Toshkent kichik halqa avtomobil yoʻli

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Toshkent kichik halqa avtomobil yoʻli — muhim iqtisodiy ahamiyatga ega boʻlgan, Toshkent shahrining bir nechta tumanlari hududlaridan oʻtgan ichki aylanma yoʻl. Toshkent shahrining hududiy jihatdan kengayishi, transport vositalari soni va turlari ortishi sabab shahar koʻchalaridagi transport harakatini oqilona tashkil etish, muvofiqlashtirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi marhum birinchi prezident Islom Karimov tashabbusi bilan qurilgan. 2004-yilning 22-iyulida bir nechta koʻchalar oʻrnida bunyod etilgan halqasimon yangi yoʻlga kichik halqa yoʻli nomi berilgan.

Bunyod etish ishlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Kichik halqa yoʻlini bunyod etish ishlari 2000—2004-yillar davomida bosqichma-bosqich olib borilgan. Amir Temur shoh koʻchasidan Shimoliy vokzalgacha boʻlgan qismi 2000-yilda, Shimoliy vokzaldan Janubiy vokzalgacha boʻlgan qismi 2002-yilda, Usmon Nosir ko'chasidan Mannon Uyg'ur ko'chasigacha boʻlgan qismi 2003-yilda foydalanishga topshirilgan. Mirzo Ulugʻbek va Hamza tumani qismlari yangidan bunyod etilgan. Amir Temur va Bunyodkor shoh ko'chalari, Farg'ona yo'li, Parkent, Usmon Nosir, Mannon Uygʻur, Usta Olim koʻchalari kesishmasida bunyod etilgan koʻpriklar transport vositalari harakatiga katta qulayliklar yaratdi. Shuningdek, qurilish ishlari davomida Boʻzsuv va Oqtepa kanali ustidan oʻtadigan koʻpriklar tubdan rekonstruksiya qilindi. Kichik halqa yoʻli yoʻnalishida Chilonzor, Boshliq, Qushbegi mavzelari, koʻp qavatli va yakka tartibdagi turar joy binolari, Shimoliy va Janubiy vokzal, aeroport, Kaykovus, Qichqiriq, Boʻzsuv, Salor, Oqtepa, Anhor kanallari, tibbiyot muassasalari, sihatgohlar, tugʻruqxonalar, supermarketlar, restoranlar, toʻyxonalar, bir qancha savdo va yonilgʻi quyish shoxobchalari, sanoat korxonalari, qoʻshma korxonalar, madaniyat va istirohat bogʻlari, boshbekatlar, metro bekatlari, bozorlar, banklar, oliy oʻquv yurtlari, kasb-hunar kolleji, akademik litsey, maktab va bogʻchalar, sport majmualari, xorijiy davlatlar vakolatxonalari, kompaniyalar, yodgorliklar, notarial idoralar, kichik va oʻrta biznes subyektlari, salon va turli servis xizmat koʻrsatish maskanlari joylashgan[1].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Toʻxliyev, Nurislom, ed (2009). "Toshkent kichik halqa avtomobil yo'li". Toshkent: Ensiklopediya. Toshkent: Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi Davlat ilmiy nashriyoti. p. 289-290.