Kontent qismiga oʻtish

Xorazm raqsi

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Xorazm raqsi — oʻzbek xalq raqs uslubi. Xorazm vohasida qadim zamonlardan shakllangan va asrlar davomida rivojlanib kelgan.

Xorazm raqsida gavdaning beldan yuqori qismi orqaga tashlanganroq, kuraklar bir-biriga yaqin, tizzalar biroz egik, oyoq uchlari yonga ochilganroq boʻladi. Xotin-qizlarda rasmiy holatda barmoq uchlari pastga qaratiladi, tirsaklar biroz bukiladi, yigitlarda qoʻllar choʻzilgan, tirsaklar toʻgʻri boʻlib, barmoqlar yuqoriga, kaftlari yonga qaratiladi. Xotin-qizlar bilaklariga zang (mayda qoʻngʻiroqchalar) taqib oʻynaydilar. Boshlaridagi taqyatuzi, peshonalariga bogʻlangan manglaytuzi, koʻkraklariga osilgan shokilalar, quloqlaridagi sirgʻalar, bilaklaridagi bilakuzuklar ham raqs usullariga moye tushib, umumiy raqs obrazini yaratishga xizmat qiladi. Yigitlar ustiga toʻq rangli kamzul, boshlariga chugurma kiyib oʻynaydilar. Raqs jarayonida barmoqlarni qarsillatib, gʻoz turib oʻynash, gavda, qoʻldastalarni titratish, yelka qoqish, choʻkka sakrash, qayrokdarda usul berish ayollar va erkaklar raqsiga birday xos.

Chugurma (Ichan qal’a)

Xorazm raqsi harakatlarga boy. Bizgacha yetib kelgan "Chagʻalloq", "Norim-norim", "Aliqambar", "Orazibon", "Moʻri", "Xoʻbbimboy", "Shirinnovvot" oʻyinlari ijrosida oʻgʻlon raqqoslar va masxarabozlar oʻzini koʻrsatgan boʻlsa, "Ashshadaroz", "Maqom ufori" kabi raqslarda raqqosalar ustunlik qilgan. "Lazgi" raqs turkumi ijrosida erkak va ayol raqs ustalari birday mahorat bilan oʻynaydilar. Eng mashhur Onajon xalfa Sobirova (1885-1952) xalfa tomoshasi tarkibini saqlash, garmon chalish va kuylash, raqqoslarni oʻynatishda, ayniqsa, xotin-qizlar raqsini sahnaga olib chiqishda katta xizmat qilgan. S. Ollaberganova, R. Hakimova, R. Otajonovalar Onajon xalfa ansambli ishtirokchilaridir. Xorazm raqsi ijro uslubini, anʼanalarini, yangi ijtimoiy sharoitlarda saqlash va rivojlantirishda Qambar bola, Kanarak bola Saidov, Qodirbergan Otajonov, Karim Ollaberganov, Rimajon Matkarimova, Matlatif Saidov, Latif Zarifov, Xudoybergan toʻqtoʻq, Gavhar Matyoqubova va boshqalarning xizmatlari alohida. Xorazm raqsi uslubi Xorazm viloyat teatri, xalq ansambllari, "Oʻzbekraqs" birlashmasi tasarrufidagi "Lazgi" ansambli faoliyatida davom etib kelmoqda.

  • Qilichev T., Xorazm xalq teatri, T., 1988;
  • Avdeyeva L., Oʻzbek milliy raqsi tarixidan, T., 2001;
  • Kari mova R., Oʻzbek raqslari, T., 2003.