Kontent qismiga oʻtish

Somoniylar saroy gvardiyasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Somoniylar saroy gvardiyasi
Turi: muntazam xos qo‘shin
Mamlakat: Somoniylar davlati
Faoliyat yillari: 875—999-yillar

Somoniylar saroy gvardiyasisomoniylar hukmronligi davrida tashkil etilgan, turk g‘ulomlaridan tuzilgan muntazam xos qo‘shin. U Markaziy Osiyo viloyatlarining harbiy jihatdan yaxshi ta’lim olgan yoshlaridan tarkib topgan. Somoniylarning ko‘p sonli turkiy gvardiyasi davlat hokimiyatining asosiy tayanchini tashkil qilgan. Gvardiya maoshni markaziy xazinadan olgan. Jangchilarga yiliga to‘rt marotaba maosh tarqatilgan. Gvardiyaning ta’minotini sohib ash-shurat devoni boshqargan.

Saroy gvardiyasida vusoqboshi (3 g‘ulomga boshliq kichik komandir), hojib (gvardiyachi g‘ulomlarning oliy mansabi), xaylboshi (xojibdan quyi, vusoqboshidan yuqori) mansablari mavjud edi. Hojib saroy lashkarboshisi bo‘lgan, unga saroy va hukumat muassasalarini qo‘riqlash bo‘yicha xizmat qiluvchi va harbiy harakatlar davrida o‘ta mas’uliyatli vazifalarni bajaruvchi gvardiyachi-g‘ulomlarning katta otryadi bo‘ysungan. Buzurgi hojib — bosh hojib somoniylar davlatining eng oliy mansabli amaldorlaridan biri bo‘lgan[1]. Hojiblar va bosh hojib davlat ishlarida katta rol o‘ynaganlar.

Turk g‘ulomlari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Saroy gvardiyasi asosini tashkil etgan g‘ulomlarning mansablari xizmatining katta-kichikligi, obro‘-e’tiboriga qarab asta-sekin, darajama-daraja oshirib borilgan. G‘ulomni sotib olgach, unga bir yil mobaynida piyoda askar bo‘lib xizmat qilish buyurilgan va u zandonachidan tayyorlangan qabo kiyib mulozimlar safida yurgan. Bu g‘ulomlarga yashirin yoki oshkora suratda shu yil ichida otga minishga ruxsat etilmagan. Agarda bilib qolinsa, ular jazolanganlar. Shunday suratda bir yil xizmatni o‘tagach, hojib g‘ulomga yugan va oddiy tasma berish haqida ko‘rsatma bergan.

G‘ulom ot va qamchi bilan yana bir yil xizmat qilgach, kelgusi yili unga beliga o‘rash uchun qorajo‘r (qiyiqcha) berilgan. Beshinchi yilga kelib unga yaxshi egar, yulduzlar shakli bilan naqshlangan yugan, doroyi qabo va gurzi berilgan, gurzini u halqaga ilib qo‘ygan. Oltinchi yili u anvoyi kiyim, yettinchi yili bir qubbali, 16 qoziqli chodir ilgan, uning ixtiyoriga uch g‘ulom berilgan va u vusoqboshi deyilgan. U qora kigizga nuqra (kumush) bezaklar tikilgan qalpoq va ganja qabosi kiygan. Yil sayin g‘ulomlarning obro‘-e’tibori, bezagi, qo‘shini, unvonlari oshib xaylboshi, so‘ng hojib bo‘lgan. O‘ttiz yetti yoshga yetgunga qadar ularga amirlik mansabi hamda yer-mulk ajratib berilmagan[2].

Mashhur vakillari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Somoniylarning g‘ulomlaridan biri bo‘lgan Alptegin o‘ttiz besh yoshida Xurosondagi sipohsolorlikni olgan. U 2700 jangchi-g‘ulomga qo‘mondonlik qilib, Movarounnahr va Xurosonda ulkan boylikka egalik qilgan. Shu davrda turk g‘ulomlari orasidan yetishib chiqqan Sabuktegin (940—997) esa xizmat pog‘onalaridan o‘sib borib, katta mavqega erishadi va kelajakda g‘aznaviylar sulolasiga asos soladi.

  1. Ўзбекистонда ҳарбий иш тарихидан (қадимги даврдан хозиргача). Тошкент: Шарқ, 2012 — 60-bet. 
  2. Ҳасанов Ф. Турон халқлари ҳарбий санъати. Тошкент: Ўзбекистон миллий энциклопедияси, 2018 — 240-bet.