Sariq jiblajibon

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Sariq jiblajibon
Sariq jiblajibon
Muhofaza maqomi
Biologik klassifikatsiya
Olam: Hayvonlar
Kenja olam: Eumetazoa
Tip: Xordalilar
Kenja tip: Umurtqalilar
Sinf: Qushlar
Kenja sinf: Neornithes
Infrasinf: Neognathae
Turkum: Chumchuqsimonlar
Kenja turkum: Passeri
Oila: Jiblajibonsimonlar
Urugʻ: Jiblajibonlar
Tur: Sariq jiblajibon
Binar nomi
Motacilla flava
Sariq jiblajibon tarqalish hududi (och yashil- yozgi mavsum, to'q yashil - yil davomida, ko'k - qishlash hududi)
Sariq jiblajibon tarqalish hududi (och yashil- yozgi mavsum, to'q yashil - yil davomida, ko'k - qishlash hududi)

Sariq jiblajibon (lot. Motacilla flava) — jiblajibonsimonlar oilasiga kiruvchi qush turi. Yevropa, Osiyo va Afrika va Alyaskada tarqalgan. Jiblajibonlarning boshqa turlari singari, uzun dumi hamda voyaga yetgan qushlar qorin qismining yorqin sariq patlari bilan ajralib turadi.

Sistematikasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Ushbu turning sistematikasi va filogeniyasi juda chalkash. Bir vaqtning o'zida o'nlab ostturlar tafsiflangan va hozirda 15-20ga yaqini, mutahasislar tomonidan haqiqiy deb hisoblanadi. Bundan tashqari, sariq boshli jiblajibon (M. citreola) bu qush bilan turlar majmuasini (tashqi ko'rinishi o'xshsh, lekin genetik tafovutlar mavjud) hosil qiladi.

Ostturlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Ko'k boshli jiblajibon (M. f. flava) Bislicher Insel, Germaniya
  • Motacilla flava flava (Linnaeus, 1758) — ko'k boshli jiblajibon.

Narlarning boshi ko'k-kulrang, ko'zlari va yonoqlari ustida oq chiziqlar bor. Urg'ochilarning rangi ochroq, sarg'ish-yashil rangga ega. Ko'payish hududi Evropada: g'arbda Frantsiyadan sharqda Ural tog'larigacha, shimolda Skandinaviyaning markaziy qismigacha. Qishlash hududi Afrikada, Sahroi Kabirdan janubida bo'lgan hududlar.

Sariq tojli jiblajibon (M. f. flavissima) Elmley National Nature Reserve, Sheppi oroli, Kent
  • M. f. flavissima (Blyth, 1834) — sariq tojli jiblajibon.

Boshi sarg'ish-yashil, ko'zlari ustida och-sariq chizig'i bor. Urg'ochilarining qorin qismi narlarinikiga nisbatan och rangda. Buyuk Britaniyada va La-Mansh bo'yida ko'payadi. Qishlash hududi Afrikada.

  • M. f. thunbergi (Billberg, 1828) — qora boshli yoki kulrang boshli jiblajibon.

Narlarining bosh qismining tepasi quyuq kulrang tusda. Ko'z ustida oq chiziq mavjud emas. Bo'yin qismi odatda sariq, kamdan-kam oq rangga ega. Urg'ochilari odatda bosh qismining tepasi ochroq va ko'zlari ustida deyarli sezilmaydigan yashil chiziq bo'lishi mumkin. Ko'payish hududi g'arbda markaziy va shimoliy Skandinaviyadan, sharqda shimoliy-g'arbiy Sibirgacha. Sharqiy Afrika, Hindiston, Janubi-Sharqiy Osiyoda qishlaydi.

  • M. f. iberiae (Hartert, 1921) — Iberiya sariq jiblajiboni.

M. f. flava ostturiga o'xshash, lekin tomoq qismi oq va ko'z orti patlari kulrang, deyarli qora. Ko'payish hududi: janubi-sharqiy Fransiya, Iberiya, Magrib, Tunisdan Banc d'Arguin milliy bog'igacha. Gambiyadan Markaziy Afrika Respublikasigacha bo'lgan hududda qishlaydi.

  • M. f. cinereocapilla (Savi, 1831) — M. f iberiae ostturiga o'xshash, lekin ko'z usti chiziq yo'q yoki deyarli sezilmaydi. Sitsiliya, Sardiniya, Italiya va Sloveniyada ko'payadi. Tunis qirg'oqlarida, Jazoirda, shuningdek, Malida va Chad ko'li mintaqasida qishlaydi.
  • M. f. pygmaea (A. E. Brehm, 1854) — Misir sariq jiblajiboni.

M. f cinereocapilla ostturiga o'xshash, lekin hajmi kichikroq va rangi ochroq. Nil daryosining deltasi va quyi oqimida o'troq turmush tarzini olib boradi.

Qora boshli jiblajibon (M. f. feldegg) Skala Kallonis, Lesbos, Yunoniston
  • M. f. feldegg Michahelles, 1830 — Qora boshli jiblajibon.

M. f. thunbergi ostturiga o'xshash, lekin bosh qismi M. f. thunbergiga qaraganda ochroq. Tomoq qismi oq. Gʻarbda Bolqon yarim orolidan janubi-sharqda Turkiya, Janubi-Sharqiy Qozogʻiston, Eron va Afgʻonistongacha, shuningdek, Shom mamlakatlarida koʻpayadi. Qishlash hududi Markaziy Afrikada: Nigeriya, Uganda va Janubiy Sudan o'ralig'idagi hudud.

  • M. f. lutea (S. G. Gmelin, 1774) — Sariq peshonali jiblajibon. (Sariq boshli jiblajibon turi bilan adashtirmang.)

Narlari sariq boshi hamda yashil rangli yonoqlari ajralib turadi. Urgʻochilar M. f. flava ostturining urgʻochilariga oʻxshaydi, ammo M. f. lutea patlari biroz yorqinroq. G'arbda Quyi Idil bo'yi va sharqda Irtish va Zaysan ko'li oralig'idagi hududda ko'payadi. Afrika va Hindiston yarim orolida qishlaydi.

  • M. f. beema (Sykes, 1832) — Sayks jiblajiboni.

M. f. flava ostturiga o'xshash. Boshi och rangda, ba'zan oq rangga ega. Quloq qoplamalari ochiq kulrang, ko'pincha oq rangga aralash; ko'z usti chizig'i oq, yaxshi ko'rinib turadi; iyagi oq. Narlar va urg'ochilar ko'pincha bir-biridan farq qilmaydi. Areali M. f. luteadan shimolda, Ladakh viloyatining g'arbiy qismida. Hindiston, Sharqiy Afrika va Arabiston yarim orolida qishlaydi.

Turkiston qora boshli jiblajiboni urg'ochisi (M. f. melanogrisea)Kalkutta, Sharqiy Bengaliya, Hindiston
  • M. f. melanogrisea (Homeyer, 1878) — Turkiston qora boshli jiblajiboni.

M. f. feldegg ostturiga o'xshash, lekin yonog'ida yaxshi aniqlanadigan oq chiziq va ba'zan yashil rangli bo'yinga ega. Idil daryosi deltasida, Kaspiy dengizi sohillarida va Shimoliy Afg'onistonda ko'payadi. Pokiston, Shimoliy-G'arbiy Hindiston, Nepal va ehtimol Shimoliy-Sharqiy Afrikada qishlaydi.

  • M. f. plexa (Thayer & Bangs, 1914) — M. f. thunbergi ostturi bilan solishtirganda, narlarining quloq qoplamalari to'qroq, bosh tepa qismi ochroq va ko'z usti chizig'i deyarli ko'zga tashlanmaydi. Urg'ochilari narlariga o'xshash, lekin biroz ochroq tusda. Sibirda Xatanga va Kolima daryolari oralig'ida ko'payadi. Hindiston va Janubi-Sharqiy Osiyoda qishlaydi
  • M. f. tschutschensis (J. F. Gmelin, 1789) — M. f. flava ostturi bilan solishtirganda bosh tepa qismi to'qroq. Urg'ochilari narlaridan deyarli farq qilmaydi. Bering boʻgʻozi hududida va Kanadaning shimoli-gʻarbiy sohilida koʻpayadi. Janubiy Xitoy dengizi sohillari yaqinida qishlaydi. Aksaryat olimlar tomonidan mustaqil monotipik M. tschutschensis turi sifatida tan olingan.
  • M. f. leucocephala (Przevalski, 1887) — oq boshli jiblajibon.

Narlari M. f. flava ostturiga o'xshash, lekin boshidagi kulrang tuklar ancha ochroq, deyarli oq rangga ega. Urg'ochilarida M. f. flava ostturiga nisbatan boshi to'qroq. Mo'g'ulistonning shimoli-g'arbiy qismida va Xitoy va Hindistonning qo'shni hududlarida ko'payadi. Hindistonda qishlaydi.

Tashqi koʻrinishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Bu jiblajibonlar urug'ining eng kichik vakili, uning uzunligi 15-16 sm va og'irligi taxminan 17 gramm. U sariq boshli jiblajibondan sezilarli darajada kichikroq ko'rinadi va oq jiblajibonga qaraganda dumi qisqaroq va patlari turli xil ranglarga ega. Tanasi ingichka, dumi uzun, jiblajibonlarga xos tebralib turadi. Nar va urg'ochilarning orqa patlari kulrang-yashil yoki kulrang-jigarrang, bir oz zaytun rangiga ega, urg'ochilarning ustki qismi ochroq. Qanotlari och jigarrang. Dumi jigarrang; Bosh rangi alohida ostturlar orasida sezilarli darajada farq qilishi mumkin: masalan, Volga bo'yida va Janubi-G'arbiy Sibirda yashovchi M.f.lutea ostturining boshining tepa qismi och kulrang-sariq, M.f.feldegg ostturining boshi esa deyarli qora rangda. Ko'zlar ustida ko'pincha oq chiziqlar mavjud. Iyak va bo'yinning old qismi yorqin sariq yoki oq bo'lishi mumkin. Bunday sezilarli farqlar tufayli ornitologlar alohida ostturlar sifatida tasniflashadi. Narlarining qorni och sariq rangda, urg'ochilarniki esa oq-sariq rangda. Oyoqlari quyuq jigarrang yoki qora. Yosh qushlarning ustki qismi jigarrang-kulrang, pastki qismlari ochroq va och jigarrang.

Motacilla flava iberiae

Tarqalishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Palearktika zonasida keng tarqalgan: Evrosiyoning katta qismida, Uzoq Shimol va tog' hududlardan tashqari, Janubi-Sharqiy Osiyo, Shimoliy Afrikada, Alyaskaning g'arbida. Aksaryat hollarda, ko'chib yuruvchi qush. Apreldan sentyabrgacha ko'payish hududida uchraydi. Ba'zi janubiy hududlarida o'troq turmush tarzini olib boradi. Afrika, Janubiy Osiyo, Filippin va Malay arxipelagi orollarida qishlaydi.

Ko'payish davrida nam yoki botqoqli oʻtloqlarda, butazorli botqoqlarda, oʻrmon va oʻrmon-dasht hududlarida, daryo vodiylarida yashaydi.

Uya qo'yish joylarining zichligi juda xilma-xil bo'lishi mumkin — ba'zi joylarda umuman bo'lmasligi mumkin, boshqalarida esa bir-biridan bir necha o'nlab, yuzlab metrlar uzoqlikda joylashgan zich uyalar hosil qilishadi.

O'zbekistonda M. f. plexa, M. f. beema, M. f. thunbergi, M. f. melanogrisea ostturlari uchraydi. Oʻzbekistonning pasttekislik hududlarida bahor va kuzda koʻp uchraydigan uchib o'tivchi tur hisoblanadi. Mart oyining ikkinchi oʻn kunligidan boshlab respublika hududida paydo bo'la boshlaydi. Migratsiya may oyining o'rtalariga qadar davom etadi. Qushlar kichik guruhlarda (6-12) va galalarda (60-70) uchishadi. Kuzgi migratsiya avgust oyining o'rtalaridan boshlanadi, bu sentyabr oyining oxirigacha davom etadi.[1]

Xulq-atvori[tahrir | manbasini tahrirlash]

Sariq jiblajibonlar o'z harakatlari bilan oq jiblajibonlarga o’xshaydi, lekin ulardan farqli ravishda, ular odatda o'ljasini havoda emas, yerda izlaydilar. Ular yerda tez harakatlanadilar va pastlab uchadilar. XIX asr mashhur nemis tabiatshunos Alfred Bremning aytishicha, “ularning uchishi sakrash kabi ko’rinadi”. Qishlash uchun katta galalar hosil qilib uchishadi.[2]

Madanyatda[tahrir | manbasini tahrirlash]

Misrning Qadimgi podsholik davridagi Piramida matnlarida sariq jiblajibon Atumning timsoli sifatida tasvirlangan va Bennu qushi uchun asos bo’lishi mumkin deb hisoblanadi, bu o'z navbatda Yunon afsonalaridagi feniks qushi uchun asos bo'lgan deb hisoblanadi.[3]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Kashkarov D. Y., Lanovenko Y. N., Fotteler E. R., Ostapenko M.M., Sagitov A.K., Shernazarov E.Sh., Baqayev S.B., Tretyakov G.P., Mitropolskiy O .V., Meklenbursev R.N.. O'zbekiston qushlari. 3-jild. Toshkent: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining "Fan" nashriyoti,, 1995 — 276 б. bet. 
  2. Alfred Edmund Brehm. Die Thiere des Waldes (ikki jildda), 1863–1867. 
  3. Rodrigo B. Salvador (2015). „Egyptian mythology in the Shin Megami Tensei: Persona games“ (PDF). Journal of Greek Studies. 8–32-bet.