Kontent qismiga oʻtish

Tohir Malik

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Tohir Malik
Fayl:Tohir Malik.jpg
Asl ismi Hobilov Tohir Abdumalikovich
Tavalludi 27-dekabr 1946-yil
Vafoti 16-may 2019-yil(2019-05-16)
(72 yoshda)
Ijod qilgan tillari O‘zbek
Fuqaroligi Oʻzbekiston bayrogʻi Oʻzbekiston
Janr Detektiv, ilmiy fantatika, tarixiy.
Mukofotlari Oʻzbekiston xalq yozuvchisi, Maorif fidoyisi, Doʻstlik ordeni.
Veb-sayti
Tohir Malik rasmiy sayti

Tohir Malik (asl ismi Hobilov Tohir Abdumalikovich) — taniqli oʻzbek yozuvchisi. Oʻzbek adabiy fantastikasining asoschilaridan biri, maʼrifat arbobi. "Doʻstlik" ordeni va "Oʻzbekiston xalq yozuvchisi" faxriy unvoni sohibi.

Tarjimayi holi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

1946-yilning 27-dekabrida Toshkent shahrida ziyoli oilasida dunyoga kelgan. Toshkent davlat universiteti (hozirgi Oʻzbekiston milliy universiteti)ning jurnalistika fakulteti kechki boʻlimida oʻqib, kunduzi qurilish ishlarida qatnashgan. 1966-yildan beri Oʻzbekiston radiosida, gazeta va jurnallar tahririyatida, Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasida, nashriyotlarda faoliyat yuritgan. Hozirgi kunda „Sharq“ NMAK Bosh tahririyatida muharrir.

Barcha tengdoshlari singari u ham urushdan keyingi turmush qiyinchiliklarini boshidan kechirgan. Oilada besh farzand boʻlib Tohir Malik eng kenja farzand boʻlgan. Tohir maktabga bormay turiboq, dars tayyorlab oʻtirgan akalari va opalari yonida savodni oʻzlashtirgan. Ukasining kitobga boʻlgan ixlosini sezgan akalari unga — Mard yigit ertaklar toʻplamini sovgʻa qilishadi va ushbu kitobni hozirga qadar eʼzozlab saqlashini aytgan. Taniqli oʻzbek adibi va tarjimoni Mirzakalon Ismoiliy Tohir Malikning togʻasi boʻlib, uni 1949-yilda "xalq dushmani" degan tuhmat bilan qamoqqa olishadi. Bu haqida adibning oʻzi ushbu soʻzlarni aytgan[1]:

Kechasi uygʻonib ketib qarasam, ayam rahmatli qora chiroq nurida doʻppi tikib oʻtiribdilar. Qoʻllari ishda-yu, koʻzlarida yosh. "Nega yigʻlayapsiz?" deb soʻradim. Javob bermadilar. Sababini oradan yillar oʻtib bildim. Togʻamning "xalq dushmani" emasligi maʻlum boʻlib, "oqlanib" chiqqanlarida ikkinchi sinfda oʻqirdim. Dastlabki mashqlarim oʻshanda boshlangan. Ammo yozganlarimni talabchan togʻamga koʻrsatishga choʻchir edim.

Dastlabki hikoyasi 1960-yilda Gulxan jurnalida chop etiladi[2]. 1963-yilda Tohir Malik Toshkent davlat univeritetining kechki jurnalistika boʻlimiga oʻqishga kirib, kunduzi qurilishda duradgor, gʻisht teruvchi boʻlib ishlay boshlaydi. U ijodga doir mashqlarni davom ettirrib, togʻasining:

"Oʻzing yaxshi bilmagan narsani yozma", "Boshqalar yurgan yoʻldan yurma, oʻz yoʻlingni top"

degan ikki oʻgitiga hamisha amal qilgan. Bolalarga atab yozilgan hikoyalari bilan badiiy adabiyot sirlarini oʻrgangan Tohir Malik keyinchalik Oʻzbek adabiyoti kam eʼtibor berilgan fantastika janriga qoʻl uradi va bir qator asarlari bilan kitobxonlar eʼtiborini qozongan. Uning talabalik yillari yozilgan Hikmat afandining oʻlimi asari oʻzbek adabiyotining fantastika yoʻnalishida yaratilgan birinchi qissa hisoblanadi. Yozuvchining bir qator asarlari rus va boshqa tillarga tarjima qilingan. Soʻnggi oʻq asari asosida yetti qismli, Shaytanat asari asosida yigirma qismli badiiy film suratga olinib, namoyish etilgan[3].

Tohir Malik oʻnga yaqin radiopyesalar, hujjatli film ssenariylari, badialar muallifi. Badiiy tarjima sohasida ham xizmat qilgan.

Tohir Malik 1966-yildan eʼtiboran matbuot sohasida ishlagan. Lenin uchquni (Hozir Tong yulduzi deb nomlanadi), Oʻzbekiston radiosida, Gʻafur gʻulom nomidagi va „Choʻlpon“ nashriyotlarida, „Sharq yulduzi“, „Yoshlik“ jurnallarida faoliyat yuritgan. U ijodiiy faoliyati davomida hayotni, insonlar tabiatini atroflicha oʻrgana boshlaydi. Yozuvchi insonlarni, ularning ichki kechinmalarini, ruhiyatlarini sinchiklab oʻrganadi va kitobxonni ham mana shu ruhiyat olamiga olib kiradi. Uni shu holga solgan sabablarni tahlil qilishga va xulosa chiqarishga yoʻnaltiradi. Yozuvchi yaratgan asarlari asosida koʻplab tele va badiiy filmlar yaratilgan. Asarlarida turli qiyofadagi zamondoshlarimizning obrazlari yorqin lavhalarda katta mahorat bilan aks etgan, muhim maʼnaviyaxloqiy muammolar koʻtarilgan[4]. Rus yozuvchisi F.M. Dostoyevskiyning Maʼsuma qissasini, shuningdek, jahon adabiyoti namoyandalarining ayrim asarlarini oʻzbek tiliga tarjima qilgan. 19611964-yillarda quruvchi, 19651966-yillarda maktabda oʻqituvchi boʻlib ishlagan. Lenin uchquni gazetasi, 19751978-yillarda Guliston nashriyotida, 19811982-yillarda Gʻafur Gʻulom nomidagi nashriyotda muharrir, 19821985-yillarda Sharq yulduzi jurnalida, 19851987-yillarda Choʻlpon nashriyotida bosh muharrir, 198991-yillarda „Yoshlik“ jurnalida adabiy xodim, masʼul kotib, bosh muharrir, Oʻzbekiston yozuvchilari uyushmasida 198890-yillar davomida kotib boʻlib faoliyat olib borgan.

Birinchi yirik asari — „Hikmat afandining oʻlimi“ (1972). „Zaharli gʻubor“ (1974), „Falak“ (1975), „Somon yoʻli elchilari“ (1978), „Chorrahada qolgan odamlar“ (1982), „Bir koʻcha, bir kecha“ (1983), „Alvido, bolalik“ (1989), „Soʻnggi oʻq“ (1990), „Ov“ (1995) kabi ilmiy-fantastik, sarguzasht qissalari mashhur. „Soʻnggi oʻq“ qissasi asosida 7 qismli telefilm (1994) yaratilgan. „Qaldirgʻoch“ (1987) epik asari Abdulla Avloniy taqdiri misolida 20-yillar oʻzbek ziyolilarining shakllanishi haqida bahs yuritadi. „Mehmon tuygʻular“ (2003) nomli xotira, yodnoma, adabiy maqolalar toʻplamida adabiy jarayondagi muammolar aks etgan. Tohir Malikning yozuvchi Mirzakalon Ismoiliy ijodiy faoliyatini yorituvchi „Yozuvchining baxti va baxtsizligi“ (1988), Asqad Muxtor ijodini taxlil etuvchi „Sobir“ (2003), Oʻlmas Umarbekov ijodiga bagʻishlangan „Qiyomat qarz“ (2002) hamda Abdulla Qodiriy romanlari taxlil etilgan „Ibrat maktabi“ (1993) badialari xam bor. Tohir Malik xujjatli kino sohasida xam faoliyat koʻrsatgan. Uning „Amir Temur davri adabiyoti“ (1998), „Varaxsha“ (1999), „Unvoni inson“ (1999), „Sohilsiz dengiz“ (2000), „Zulmat saltanati“, (2001), „Moshtabib“ (2002) siyenariylari asosida hujjatli filmlar ishlangan.

„Shaytanat“ asarida jinoyat olamidagi voqealar fonida asosiy eʼtibor asar qahramonlarining ruhiy dunyosini tahlil etishga qaratilgan. Kishilarni jinoyatning razil olamidan ehtiyot boʻlishga chaqiruvchi ushbu ogohlantiruvchi asar mazmuni Tohir Malikning „Jinoyatning uzun yoʻli“ (2004) ilmiy-tahliliy risolasida davom ettirilgan.

Hozirgacha yozuvchining 20 dan ortiq qissasi chop etildi. 1971-yilda chop etilgan „Hikmat afandining oʻlimi“ dan keyin „Falak“ (1976), „Somon yoʻli elchilari“ (1976) tahayyul, ilmiy-tahayyul qissalari bosildi. „Chorrahada qolgan odamlar“ qissasida tahayyul va detektiv xususiyatlari seziladi. „Alvido bolalik“ (1989), „Qaldirgʻoch“ (1987) qissalarida muhim mavzu ishlanadi. Mutaqillik yillarida Tohir Malik „Soʻnggi oʻq“ (1990), 4 qismdan iborat „Shaytanat“ (1994–2001), „Odam ovi“ (2001), „Charxralak“, „Murdalar gapirmaydilar“ (1999) qissalarini chop ettirdi. Yozuvchi 20–asrdagi hayotni, kishilar taqdirini goh tahayyul, goh izchil xolis, goh detektiv yoʻsinda tasvirlaydi. U qissa janri imkoniyatlarini uzluksiz boyitib bormoqda. 2002-yilda yozuvchining „Mehmon tuygʻular“ oʻylari, „Jinoyatning uzun yoʻli“ risolasi chop etildi. Mustaqillik yillarida eng koʻp adabiyotda kitob chop ettirgan Tohir Malikdir.

Yozuvchining bir qator asarlari kitobxonlar orasida oʻtkazilgan soʻrov asosida turli yillarda yillik mukofotlar bilan, xususan Gʻafur Gʻulom nomidagi mukofotlar bilan taqdirlangan. Yoshlar tarbiyasiga oid asarlari inobatga olinib Maorif fidoyisi unvoni berilgan. Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti Islom Karimov farmoni bilan Doʻstlik ordeni va Oʻzbekiston xalq yozuvchisi faxriy unvoni bilan taqdirlangan.[5]

  • Tohir Malik „Falak“ Ilmiy-fantastik qissa. T.: „Yosh gvardiya“, 1976-yil 4,75 b.t.
  • Tohir Malik „Soʻnggi oʻq“ qissa, hikoya. T.: „Yosh gvardiya“, 1990-yil 13,04 b.t.
  • „Shaytanat“ 4 qism, T.: „Sharq“, 1994–2001.
    • „Shaytanat“ 20 qism, T.: 1998–2001. Bosh rollarda: Yodgor Saʼdiyev, Erkin Komilov, Karim Mirhodiyev, Raʼno Shodiyeva va boshqalar... Bundan tashqari 2021-yildan uning Alvido bolalik qissasi asosida serial suratga olinib, Zoʻr TV telekanalida efirga berilmoqda. Asosiy qahramon rolida Fathulla Ma‘sudovning o‘g‘li Qamariddin rolini ijro etmoqda. Serial boshlanishidanoq o‘z tomoshabinlarini mehrini qozondi. Va aytish joizki 2018-yilda Qaldirg‘och romani ham suratga olingan. Bu serial o‘zbek jadidchisi Abdulla Avloniy haqida. Ushbu serial ham haqiqiy tarixiy serialdir.serialda Javohir Zokirov ham ishtrok etgan. Tohir Malik o‘lmas asarlar muallifi. O‘lmas yozuvchi. Uning hozirgi kunda ancha asarlari sotuvda gavjum. Mustaqillik davrida eng ko‘p asarlari chop etilgan inson bu Tohir Malik . Tohir Malik juda mulohazali o‘tkir fikrli va diyonatli inson bo‘lib hayot yo‘lida esa eng halol va haqgo‘yligi bilan o‘zgalar e‘tiborini qozongan.Alloh ustozni joylarini jannatda qilsin. Inson jismonan o‘lishi mumkin ammo uning siymosi qalblarda insonlar ongida yillar yashaydi. Tohir Malik ham kitobxonlar va o‘zbek ijodkorlari qalbida barhayot yashaydi. Yozuvchining boshqa asarlarini ham kino yoxud serial ko'rinishida xalqqa namoyish etish o'rinli bo'lardi. Tohir Malik o'zining bestseller asari bo'lgan Shaytanatning ham boshqa qismlarini yozib ulgurganligi ammo haligacha chop etmaganini o'zining intervyularidan birida bildirib o'tgan. Tahrirlovchi-A.Z.Isoqov
  • A. Rasulov „Koʻrgulik“ Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati, 1991-yil 2-avgust.

Tohir Malik internetda

[tahrir | manbasini tahrirlash]
  1. „arxiv nusxasi“. 2015-yil 27-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2015-yil 8-mart.
  2. arxiv nusxasi, 2015-04-02da asl nusxadan arxivlandi, qaraldi: 2015-03-08
  3. „arxiv nusxasi“. 2016-yil 4-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2015-yil 8-mart.
  4. http://www.ziyouz.com/index.php?option=com_content&task=view&id=906
  5. „arxiv nusxasi“. 2015-yil 22-fevralda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2015-yil 8-mart.
  • Tanlangan asarlar, 1—2j.lar, T., 2004.



Malik, Tohir