Volfgang Amadey Motsart

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Wolfgang Amadeus Mozartdan yoʻnaltirildi)
Volfgang Amadey Motsart
Volfgang Amadey Motsart
Bastakor
Tavallud sanasi: 27-yanvar, 1756-yil(1756-01-27)
Tavallud joyi: Zalsburg
Vafot sanasi: 5-dekabr, 1791-yil(1791-12-05)
(35 yoshda)
Vafot joyi: Vena

Volfgang Amadey Motsart (Wolfgang Amadeus Mozart; 27-yanvar, 1756, Zalsburg5-dekabr, 1791, Vena) klassik eraning mashhur va koʻp taʼsir koʻrsatgan bastakori boʻlgan. Uning 600 dan ortiq kompozitsiyalari orasida simfoniya, konserto, kamer, pianino, opera va xor uchun yozilgan asarlar bor. Motsartning ishlaridan boshqa koʻpgina bastakorlar ilhomlanishgan, va uning asarlari hamon orkestrlarning standart repertuarlaridan joy olgan.

Motsart — avstriyalik kompozitor. Vena klassik maktabining yirik namoyandasi. Sozanda, oʻqituvchi va kompozitor. Leopold Motsartning oʻgʻli va shogirdi. Yoshligidanoq noyob musiqiy isteʼdod va xotira egasi, virtuoz sozanda (pianinochi, skripkachi), mohir dirijyor va kompozitor sifatida tanilgan: 5 yoshidan ilk musiqa asarlarini ijod etgan, 6 yoshdan butun Yevropa boʻylab gastrolda boʻlgan. 1770 yildan Bolonya Filarmoniya akademiyasi aʼzosi. Zalsburg knyazarxiyepiskop saroyida konsertmeyster (1769—77) va organchi (1779—81), Avstriya imperatori Iosif II saroyida musiqachi va kompozitor (1787 yildan).

Maʼrifatchilik davri gʻoyalari taʼsiri ostida kamol topgan Motsartning ijodi 18-asrning badiiy choʻqqilaridan biri. Motsart uslubida klassik tizimga xos ratsionalizm mezonlari bilan birga sentimentalizm xususiyatlari oʻzaro tutashgan. Keng qamrovli musiqiy-badiiy obrazlar dunyosida joʻshqinlik va chuqur ehtiros, iroda va matonat, ayni paytda nafislik va mayinlik xususiyatlari keng oʻrin olgan. Uning shodlik, xushchaqchaq tuygʻularga boy, hayotbaxsh ijodida fojia mavzulari, dard-alam kayfiyatlari ham chuqur ifoda topgan.

Eng yirik musiqa ustalari oʻrtasida Motsart oʻz ijodining serqatlamligi va kengligi bilan ajralib turadi. Motsart deyarli barcha musiqa janrlariga murojaat etib, 600 ga yaqin asar yaratgan, musiqa tarixida goʻzallik va mukammal garmoniya timsoli sifatida oʻz nomini qoldirgan. Motsart operaning yangi turlarini yaratgan. „Figaroning uylanishi“ opera-komediyasi (1786), „Don Juan“ opera-dramasi (1787), „Seholi fleyta“ milliy opera-ertagi (1791) (jami 17 ta) jahon musiqali teatri xazinasining durdonalariga aylangan. Bulardan „Zaida“ (1780), „Haramdan olib qochish“ (1782), „Qohira gʻozi“ (1783) kabi operalarida Sharq mavzulariga murojaat qilgan. Motsart ijodida simfoniya (50 ga yaqin), cholgʻu konsert (40 ga yaqin), torli kvartet (23 ta), fortepiano sonatasi (21 ta) rivoj topdi. Motsart, shuningdek, turli cholgʻu asarlar, kantata, messa, kamer ansambllar, qoʻshiqlar muallifi. Uning soʻnggi asari — „Rekviyem“ (1791, shogirdi F. Zyusmayer tugallagan) mazkur janrning mumtoz namunasiga aylangan. Zalsburgda xalqaro „Motsarteum“ (tarkibida ilmiy, oʻquv, konsert boʻlimlari mavjud) muassasasi faoliyat koʻrsatmoqda (1880-yildan).

Adabiyot[tahrir]

  • Levik V.,Chet el musiqasi tarixi T., 1984.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil