Taroqlilar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Taroqlilar (Ctenophora) — dengiz umurtqasizlari tipi. Tanasi shaffof, dildiroq, oval, tuxumsimon, choʻziq silindrsimon yoki boshqa shaklda. Tanasining bir uchida ogʻiz teshigi, 2uchida muvozanat organi (statotsist) joylashgan. Tana devori boʻshliqichlilar singari ektoderma va entodermadan iborat. Ektoderma bilan entoderma oraligʻida dildiroq mezogliy (strukturasiz qavat) boʻladi. Umumiy tuzilishi radial simmetriyaga moye keladi. Ogʻiz teshigi halqumga ochiladi; halqum oshqozon bilan bogʻlangan. Oshqozondan radial naylar tarqalgan. Bu naylar T. tanasi chetiga kelib tana boʻylab joylashgan 8 qator meridional naylarga ulanib ketadi. Meridional naylar boʻylab qarakat organlari — 8 qator taroqsimon plastinkalar joylashgan. Har bir taroqsimon plastinka qator boʻlib bir-biriga yopishgan kiprikchalardan iborat.

T. germafrodit. Tuxumdan kiprikli lichinka chiqadi. 1 sinf (taroklilar) 2 ta kenja sinf (paypaslagichlilar va paypaslagichsizlar)ni oʻz ichiga oladi. 100 ga yaqin turi maʼlum. Barcha dengizlarda uchraydi; erkin suzib yuruvchi, dengiz tubida oʻrmalovchi yoki oʻtroq yashovchi hayvonlar. Asosan, plankton, baʼzan baliqlar uvildirigʻi va chavoqlari bilan oziqlanadi. Oʻljasini ogʻzi yoki uzun paypaslagichlari bilan yopishtirib oladi. T. treskasi mon baliklar uchun oziq. Keng tarqalgan turi beroyo boshqa T.ni yeydi.