Dorivor oʻsimliklar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Dorivor oʻsimliklar - odam va hayvonlarni davolash, kasalliklarning oldini olish uchun, shuningdek, oziq-ovqat, atir-upa va kosmetika sanoatida ishlatiladigan oʻsimliklar — giyohlar. Yer yuzida D.oʻ.ning 10—12 ming turi borligi aniqlangan. 1000 dan ortiq oʻsimlik turining kimyoviy, farmakologik va dorivorlik xossalari tekshirilgan. Oʻzbekistonda D.oʻ.ning 700 dan ortiq turi mavjud. Shulardan tabiiy sharoitda oʻsaditan va madaniylashtirilgan 120 ga yaqin oʻsimlik turlaridan ilmiy va xalq tabobatida foydalaniladi. Hoz. davrda tibbiyotda qoʻllaniladigan doridarmonlarning qariyib 40—47% oʻsimlik xom ashyolaridan olinadi. Oʻsimliklar murakkab tuzilishiga ega boʻlgan jonli tabiiy kimyoviy lab. boʻlib, oddiy noorganik moddalardan murakkab organik moddalar yoki birikmalarni yaratish qobili-yatiga ega. D.oʻ.ning quritilgan oʻti, kurtagi, ildizi, ildizpoyasi, tuganagi, piyozi, poʻstlogʻi, bargi, guli, gʻunchasi, mevasi (urugi), danagi, sharbati, qiyomi, toshchoyi, efir moyi va b.dan doridarmon tarzida foydalaniladi.

D.oʻ.ni 2 xil tasniflash qabul qilingan: 1) taʼsir qiluvchi moddalarning tarkibiga qarab — alkaloidli, glikozidli, efir moyli, vitaminli va b., 2) farmakologik koʻrsatkichlariga qarab — tinchlantiruvchi, ogʻriqqoldiruvchi, uxlatuvchi, yurak-tomir tizimiga taʼsir qiluvchi, marka-ziy nerv sistemasini qoʻzgʻatuvchi, qon bosimini pasaytiruvchi va boshqalar. D.oʻ.ning taʼsir etuvchi moddalari alkaloidlar, turli glikozidlar (antraglikozidlar, yurakka taʼsir etuvchi glikozidlar, saponinlar va b.), flavonoidlar, kumarinlar, oshlovchi va shilliq moddalar, efir moylari, vitaminlar, boʻyoq moddalar, fermentlar, fitonsidlar, kraxmal, oqsillar, polisaharidlar, azotli moddalar, moy hamda moy kislotalari va b. birikmalar boʻlishi mumkin.

D.oʻ.ning organizmga taʼsiri uning tarkibidagi kimyoviy birikmalarning miqdoriga bogʻliq. Bu birikmalar oʻsimlikning qismlarida turli miqdorda toʻplanadi. D.ning taʼsirchanlik quvvati hamda sifati yuqori boʻlish davri ularning gullash hamda urugʻlash davrining boshlanishi vaqtiga toʻgʻri keladi. Dorivor moddalar baʼzi oʻsimliklarning kurtagi, bargi yoki poyasida, baʼzi oʻsimliklarning guli yoki mevasida, baʼzilarida ildizi yoki poʻstlogʻida toʻplanadi. Shuning uchun oʻsimliklarning asosan biologik aktiv moddalari koʻp boʻlgan qismi yi-gʻib olinadi. Oʻsimliklarning ildizi, ildizpoyasi, piyozi va tuganagi, odatda, oʻsimlik uyquga kirgan davrda — kech kuzda yoki oʻsimlik uygʻonmasdan oldin — erta bahorda tayyorlanadi. Oʻsimlikning meva va urugʻlari pishib yetilganda yigʻiladi, chunki ular bu paytda dori moddalariga boy boʻladi. Yangi ykgʻib olingan dorivor oʻsimlik mahsuloti tarkibida (yer ustki aʼzolarida 85% gacha, ildizida 45% gacha) nam boʻladi. Bu nam yoʻqotilmasa (quritish yoʻli b-n), oʻsimlik chirib, dori moddalari parchalanib, yaroqsiz boʻlib qoladi.

Odamlar qadim zamonlardan tabiat neʼmatlaridan foydalana boshlaganidan buyen dorivor oʻtlardan kasalliklarni davolashda foydalanib kelganlar. Bundan 3—4 ming yil ilgari Hindiston, Xitoy, Qad. Misr mamlakatlarida shifobaxsh oʻsimliklar haqida maʼlumotlar beruvchi asarlar yozilgan. Sharqda, xususan Oʻrta Osiyo xalq tabobatida D.oʻ.dan foydalanib davolash oʻzining qad. anʼanalariga ega. Shifobaxsh oʻsimliklardan tibbiy maqsadlarda foydalanish borasida Abu Ali Ibn Sinoning "Al-qonun" asarida 476 ga yaqin oʻsimlikning shifobaxsh xususiyatlari va ularni ishlatish usullari toʻgʻrisida maʼlumotlar keltiriladi. Hoz. vaqtda D.oʻ.ning turi koʻpayib, xalq tabobati shifobaxsh oʻsimliklar bilan boyigan. D.oʻ.dan koʻproq, anor, achchiqmiya, bodom, doʻgʻbuy, dorivor gulxayri, yongʻoq, jagʻ-jagʻ, zubturum, isiriq, itburun, omonqora, pista daraxti, sachratqi, choyoʻt, shildirbosh, shirinmiya, shuvoq, yantoq, yalpiz, kiyikoʻt, togʻrayhon, qizilcha, qoqioʻt va b. tarqalgan. Achchiqmiyadan paxikarpin, oqquraydan pesni davolashda qoʻllaniladigan psoralen, isiriqdan garmin, itsigekdan anabazin, omonqoradan galantamin, shildirboshdan sferofizin va b. alkaloidlar olinadi. Anor pustidan gijja haydovchi pelterin tanat va ekstrakt tayyorlanadi. Dorivor gulxayri preparatlari balgʻam koʻchiruvchi va yumshatuvchi, jagʻ-jagʻ va lagoxilusdan tayyorlangan dorilari qon ketishini toʻxtatuvchi, pista bujgʻuni va choyoʻtdan tayyorlangan dorilar meʼdaichak kasalliklarini davolashda ishlatiladi. S.Q. Islombekov nomidagi Toshkent farmatsevtika zdida Oʻzbekistonda oʻsadigan va ekiladigan D.oʻ.dan turlituman dorilar tayyorlanadi. D.oʻ.ni topish va ulardan alkoloidlar olishda Oʻzbekistan FA Oʻsimlik moddalari kimyosi institutining xizmati katta. Intda 4000 dan ortiq oʻsimlikning turli organlari alkoloid olish maqsadida oʻrganilib, ulardan 1000 ga yaqin tabiiy birikmalar ajratib olingan. Shu asosda sitizin, galantamin kabi 20 dan ortiq qimmatli preparat yaratilgan va tibbiyotga joriy qilingan. Oʻzbekiston FA Botanika instituti va Botanika bogʻining efir moyli, dorivor va boʻyoqli oʻsimliklar lab. ilmiy xodimlari mutaxassislar bilan hamkorlikda Oʻrta Osiyo hududida koʻp tarqalgan yuqumli kasalliklardan eng xavflisi sariq (gepatit)ni davolashda ekologik jihatidan toza, samaradorligi yuqori boʻlgan D. oʻ. lar xom ashyolaridan tayyorlangan "Safro haydovchi Hojimatov yigʻmasi"ni yaratdilar va bu yigʻma ilmiy tibbiyotda qoʻllashga va ishlab chiqarishga ruxsat etildi (1997). Shuningdek, SamDU Botanika kafedrasida, Toshkent davlat farmatsevtika intida D.oʻ.ni ekib yetishtirish texnologiyasi oʻrganilmoqda. Toshkent, Namangan, Jizzax, Samarqand, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlarida va Xorazm Maʼmun akademiyasida D.oʻ. yetishtiradigan maxsus xoʻjaliklar bor. Yovvoyi D.oʻ. xom ashyolari asosan "Oʻzfarmsanoat" respublika davlat-aksiyadorlik konserni, matlubot shirkatlari va Oʻzbekistan Qishloq va suv xoʻjalik vazirligining "Shifobaxsh" ishlab chiqarish birlashmasi xoʻjaliklari tomonidan tayyorlanadi (yana q. Fitoterapiya).

Adabiyot[tahrir]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  • Xolmatov H.X., Habibov Z. H., Farmakognoziya [Darslik], T., 1967; Nabiyev M, Shifobaxsh giyoxlar, T., 1980; Hojimatov Q., Olloyorov M. , Oʻzbekistonning shifobaxsh usimliklari va ularni muhofaza qilish, T., 1988; Xoliqov K., Oʻzbekiston janubidagi dorivor oʻsimliklar, T., 1992; Hoji matov Q.H., Yoʻldoshev K.Y., Shogulomov U.Sh., Hojimatov O.Q., Shifobaxsh giyoxlar dardlarga malham (Fitoterapiya), T., 1995; M urdoxayev Yu.M. Kultura lekarstvennix rasteniy v Oʻzbekistane, T., 1988. Qahhor Hojimatov.