Kontent qismiga oʻtish

Yalpiz

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Yalpiz — labguldoshlar oilasiga mansub koʻp yillik oʻtsimon oʻsimliklar turkumi, dorivor va efirmoyli oʻsimlik. Shimoliy yarim sharning iliq iqlimli mintaqalarida 20-25 turi tarqalgan. Yevropa mamlakatlari, AQSH, Ukraina, Belarus va Shimoliy Kavkazda yalpizning taxir (achchiq) yalpiz va jingalak yalpiz, Xitoy, Hindiston, Braziliya va boshqalar mamlakatlarda dalayoki suv yalpiz turlari ekiladi. Oʻzbekistonda 4 turi: suv yalpiz, osiyo yalpizi, taxir (achchiq) yalpiz va jingalak yalpiz yovvoyi holda oʻsadi, Poyasi tik shoxlangan, boʻyi 25–100 sm gacha, barglari qarama-qarshi joylashgan, rombsimon, nashtarsimon yoki tuxumsimon, gullari chala soyabonsimon toʻpgulga yigʻilgan, binafsharang. May–oktabrda gullaydi. Yalpiz yorugʻsevar, namsevar oʻsimlik. Barglarida 2,5— 3 %, gullarida 4—6 %, poyasida 0,3 % mentol (validolning tarkibiy qismi)ga boy boʻlgan efir moyi, shuningdek, flavonoidlar, vitaminlar, oshlovchi moddalar bor. Tibbiyotda yalpiz bargidan tayyorlangan tindirma (nastoyka) va damlamasidan koʻngil ayniganda hamda oʻt haydovchi vosita sifatida foydalaniladi. Barglari va poyasidan olingan yalpiz moyi parfyumeriya, oziq-ovqat sanoatida va tibbiyotda, bahorda yangi chiqqan barglari oshkoʻk sifatida ishlatiladi. Vegetativ (bahorda ildizini boʻlib ekish) yoʻli bilan koʻpaytiriladi. Oʻzbekistonniig barcha viloyatlarida nam yerlarda, ariq va daryo boʻylarida oʻsadi[1].