uvuldiriq tashlaydi, shu sababli Q baliqchilik xoʻjaligida muhim ahamiyatga ega. Kichikroq togʻ daryo Qlarning allyuviy yotqiziqlarida foydali qazilmalarning sochma konlari (oltin, platina, kasseterit va boshqalar) uchraydi. Qum va shagʻal qurilish xom ashyossi sifatida ishlatiladi.