Venesiya

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Venesiya — Italiyaning shim.dagi shahar, Adriatika dengizining Venesiya qoʻltigʻida. Venesiya viloyati va Venesiya provinsiyasining maʼmuriy markazi. V. 2 kismdan iborat: tarixiy markaz (aholisi 100 ming kishi atrofida) 150 kanal bilan ajralib turgan 118 orolda joylashgan va materikdagi sanoatlashgan port qismi. V. ning orollardagi qismi — muzey shahar, dengiz kurorti, xalqaro turizm markazi. Aholisi 450 mingdan ziyod kishi (1990-y.lar oxirlari). V. dagi kanallar (rio) ustiga 400 dan ortiq koʻprik qurilgan. Kanallardan eng muhimi Katta kanalning uz. 3,8 km boʻlib, shaharni butunicha kesib oʻtgan. Materikka eng yaqin orol t. y. (1846 i. dan) va avtomobil yoʻlli (1932 y. dan) koʻprik orqali tutashgan. Yirik port (yuk ortib-tushirish yiliga 30 mln. t). Havo yoʻllari tuguni. Lido o.da xalqaro aeroport bor.

Mil. av. 5-a.dan boshlab V. da aholi yashagan. 9—10-a.larda Gʻarbiy Yevropa bilan Sharq oʻrtasidagi savdoda vositachilik rolini oʻynagan. 4-salib yurishi natijasida (1202—04) V. Oʻrta dengiz imperiyasiga aylanadi (Istanbulning bir qismi, Marmar dengizidagi bir necha gavan, Evbey, Krit va b. orollarni egalladi). 15-a. boshlariga kelib, V. oʻzga viloyatlarni bosib olish siyosatini yuritdi. Istanbulning turklar tasarrufiga oʻtishi (1453) hamda Buyuk geografik kashfiyotlardan soʻng savdo yoʻlining Oʻrta dengizdan Atlantika okeaniga koʻchishi V. mavqeiga katta zarar yetkazdi. 17—18-a. larda V. chukur tushkunlikka yuz tutdi. 1797 y. V. ni Fransiya qoʻshinlari ishgʻol qildi va Kampoformiy sulhiga muvofiq u Avstriyaga berildi. 1848—49 y.lardagi inqilob tufayli V. mustaqil respublika boʻldi. 1866 y. V. yana Italiya tarkibiga kirdi. 19-a. oxiri — 20-a. boshlarida V. yirik sanoat markaziga aylandi. V. 1943 y. nemis qoʻshinlari tomonidan okkupatsiya kilindi. 1945 y. aprel qoʻzgʻoloni natijasida ozod qilindi. V.ga sanoat xom ashyolari (metall, neft, koʻmir, paxta tolasi va b.) chetdan keltiriladi. V. da odatdagi shahar transporti yoʻq, yoʻlovchilar qayiqlar va motorli kemalarda tashiladi. V. Italiyaning iqtisodiy jihatdan ancha taraqqiy qilgan markazlaridan. Yirik sanoat korxonalari V.ning materikdagi chekka qismlarida. Kemasozlik, rangli metallurgiya (alyuminiy, rux), neftni qayta ishlash, kimyo, toʻqimachilik, mashinasozlik,oziq-ovqat, oyna, poligrafiya sanoati tarmoqlari rivojlangan. Qurol-aslaha, neftkimyo, koks-kimyo, alyuminiy prokatlari va chinni zavodlari, t.y. ustaxonalari bor. Shuningdek, qadimdan anʼana boʻlib kelayotgan badiiy buyumlar, nafis toʻrlar va b. hunarmandchilik buyumlari ham ishlab chiqariladi. V. ga turistlar koʻp keladi. Lido o.da mashhur xalqaro dengiz kurorti joylashgan. Sanʼat akademiyasi, savdo, tibbiyot va Adriatika dengizini oʻrganish instituti, universitet bor. Kuzgi kuchli shamollar taʼsirida dengiz suvi sathining koʻtarilishidan V. da shahar maydonlari va koʻchalarini suv bosadi. V. asrlar davomida tobora suv ostiga choʻkayapti. Undagi moddiy va madaniy yodgorliklarni saqlab qolish uchun choralar izlanmoqda.

V. da (13-a.da) Italiyadagi asosiy rassomlik maktablaridan biri vujudga keldi va oʻziga xos tarzda rivoj topdi (q. Venesiya maktabi). V. da Akademiya galereyasi, arxeologiya muzeyi, shisha buyumlari muzeyi (Murano o.da) bor. Meʼmoriy yodgorliklardan San-Marko sobori (9—15-a.lar), San-Marko qad. kutubxonasi (16-a.), saroylar (15-a., 15-a. oxiri), cherkov va monastirlar (15—16-a. lar) va b. saqlangan.

Adabiyotlar[tahrir]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil