Sugʻd yozuvi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Sugʻd yozuvi — mil. 1—9-asrlarda mavjud boʻlgan, oromiy yozuvi asosida shakllangan harftovush yozuvi; u bir manba — oromiy yozuvidan tarqalganligiga koʻra suryoniy yozuviga yaqin turadi, lekin ular parallel holda mustaqil shakllanib, rivojlanganlar. Zarafshon daryosining vodiy va yukrri oqim qismlarida joylashgan Sugʻd (Sugʻdiyona) viloyatida qoʻllangan.

Syo. somiy alifbolar singari konsonant yozuv boʻlgan, yaʼni harflar asosan undosh tovushlarni ifoda qilgan; unli tovushlar maxsus belgilarga ega boʻlmagan. Dastlab unda 22—23 harf mavjud boʻlib, ularning deyarli barchasi qad. oromiy prototipiga borib takalgan va joylashishi ham oromiy alifbosidagi singari boʻlgan. Keyinchalik, 4-asr boshlarida baʼzi harflarning alifbodan chiqib ketishi, baʼzi harflarning shaklan birbiriga yaqinlashuvi, oʻxshab qolishi natijasida harflar soni 17 tadan iborat boʻlib qolgan. Syo. dastlabki paytlarda grafik shakllari boʻyicha oromiy yozuvidan unchalik farq qilmagan, ligaturalar koʻp boʻlmagan. 7-asr oʻrtalarida esa Syo. ning kiya (kursiv) shakli paydo boʻlishi bilan ligaturalar koʻpaygan, koʻplab harflarning yozilishi birbiriga oʻxshab qolgan. Bu holat qiya yozuvni qiyinlashtirgan va qoʻshimcha diakritik belgilar qoʻllanishini taqozo etgan.

Syo. asosan gorizontal holatda oʻngdan chapga qarab yozilgan. Ammo sugʻdlar 6-asr oxiridan boshlab vertikal yoʻnalishda ham (devorlar va kryalarda) yozganlar, vertikal satrlar chapdan oʻngga tomon joylashib borgan.

Syo. ning mil. 1-asrga oid eng qad. namunasi Samarqand yaqinidagi Talli Barzu degan joydan topilgan, eng soʻnggi namunalari esa 8-asr oxiri — 9-asr boshlariga mansub. Yodgorliklarning kupi 20-asrda Sharqiy Turkistondan topilgan. Shulardan biri 808—821 yillarda hukmronlik kilgan xoqon sharafiga bitilgan, uch tildagi (sugʻd, qad. turk va xitoy) qabr toshi yozuvidir. Syo. namunalarining aksariyati 4—8-asrlarga tegishli boʻlib, ulardan Mugʻ qalʼa harobasidan topilgan hujjatlar (1933) muhim ilmiy ahamiyatga ega. Ushbu hujjatlar va Syo.ning baʼzi boshqa yodgorliklarida sugʻd adabiy tili meʼyorlari, uning adabiy-badiiy uslubi yaqqol seziladi. Syo., oʻz navbatida, qad. turkiy runik yozuvi hamda uygʻur yozuvshsh. shakllantirish uchun asos boʻlgan.

Syo. ni va sugʻd tilini oʻrganishga Sankt-Peterburglik olim V.A. Lifshits katta hissa qoʻshgan. Hozirgi kunda Oʻzbekistonda ham oʻziga xos sugʻdshunoslik maktabi vujudga kelgan: prof. M. Ishoqov va uning shogirdlari sugʻd yozuvi, sugʻd tili va adabiyotining turli jihatlarini, xususiyatlarini oʻrganib kelmoqdalar. Sugʻd yozuvi yodgorliklarining asosiy qismi Sankt-Peterburg , London, Parij, Berlinda saqlanmoqda.

Ad. L.Oranski y I.M., Vvedeniye v iranskuyu filologiyu, M., 1960; Diringer D., Alfavit, Per. s angl., M., 1963; Fridrix I., Istoriya pisma, Per. s nem., M., 1979.

Abduvahob Madvaliyev.