Abdushukur ibn Abdurasul

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Abdushukur ibn Abdurasul
Tavalludi 1817-yil
Vafoti 1889-yil
Buxoro
Fuqaroligi Buxoro amirligi
Kasbi shoir, qozi, mudarris
Unvoni Qozikalon
Bolalari Sharifjon Maxdum Sadr Ziyo
Otasi Abdurasul

Abdushukur ibn Abdurasul yoki Qozikalon Abdushukur (1817-yil, Chorjoʻy — 1889-yil, Buxoro) — shoir, mudarris, qozikalon, rais. Jadid maʼrifatparvarlaridan boʻlgan Sharifjon Maxdum Sadr Ziyoning otasi.

Abdushukur ibn Abdurasul 1817-yilda Choʻrjoʻy viloyati Ersari qishlogʻida tugʻilgan. Amir Haydar hukmronligi yillarida shoirning bobosi va otasi Buxoro shahriga kelib, Mirza Gʻafur mahallasiga joylashadilar. Abdushukur ibn Abdurasulning ustozi Oxund domla Hasan bin Bashar al-Tuntari Qiziltepa hududidagi Zarmitan qishlogʻidan boʻlgan. Abdushukur qozi amir Nasrulloh davrida madrasani tamomlab, Arab, Avazboy, Mulla Ernazar, Miskin, Muhammad Sharif va Tursunjon kabi madrasalarda dars bergan[1]. Abdushukur qozi Naqshbandiya tariqatining „Dil ba yor-u, dast ba kor“ shioriga qattiq amal qilgan. Oʻzi ham ota-bobo kasbi boʻlgan ohorchilik va koʻnchilik bilan shugʻullanib roʻzgʻor tebrangan. Amir Muzaffar Abdushukur domlani dastlab Chorjoʻy viloyatiga, soʻngra Ziyovuddin tumaniga qozi etib tayinlaydi. Undan soʻng Buxoro shahriga rais boʻladi. Amir Muzaffar uni 1878-yilda amirlik qozikaloni deb eʼlon qiladi. Abdushukur bu lavozimda umrining soʻnggiga qadar qolgan. 1889-yilda vaboga uchrab vafot etgan[2].

Amir Muzaffar viloyatlarga safarga chiqqanda oʻzi bilan qozikalon Abdushukurni olib yurgan. Sadri Ziyoning „Navodiri Ziyoiya“ asarida yozilishicha, qozikalon Abdushukur hech qachon oʻzining mansabi bilan gʻururlanmagan. Kartarin, ogʻir-bosiq, ota-onasi va oilasidagilarga mehribon boʻlgan[3]. Shoir Iso, Ahmad Donish, Mirzo Azim Somiy Boʻstoniy qozi Abdushukurning eng yaqin doʻstlari boʻlgan. Abdushukur ibn Abdurasul „Oyat“ taxallusi bilan sheʼrlar yozgan. Buxorodagi taraqqiyparvar ulamo Muhammad Ikromga ustozlik qilgan.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. S.Ayniy. Esdaliklar. Toshkent „Fan“ 1960 — 197 bet. 
  2. I.Qodirov, F.Shirinova. Soʻnggi sulola taqdiri. Toshkent „Muharrir“ 2009 — 80 bet. ISBN 978-9943-354-44-9. 
  3. Садр Зиё. Наводири Зиёия. Душанбе „Адиб“ 1991 — 46 bet.