Kontent qismiga oʻtish

Qurgʻoqchilik

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Qurgʻoqchilik — bugʻlanish yogʻindan ortiq boʻlgan sharoitlarda kechadigan uzoq davomli ob-havo sharoiti. Bunday sharoitda tuproqdagi suv zaxirasi tez sarflanib ketadi, bu esa qishloq xoʻjaligi ekinlari hamda yaylov oʻsimliklarining rivojlanishi va mahsuldorligiga salbiy taʼsir koʻrsatadi. Tekislik hududlardagi qurg'oqchilikning umumiy darajasi gidrotermik koeffitsiyent (GTK) bilan aniqlanadi. GTK vegetatsiya davridagi yogʻin miqdorini huddi shu davrdagi temperatura yigʻindisining 10 marta kamaytirilgan miqdoriga nisbati bilan ifodalanadi (G. T. Selyaninov). Sugʻorma dehqonchilik zonalarida GTK qiymatlari vegetatsiya davrida yogʻinlar kam boʻlgan hududlarda 0,06—0,15 dan togʻoldi zonalarida 0,3—0,4 gacha oʻzgarib turadi. Balandlik oshishi bilan qurg'oqchilikning taʼsiri sustlashadi, GTKning qiymati esa 0,7 ga qadar koʻtariladi. Qurg'oqchilik tuproqdagi fiziologik oʻzlashtiriladigan namlik yoʻqligini xarakterlovchi tuproq qurg'oqchiligi hamda transpiratsiya va bugʻlanish miqdori oshib ketganligini ifodalaydigan havo qurg'oqchiligiga boʻlinadi. Tuproq qurg'oqchiligi Oʻrta Osiyoda deyarli har yili takrorlanib turadigan oddiy hol hisoblanadi. Uning boshlanishi Oʻrta Osiyoning dengiz yuzasidan 200–250 m balandlikkacha boʻlgan hududlarida aprelning 1-dekadasiga, 300–400 metr balandlikkacha boʻlgan hududlarda mayning dastlabki kunlariga toʻgʻri keladi. Havo qurg'oqchiligi oʻsimliklarga yuqori temperaturada va past nisbiy havo namligining birgalikda taʼsir qilishi bilan tavsiflanadi (qarang: Havo namligi). Sugʻoriladigan dehqonchilik mintaqalarida havo qurg'oqchiligi kuzatiladigan kunlar, odatda, 10—30 kun orasida oʻzgarib turadi, gohida 50 va undan ham ortiqroq kunga yetadi.

Qurg'oqchilik qishloq xoʻjaligiga, ayniqsa, lalmikor yerlarda katta zarar keltiradi. Aksariyat hollarda qurg'oqchilik garmsel bilan birga yuz beradi. Sugʻoriladigan maydonlarda rivojlangan sugʻorish sistemalarining mavjudligi, shuningdek dala ihota oʻrmonlari barpo etish, Qurg'oqchilikka chidamli navlarni ekish, oʻsimlik hamda daraxtlarning borligi qurg'oqchilikning zararli taʼsirini kamaytiradi. Mirzachoʻlning oʻzlashtirilishi bunga yaxshi misol boʻla oladi; bu yerda keng sugʻorish tarmoqlari barpo etilib, yirik paxtachilik xoʻjaliklari tashkil topgandan keyin yiliga qurg'oqchilik kuzatiladigan kunlar soni 2 baravar kamaydi (27 oʻrniga 13 kun).

Hamidulla Abdullayev.