Suzma

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Suzma

Suzma (boshqa nomi qatiq) qatiqdan suvini ajratib olish orqali olinadigan sut-qatiq mahsuloti.

Suzma — sut mahsuloti. Asosan, Oʻrta Osiyo va Qozogʻistonda uy sharoitlarida tayyorlanadi. Qatiq yoki kuvda sariyogʻi olingan ayronni surp xaltaga solib, 3—5 soat ilib qoʻyiladi. Zardobi sizigach, suzma hosil boʻladi. Qatiq va ayrondagi vitaminlar, organik moddalar toʻla saqlanib qoladi. Suzma toʻyimli va parhez mahsulot hisoblanadi. Tuz va koʻkatlar qoʻshib isteʼmol qilinadi, qurt tayyorlanadi.

Tayyorlanishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Qatiq gazmoldan qilingan xaltaga solinib, osib qoʻyiladi. Shunda undan suv ajralib chiqadi. Bu suv zardob (forscha sariq suv) deb ataladi. Suzmaning mazasi qatiqning sifatiga bogʻliq.

Suzma oʻzbek oilalarida salatlar uchun, baʼzi taomlarga qoʻshish uchun ishlatiladi. Ishtaha ochish xususiyatiga ega boʻlgani uchun bemorlarga tavsiya qilinadi. Suzmadan yozda sevib ichiladigan chalob ichimligi tayyorlanadi.