Sus xotin

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Sus xotin — mavsum marosim qoʻshigʻi; folklor janri. Qurgʻoqchilik munosabati bilan yomgʻir chaqirish marosimida aytilgan. Oʻrta Osiyo, Kavkaz va boshqa xalqlar oʻrtasida uchragan. „Soʻz xotin“, „Sut xotin“, „Suv xotin“ deb ham yuritilgan. Qoʻshiq, asosan toʻrtliklardan iborat boʻlib, barmoq tizimidagi yetti hijoli vaznda yaratilgan, matnida murojaat, xitob ohanglari hukmron. „Sus xotin“da oʻzbek xalqining uzoq oʻtmishdagi mehnat tajribalari, orzu-istaklari badiiy shaklda ifodalangan. Hozir urfdan chiqib ketgan. Tili, ritmi, badiiy vositalari jihatidan xalq soʻz sanʼati hodisasi sifatida oʻrganiladi.