Kontent qismiga oʻtish

Xiva rus-tuzem maktabi

Koordinatalari: 41°22′37″N 60°21′36″E / 41.376843775395166°N 60.36003963344518°E / 41.376843775395166; 60.36003963344518
Vikipediya, erkin ensiklopediya
Xiva rus-tuzem maktabi
Joylashuvi Xiva, Xorazm viloyati
Koordinatalar 41°22′37″N 60°21′36″E / 41.376843775395166°N 60.36003963344518°E / 41.376843775395166; 60.36003963344518
Turi rus-tuzem maktabi
Arxitektura uslubi Xorazm va Yevropa meʼmorchiligi
Meʼmor Matkarim Neʼmatullayev
Asoschi Komil Xorazmiy yoki Islomxoʻja
Asos solinishi 1884, 1891, 1910, 1913-yil
Binolar 2 qavatli bino
Qarovchi Xorazm viloyati Madaniy meros boshqarmasi
Qurilish materiali pishiq gʻisht
Map
Xiva rus-tuzem maktabi xaritada

Xiva rus-tuzem maktabi – Xorazm viloyati, Xiva shahridagi meʼmoriy yodgorlik. Xiva xonligining bosh vaziri Islomxoʻja tomonidan 1910-yil yoki 1913-yilda qurilgan. Boshqa manbalarda esa Xiva rus-tuzem maktabi 1884-yilda Komil Xorazmiy tashabbusi bilan Muhammad Rahimxon II koʻmagida ochilgan. Hozirda Xiva shahri, „Ichan qalʼa“ MFYda joylashgan boʻlib, Xorazm viloyati madaniy meros tasarufida. UNESCOning Oʻzbekistondagi Butunjahon merosi roʻyxatida turadi[1].

1910-yilda Xiva xonligining bosh vaziri Islomxoʻja tomonidan Islomxoʻja madrasasining qarshisida rus-tuzem maktabi qurilgan[1]. Boshqa manbada 1913-yilda Islomxoʻja tomonidan pishiq gʻishtdan Yevropa meʼmorchiligi uslubida qurdirilgan[2]. Ayrim manbalarda, jumladan tarixchi Nemʼatjon Polvonovga koʻra, Xiva rus-tuzem maktabi Komil Xorazmiy tashabbusi bilan Muhammad Rahimxon II homiyligida qurilgan[3], bunga sabab esa 1883-yilda Komil Xorazmiyning Muhammad Rahimxon II bilan Moskva va Sankt-Peterburg shaharlariga qilgan safari, rus madaniyati, taʼlimi va sanʼati bilan tanishishi boʻlgan[4]. 1887-yilda ushbu rus tuzem-maktabida 11 nafar oʻquvchi taʼlim olgan.1891-yilda ushbu rus-tuzem maktabi haqida Turkiston viloyatining gazetida xabar chop etilgan.[4] Begali Qosimovga koʻra, Xiva rus-tuzem maktabi 1891-yilda ochilgan[5].

Xiva rus-tuzem maktabi ikki qavatli boʻlib, yevropacha uslubda barpo etilgan. Xiva rus-tuzem maktabining meʼmori Matkarim Neʼmatullayevdir. Xiva rus-tuzem maktabining umumiy uzunligi 21,07 metr boʻlib, ikkita dahliz va sakkizta xonadan iborat. Birinchi qavatining balandligi 3,35 metr, ikkinchi qavatining balandligi 2,55 metrni tashkil etgan. Xiva rus-tuzem maktabida xon va amaldorlarning farzandlari oʻqitilgan. Unda ikki yillik dastur asosida tilmochlar (tarjimonlar) tayyorlangan. Xiva rus-tuzem maktabi birinchi oʻqituvchilari Husayn Qoʻshayev va Komila Qoʻshayeva hisoblanadi[6]. Eski maktabdan farqli ravishda ushbu rus-tuzem maktabi doska va partalar bilan jihozlangan[2]. Ular tomonidan tayyorlangan oʻquv dasturida rus tili, ona tili, geografiya, Xiva tarixi hamda uy xizmatchisi vazifalari oʻrgatiladigan fanlar oʻqitilgan. Xiva rus-tuzem maktabi 1920-yildan soʻng dastlabki sovet maktablaridan biriga aylantirilib, unda oʻqituvchi kadrlar tayyorlangan[6]. 1990-yil 18-avgustda Xiva rus-tuzem maktabi binosida „Xalq taʼlimi tarixi“ muzeyi ochilgan. 2004-yilda bino qayta taʼmirlanib birinchi qavatda birinchi oʻzbek foto suratchisi va kino operatori Xudoybergan Devonovning doimiy koʻrgazmasi, ikkinchi qavatda esa „Xalq taʼlimi tarixi“ muzeyi joylashtirilgan[1].