Vikipediya:Imlo va grammatika

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Vikipediya:ORFOdan yoʻnaltirildi)
Navigatsiya qismiga oʻtish Qidirish qismiga oʻtish
Qisqartma:
  • VP:ORFO
Xato andozasi uchun.svg

Oʻzbekcha Vikipediyaga hissa qoʻshish uchun oʻzbek tilini muayyan darajada bilishingiz zarur, chunki barcha maqolalar oʻzbek tilida yoziladi (oʻzbekcha Vikipediya deb nomlanishining sababi ham shu). Lekin koʻplab qimmatli foydalanuvchilarimizning ona tili oʻzbek tili emas.

Ona tili oʻzbek tili boʻlmaganlar tilni turli darajada bilishadi. Bundan ham muhimi, ona tili oʻzbek tili boʻlganlar ham tilni turli darajada oʻzlashtirishgan. Shuning uchun ham ular Vikipediyaga qoʻshayotgan hissalari, xususan, yaratayotgan maqolalari sifat jihatdan bir-biridan keskin farq qiladi.

  • Baʼzi maqolalardagi gaplar umuman tushunarsiz boʻlib, ularni tuzatish uchun deyarli boshdan-oyoq tahrir qilish kerak. Bunday maqolalar safiga mashina tarjima qilgan (Google Translate, Yandex Translate va boshqalar) kontent yaqqol misol boʻla oladi.
  • Ayrim maqolalar ulardagi grammatik va imlo xatolarini bartaraf etish uchun obdon tahrir qilinishi kerak.
  • Ayrim maqolalarda sheva soʻzlar yoki xorijiy tillardagi soʻzlar ishlatilgan.
  • Nihoyat, oʻzbekcha Vikipediyadagi eng dolzarb muammolardan biri shundaki, yangi foydalanuvchilar lotin yozuvida „oʻ“ va „gʻ“ harflarini hamda tutuq belgisini yozishda Vikipediyada qabul qilingan belgilarni ishlatmaydilar.

Oʻzbekcha Vikipediya foydalanuvchilari uchun grammatik va imloviy xatolarga toʻla, bundan ham muhimi, mujmal va tushunarsiz kontent muammodir. Quyida bu muammolarni hal qilishda qoʻl kelishi mumkin boʻlgan ayrim koʻrsatmalar bilan tanishishingiz mumkin.

Mashina tarjimasi[manbasini tahrirlash]

Vikipediya uchun ishlab chiqilgan tarjimon skrinshoti

Keyingi yillarda onlayn tarjimonlar boshqa tillardan, ayniqsa, inglizcha va ruschadan oʻzbekchaga va, aksincha, oʻzbekchadan boshqa tillarga nisbatan yaxshi tarjima qila boshladi. Ammo mashina tarjimasida kamchiliklar juda koʻp. Mavjud mashina tarjimonlar orasida Google Translate eng sifatli tarjima qila boshlagan. (Google Translate 2020-yillar boshiga qadar „I am not from Uzbekistan“ kabi sodda gapni „Men Oʻzbekiston emasman“ deb tarjima qilar edi.[1])

Vikipediyada ham mashina yordamida maqola tarjima qilish yoʻlga qoʻyilgan. Bu asbobning nomi Content Translation boʻlib, u Google Translate va Yandex Translatega tayanadi. Asbob Vikipediyada maqola yaratishni osonlashtiradi, chunki u yangi foydalanuvchilarga Vikipediya sahifalariga osonlik bilan bilgiquti, maqola, jadval va manba qoʻshish imkonini beradi. Qolaversa, asbob original matndagi barcha formatlashni yangi yaratilayotgan maqolaga avtomatik tarzda olib oʻtadi.

Ammo Google Translate ham, Yandex Translate ham boshqa tillardagi kontentni oʻzbek tiliga past sifatda oʻgiradi. Shuning uchun Content Translation yordamida maqola tarjima qilayotganda har bir jumla va atamani yaqindan tekshirib chiqish tavsiya qilinadi. Xususan, tarjimon maqola nomini oʻzbek tiliga toʻgʻri oʻgirganiga amin boʻlish kerak. (Masalan, 2022-yilda Content Translation inglizcha innovation management atamasini „innovatsiyalarni boshqarish“ oʻlaroq oʻgirdi. Aslida esa oʻzbek tilida bu fan innovatsiya menejmenti oʻlaroq maʼlum.[2])

Imloviy va grammatik xatolar[manbasini tahrirlash]

Imlo xatolari[manbasini tahrirlash]

Hozirgi kungacha Internet brauzerlar uchun bepul oʻzbekcha imlo tekshiruvchi ilova ishlab chiqilmagan. Shuning uchun Oʻzbekcha Vikipediyadagi maqolalar imlosini tekshirish mushkul. Ammo ayrim yechimlar mavjud:

Imlo lugʻatlari[manbasini tahrirlash]

Muayyan soʻzlar imlosini son-sanoqsiz bosma va onlayn lugʻatlarda, jumladan, Vikilugʻatda tekshirish mumkin. Oʻzbekcha Vikilugʻatga Oʻzbek tilining izohli lugʻatida berilgan 80 000 dan oshiq soʻz kiritilgan. U yerda nafaqat oʻzbekcha soʻzlar izohini, balki orfografiyasini tekshirish mumkin. Masalan, „hato“ soʻzini izlab koʻrsangiz, natija chiqmaydi, ammo „xato“ deb yozsangiz, natija chiqadi.

Imlo dasturlari[manbasini tahrirlash]

Matn.uz saytida oʻzbek tilidagi matnni bepul tekshirish mumkin. Dastur xato soʻzlarning toʻgʻri variantlarini taklif qiladi. Savodxon.uz pullik dasturi ayni damda oʻzbek tilidagi eng mukammal imlo dasturidir. Yurida-ORFO dasturi ham mavjud, ammo u pullik va faqat Microsoft Word uchun moʻljallangan.

Grammatik xatolar[manbasini tahrirlash]

Oʻzbek tilida matn grammatikasini tekshiradigan dastur mavjud emas. Shunday boʻlsa-da, oʻzbek tilidagi nufuzli gazeta-jurnallar, kitoblar hamda Internet saytlar, ayniqsa, kitoblar yordamida oʻzbek tili grammatikasini yanada yaxshiroq oʻrganishingiz mumkin.

Kitoblar[manbasini tahrirlash]

Nizomiddin Mahmudov va Abdurahmon Nurmonov qalamiga mansub „Oʻzbek tilining nazariy grammatikasi (sintaksis)“ (1995), Gʻani Abdurahmonov qalamiga mansub „Oʻzbek tili grammatikasi (sintaksis)“ (1996) va koʻplab boshqa qoʻllanmalardan foydalanish mumkin. Ularning aksarini ziyouz.com onlayn kutubxonasida topish mumkin. Qolaversa, oʻzbekcha Vikipediya foydalanuvchilari uchun yaratilgan Telegram guruhda imlo va grammatika bilan bogʻliq savollaringizni berishingiz mumkin.

Sheva va xorijiy soʻzlar[manbasini tahrirlash]

Oʻzbekcha Vikipediyada oʻzbek adabiy tilida, yaʼni qolipga keltirilgan, standartlashtirilgan tilda kontent yaratiladi. Ulugʻ Tursunov hamda Bozorboy Oʻrinboyev standart oʻzbek tilini quyidagicha taʼriflagan:

Oʻzbekcha Vikipediyada shevaga oid soʻzlarni (kissa — choʻntak, satil — chelak) va nostandart qoʻshimchalarni (ketvomman, oʻnlagan), oʻzbekcha muqobili boʻlgan xorijiy soʻzlarni (produkt — mahsulot) ishlatmaslik kerak.

Oʻ va Gʻ harflari hamda tutuq belgisi[manbasini tahrirlash]

Lotin yozuvidan kirill yozuviga oʻgiruvchi konverter

Oʻzbekcha Vikipediyada va harflarini hamda tutuq belgisini yozishda muayyan belgilar ishlatiladi. Oddiy ingizcha apostrof (') ishlatilmasligi kerak. Aks holda Vikipediyada maqolalarni izlash hamda matnni lotin yozuvidan kirill yozuviga oluvchi konverter funksiyalari toʻliq ishlamaydi.

Maxsus belgilar[manbasini tahrirlash]

Oʻ va Gʻ harflari[manbasini tahrirlash]

Oʻzbek tilida (kirill yozuvida ў) va (kirill yozuvida ғ) harflarini yozishda yoki yozuvni oʻzgartuvchi teskari vergul (inglizcha: modifier letter turned comma) (ʻ) (U+02BB), yoki chap yakka tirnoq (inglizcha: left single quotation mark) () (U+2018) qoʻllaniladi. Qaysi belgi ishlatilishi kerakligi rasman belgilanmagan. Shunday boʻlsa-da, Unicode Consortium saytida oʻzbekcha „oʻ“ va „gʻ“ harflarini yozish uchun yozuvni oʻzgartuvchi teskari vergul ishlatilishi kerak, deyilgan.[4]

Unicode kodi Inglizcha nomi Oʻzbekcha nomi Misol
U+02BB modifier letter turned comma yozuvni oʻzgartuvchi teskari vergul Oʻzbekiston
U+2018 left single quotation mark chap yakka tirnoq O‘zbekiston

Oʻzbekcha Vikipediya va boshqa baʼzi bir saytlarda aynan shu belgi ishlatiladi.[5] Aksar davlat saytlari esa chap yakka tirnoqni ishlatishadi.[6] Asosiysi, ishlatilgan belgi chiziqdan yuqorida yozilgan, teshigi boʻyalgan 6 raqamiga oʻxshashi kerak (6). Koʻp shriftlarda bu 180 gradusga aylantirilgan vergulga oʻxshaydi.

Tutuq belgisi[manbasini tahrirlash]

Oʻzbek lotin yozuvida va harflarini yozishda okinasimon belgi ishlatiladi

Oʻzbek tilida tutuq belgisini yozishda yoki yozuvni oʻzgartuvchi apostrof (inglizcha: modifier letter apostrophe) (ʼ) (U+02BC), yoki oʻng yakka tirnoq (inglizcha: right single quotation mark) (’) (U+2019) qoʻllaniladi. Qaysi belgi ishlatilishi kerakligi rasman belgilanmagan. Shunday boʻlsa-da, Unicode Consortium saytida oʻzbekcha tutuq belgisini yozish uchun yozuvni oʻzgartuvchi apostrof ishlatilishi kerak, deyilgan.[7]

Unicode kodi Inglizcha nomi Oʻzbekcha nomi Misol
U+02BC modifier letter apostrophe yozuvni oʻzgartuvchi apostrof maʼno
U+2019 right single quotation mark oʻng yakka tirnoq maʼno

Belgilarni topish[manbasini tahrirlash]

Kompyuter klaviatura terilmalari[manbasini tahrirlash]

Oʻzbek lotin yozuvida yozish uchun son-sanoqsiz terilma ishlab chiqilgan. Oʻzbekcha Vikipediya uchun eng qulay terilmani foydalanuvchilarimizdan biri ishlab chiqqan boʻlib, uni mana bu link orqali koʻchirib olib, kompyuteringizga oʻrnatishingiz mumkin. Ushbu klaviatura terilmasi Oʻzbekcha Vikipediya sahifalarini tahrir qilish uchun juda qulay.

Mobil qurilma klaviatura terilmalari[manbasini tahrirlash]

Gboard oʻzbek tilida ham keyingi soʻzni taklif qiladi

Barcha vikipediyalar kabi, oʻzbekcha Vikipediyani ham mobil qurilma orqali tahrir qilish mumkin. Buning uchun Wikipedia ilovasini moslamangizga oʻrnatib olganingiz maʼqul. Oʻzbek tilida hissa qoʻshish uchun eng qulay klaviatura Google ishlab chiqqan Gboard klaviaturasidir. Uning afzal jihati shundaki, oʻzbekcha soʻzlar imlosini tekshirish bilan cheklanib qolmay, yozayotganingizda keyingi soʻzni taklif qiladi. Shuningdek, Tahrirchi terilmasi ham juda qulay boʻlib, u ham oʻzbekcha soʻzlar imlosini tekshiradi va keyingi soʻzni (hozircha faqat oʻzagini) taklif qiladi.

Vikifikator[manbasini tahrirlash]

Vikifikator — vikimatnni viki-belgi va oʻzbek tili tipografiyasining baʼzi bir qoidalariga asoslanib avtomatik tahrir qiluvchi funksiyadir. Undan foydalanish uchun vikifikatsiya qilinishi kerak boʻlgan matnni ajratib olib, tahrir oynasi ostidagi maxsus koʻk tugmani (tasvirda) bosish lozim.

Oʻzbekcha Vikipediyadagi Vikifikator tugmasi

Vikifikator Mozilla Firefox brauzerida eng yaxshi ishlaydi. Chrome brauzerida ham yaxshi ishlaydi, ammo unda matnning muayyan qismini vikifikatsiya qilish imkoniyati hozircha mavjud emas, yaʼni u yerda birdaniga tahrir oynasi ichidagi barcha matnni vikifikatsiya qiladi.

Manbalar[manbasini tahrirlash]

  1. „Ozodlik muxbiri Keyptaunda oʻtkazilgan Wikimania anjumanida ishtirok etdi“. Ozodlik radiosi (29-avgust 2018-yil). Qaraldi: 27-aprel 2022-yil.
  2. Mahkamova, Mamlakat. Innovatsiya menejmenti. Toshkent davlat texnika universiteti, 2002.. 
  3. ; Bozorboy OʻrinboyevOʻzbek adabiy tili tarixi. Toshkent: Oʻqituvchi, 1982. — 5-6 bet. 
  4. „The Unicode Consortium website“. Qaraldi: 2-mart 2015-yil.
  5. „OʻzLib saytining bosh sahifasi“. Qaraldi: 7-dekabr 2012-yil.
  6. „Oʻzbekiston Respublikasi hukumat portali“. Qaraldi: 6-dekabr 2012-yil.
  7. „The Unicode Consortium website“. Qaraldi: 2-mart 2015-yil.