Wolfgang Amadeus Mozart

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Volfgang Amadey Motsartdan yoʻnaltirildi)
Wolfgang Amadeus Mozart
Tavalludi 27-yanvar 1756-yil
Vafoti 5-dekabr 1791-yil(1791-12-05)
(35 yoshda)
Vena
Fuqaroligi Archbishopric of Salzburg
Otasi Leopold Mozart
Onasi Anna Maria Mozart

Wolfgang Amadeus Mozart (27-yanvar, 1756, Zalsburg — 5-dekabr, 1791, Vena) klassik eraning mashhur va koʻp taʼsir koʻrsatgan bastakori boʻlgan. Uning 600 dan ortiq kompozitsiyalari orasida simfoniya, konserto, kamer, pianino, opera va xor uchun yozilgan asarlar bor. Mozartning ishlaridan boshqa koʻpgina bastakorlar ilhomlanishgan va uning asarlari hamon orkestrlarning standart repertuarlaridan joy olgan.

Mozart — avstriyalik kompozitor. Vena klassik maktabining yirik namoyandasi. Sozanda, oʻqituvchi va kompozitor. Leopold Mozartning oʻgʻli va shogirdi. Yoshligidanoq noyob musiqiy isteʼdod va xotira egasi, virtuoz sozanda (pianinochi, skripkachi), mohir dirijyor va kompozitor sifatida tanilgan: 5 yoshidan ilk musiqa asarlarini ijod etgan, 6 yoshdan butun Yevropa boʻylab gastrolda boʻlgan. 1770-yildan Bolonya Filarmoniya akademiyasi aʼzosi. Zalsburg knyazarxiyepiskop saroyida konsertmeyster (1769—77) va organchi (1779—81), Avstriya imperatori Iosif II saroyida musiqachi va kompozitor (1787-yildan).

Maʼrifatchilik davri gʻoyalari taʼsiri ostida kamol topgan Mozartning ijodi 18-asrning badiiy choʻqqilaridan biri. Mozart uslubida klassik tizimga xos ratsionalizm mezonlari bilan birga sentimentalizm xususiyatlari oʻzaro tutashgan. Keng qamrovli musiqiy-badiiy obrazlar dunyosida joʻshqinlik va chuqur ehtiros, iroda va matonat, ayni paytda nafislik va mayinlik xususiyatlari keng oʻrin olgan. Uning shodlik, xushchaqchaq tuygʻularga boy, hayotbaxsh ijodida fojia mavzulari, dard-alam kayfiyatlari ham chuqur ifoda topgan.

Eng yirik musiqa ustalari oʻrtasida Mozart oʻz ijodining serqatlamligi va kengligi bilan ajralib turadi. Mozart deyarli barcha musiqa janrlariga murojaat etib, 600 ga yaqin asar yaratgan, musiqa tarixida goʻzallik va mukammal garmoniya timsoli sifatida oʻz nomini qoldirgan. Mozart operaning yangi turlarini yaratgan. „Figaroning uylanishi“ opera-komediyasi (1786), „Don Juan“ opera-dramasi (1787), „Seholi fleyta“ milliy opera-ertagi (1791) (jami 17 ta) jahon musiqali teatri xazinasining durdonalariga aylangan. Bulardan „Zaida“ (1780), „Haramdan olib qochish“ (1782), „Qohira gʻozi“ (1783) kabi operalarida Sharq mavzulariga murojaat qilgan. Mozart ijodida simfoniya (50 ga yaqin), cholgʻu konsert (40 ga yaqin), torli kvartet (23 ta), fortepiano sonatasi (21 ta) rivoj topdi. Mozart, shuningdek, turli cholgʻu asarlar, kantata, messa, kamer ansambllar, qoʻshiqlar muallifi. Uning soʻnggi asari — „Rekviyem“ (1791, shogirdi F. Zyusmayer tugallagan) mazkur janrning mumtoz namunasiga aylangan. Zalsburgda xalqaro „Mozarteum“ (tarkibida ilmiy, oʻquv, konsert boʻlimlari mavjud) muassasasi faoliyat koʻrsatmoqda (1880-yildan).

Adabiyot[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Levik V.,Chet el musiqasi tarixi T., 1984.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil