Uzun Hasan
Uzun Hasan, asl ismi Hasanbek (taxminan 1423—1478.5.1) — Oq qoʻyunlilar davlati hukmdori (1453 yildan), sarkarda. Qora qoʻyunlilar davlatini tormor keltirib (1467), Tabriz shahrini poytaxt qilgan (1468 yildan). Koʻchmanchi turk zodagonlari separatizmiga qarshi kurash olib borgan. Uning davrida koʻpriklar, bozorlar, madrasalar, sugʻorish kanallari bunyod etilgan. Mulkchilik munosabatlari uchun U.H.dan keyin ham norma boʻlib qolgan "Qonunnoma" chiqargan. Usmonli turk imperiyasiga qarshi kurash olib borgan. Bunda u Venetsiya bilan ittifoq tuzgan (1463); Vengriya, Polsha va boshqa Yevropa davlatlari bilan ittifoq boʻlish haqida muzokaralar olib borgan. Shirvonshohlar bilan birgalikda temuriy Abu Saydak magʻlubiyatga uchratgan (1469). 1473 yil U. H. dastlab turk sultoni Mehmed II ni yenggan, biroq keyinchalik u tomonidan tormor keltirilgan. Uning saroyida boʻlgan venetsiyalik elchilar Katarino Zeno, Iosafat Barbaro, Ambrodjo Kontarinilar U.H. davrvdagi Oq qoʻyunlilar davlati haqida qimmatli yozma maʼlumotlar qoldirishgan.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |