Kontent qismiga oʻtish

Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi
Yetakchi Ulugʻbek Inoyatov
Ulug'bek Inoyatov
Tashkil etilgan 1-noyabr, 1991-yil(1991-11-01)
Shtab kvartiralari Toshkent (Oʻzbekiston)
Gazetasi Oʻzbekiston ovozi
Yoshlar qanoti "Istiqbol"
Ayollar qanoti "Faol ayollar"
Aʼzolari soni 704 183 (2024-yil 15-iyul)
Qonunchilik palatasidagi
oʻrinlar
28 / 120
(I chaqiriq)
32 / 150
(II chaqiriq)
27 / 150
(III chaqiriq)
22 / 150
(IV chaqiriq)
Senatdagi
oʻrinlar
69 / 250
(I chaqiriq)
49 / 250
(II chaqiriq)
Vebsayt xdp.uz

Oʻzbekiston xalq demokratik partiyasi (Oʻzbekiston XDP) – Oʻzbekistondagi siyosiy partiyalardan biri.

1991-yil 14-sentabr kuni bir guruh faollar mamlakatdagi ijtimoiy-siyosiy vaziyatdan kelib chiqib, Vatanimiz va uning xalqining oliy manfaatlarini hisobga olib, o‘tish davrida manzilli ijtimoiy yordam va ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan aholi qatlamlari va guruhlari manfaatlarini ifoda etuvchi va ilgari suruvchi, sifat va mazmun jihatidan parlament shaklidagi yangi siyosiy tashkilotni – O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasini tuzish tashabbusi bilan chiqdi.

  • Faollar tomonidan yangi mafkuraga, eng yaxshi xalq demokratik an’analariga, xalqning tarixi tajribasiga, umumbashariy qadriyatlarga tayanuvchi, sog‘lom fikr mafkurasini shakllantirish bo‘yicha takliflar ilgari surildi.
  • Yangi partiyani tashkil etish bilan bog‘liq masalalarni hal etish uchun Tashkiliy qo‘mita, dastur va nizom loyihasini tayyorlash hamda tuzilmalarini shakllantirish bo‘yicha komissiyalar tuzildi.
  • Bo‘lajak siyosiy partiya dasturi loyihasini tayyorlovchi komissiya tarkibida 3 ta ishchi guruhi ish boshladi. Ularning har biri o‘z loyihasini tayyorladi. Shuningdek, Komissiya nomiga yana 4 ta dastur loyihasi kelib tushdi. Komissiya ularning barchasi asosida yagona loyihani ishlab chiqdi.

Tashkiliy qo‘mitaning 1991-yil 4-oktabrdagi yig‘ilishida hujjatlarning loyihalari muhokama etildi va uni umumxalq muhokamasiga qo‘yish uchun, matnini matbuotda e’lon qilishga kelishildi.

Partiyaning 1-Ta’sis qurultoyi to‘g‘risidagi qaror. "O‘zbekiston ovozi" gazetasi 1991 yil 9 oktyabr (196-soni)

1991-yil 9-oktabr kuni matbuotda Tashkiliy qo‘mitaning “O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining ta’sis qurultoyini chaqirish to‘g‘risida”gi qarori e’lon qilindi.

Partiyaning 1-Ta’sis qurultoyi to‘g‘risidagi axborot."O‘zbekiston ovozi" gazetasining 1991-yil 2-noyabrdagi 213-soni

1991-yil 1-noyabr kuni mamlakat siyosiy maydoniga birinchi bo‘lib chiqqan O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining 1300 delegat ishtirokida 1-Ta’sis qurultoyi bo‘lib o‘tdi.

Qurultoy ishida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Karimov Islom Abdug‘aniyevich ishtirok etdi va so‘zga chiqdi.

  • Qurultoy yangi siyosiy partiyaga O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi deb nom qo‘yishga oid takliflarni ma’qullab, uning mamlakatimizdagi demokratiya, ozodlik, ijtimoiy taraqqiyot va adolat g‘oyalarining barcha tarafdorlari uchun ochiqligini e’lon qildi. Shuningdek, Qurultoyda partiya Ustavi va Dasturi qabul qilindi, uning ijtimoiy-siyosiy faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari belgilandi, partiyaning Markaziy Kengashi va markaziy Taftish komissiyasi shakllantirildi.
Mahmudjon Rasulov partiya Markaziy Kengashi birinchi kotibi (1991-1994 yy.)
  • Shu kuni bo‘lib o‘tgan plenumda 13 kishidan iborat Markaziy Kengash Siyosiy ijroiya qo‘mitasi saylandi. Plenumda Mahmudjon Mo‘minovich Rasulov partiya Markaziy Kengashining birinchi kotibi, Aziz Nozirov -  ikkinchi kotibi, H.Abduraimov, I.Kochmarik va A.Saidov kotiblar etib saylandilar. Markaziy Taftish komissiyasining raisi etib O‘.Turg‘unov saylandi.

Mahmudjon Mo‘minovich Rasulov 1950-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Ma’lumoti – oliy. 1977-yili Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat oliygohini, 1987-yili Toshkent oliy partiya maktabini tamomlagan.

1991-yil 1-noyabrda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining 1- ta’sis qurultoyida partiya Markaziy Kengashining birinchi kotibi etib saylangan. Ushbu lavozimda 1991-yil 1-noyabrdan 1994-yil 22-avgustgacha faoliyat yuritgan.

Haftasiga uch marta o‘zbek tilida chop etiladigan «O‘zbekiston ovozi» gazetasi partiyaning markaziy bosma nashriga aylandi.

1991-yil dekabr oyida partiya O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan ro‘yxatga olindi.

Dekabr oxiriga kelib partiyani tashkiliy rasmiylashtirish va uning hududiy tashkilotlarini Qoraqalpog‘iston Respublikasi, barcha viloyatlar va Toshkent shahrida hamda mamlakatdagi barcha tuman va shaharlarda tashkil etish jarayoni yakunlandi.

1991-yil 29-dekabrda bo‘lib o‘tgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan Islom Abdug‘aniyevich Karimov nomzodi ko‘rsatildi. Islom Karimov 86 foiz ovoz bilan g‘alaba qozondi.

1992-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, partiya safida 347,7 ming a’zo bo‘lib, ular 11,3 ming boshlang‘ich tashkilotlariga birlashdi.

1992-yil 5-martda – partiyaning rus tilidagi haftalik «Golos Uzbekistana» gazetasi chop etila boshlandi.

1994-yil 22-avgustda – partiyaning plenumida Jalolov Abdulhofiz Marahimovich partiya Markaziy Kengashi birinchi kotibi etib saylandi.

Abdulhafiz Jalolov partiya Markaziy Kengashi birinchi kotibi (1994-2003 yy.)

1994-yil 1-noyabrda – O‘zbekiston XDPning 2- qurultoyi bo‘lib o‘tdi. Qurultoy O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining 1994-yil dekabr oyida mustaqil O‘zbekistonda Oliy Majlis va xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashlariga ilk o‘tkazilgan ko‘p partiyaviylik saylovida ishtirok etishi to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Qurultoyda partiyaning saylovoldi platformasi qabul qilindi. Partiya Ustaviga O‘zbekiston XDP deputatlik birlashmalarini shakllantirish va vakillik davlat hokimiyati organlaridagi faoliyati tartibini belgilovchi o‘zgartirishlar kiritildi.

Abdulhafiz Marahimovich Jalolov partiya Markaziy Kengashi birinchi kotibi etib saylandi.

Abdulhafiz Jalolov 1947 yilda Namangan viloyati, Yangiqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan. Ma’lumoti – oliy. 1969 yili Toshkent davlat universitetini tamomlagan. Mutaxassisligi – faylasuf, falsafa fanlari doktori, professor.

O‘zbekiston ovozi gazetasi 1995 yil 28 yanvar

1995 yil yanvarda – saylov yakunlari bo‘yicha ilk bor O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining 69 nafar deputatdan iborat fraksiyasi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kenesida, barcha xalq deputatlari viloyat, Toshkent shahar, barcha tuman va shaharlar Kengashlarida partiya guruhlari tashkil etildi.

1996 yil 23 mayda – O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi, Qoraqalpog‘iston respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri, tuman va shahar kengashlarida partiyaviy-siyosiy, mafkuraviy ishlarni kuchaytirishga qaratilgan “Maʼrifat” markazlari tashkil etildi.

O‘zbekiston XDP ramzi (1997 yil)

1997 yil 1 martda – O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashining 17-plenumi bo‘lib o‘tdi. Plenumda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining ramziy belgisi tasdiqlandi.

1997 yil may oyida – O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining ramziy belgisi O‘zbekiston Respublikasi Аdliya vazirligidan ro‘yxatdan o‘tkazildi.

1999 yil mart oyida – O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi markaziy nashri “O‘zbekiston ovozi” gazetasi Marketing va sifat bo‘yicha xalqaro assotsiyatsiyasi tomonidan “Oltin va kumush sifat belgisi – 99” bilan mukofotlandi.

1999 yil 8 oktyabrda O‘zbekiston XDP 3-qurultoyi bo‘lib o‘tdi. Qurultoy mustaqil O‘zbekistonni isloh qilish va demokratik modernizatsiyalash borasidagi navbatdagi bosqichi vazifalarini e’tiborga olgan holda partiyaning ustuvorliklarini aniqlashtiruvchi yangi Dasturni qabul qildi.

Qurultoy:

  • partiyaning ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlari manfaatlari va ehtiyojlariga yo‘naltirilganligini hamda uning mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar ijtimoy samaradorligini oshirish ustuvorliklariga sodiqligini tasdiqladi.
  • partiyaning 1999 yilda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va mahalliy davlat vakillik organlariga navbatdagi saylovdagi ishtiroki to‘g‘risida hamda 2000 yil yanvarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko‘p partiyaviylik asosida ilk bora o‘tkazilgan saylovda ishtiroki to‘g‘risida qaror qabul qildi.
  • O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi birinchi kotibi Abdulhafiz Jalolov partiyadan Prezidentlikka nomzod etib ko‘rsatilgan.

2000 yil yanvar – 1999 yildagi davlat hokimiyati vakillik organlariga ikkinchi chaqiriq umumxalq saylovi yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi hamda Xalq deputatlari barcha viloyatlar, Toshkent shahar va tuman (shahar) Kengashlarida O‘zbekiston XDP partiya guruhlari tashkil etildi.

2000 yil 24-noyabrda – O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining "Istiqbol" yoshlar klubi ta'sis etildi.

2001 yil dekabr – partiya O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisini ikki palatali parlamentga aylantirish masalalari bo‘yicha referendum o‘tkazilishini qo‘llab-quvvatlab chiqdi.

2002 – 2003 yillar – partiyaning parlamentdagi fraksiyasi 2002- yil 27- yanvardagi referendum yakunlari bo‘yicha ikki palatali parlamentni shakllantirishga qaratilgan qonun loyihalarini muhokama etish va qabul qilishda faol ishtirok etgan.

Asliiddin Rustamov partiya Markaziy Kengashi birinchi kotibi (2003-2005 yy.)

2003 yil 15 mart – O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashining navbatdagi 5-plenumida parlament sohasida avj olayotgan islohotlar munosabati bilan partiyaning ustuvor vazifalari belgilandi.

2003 yil 27 dekabrda – O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashining 6-plenumida Asliddin Ashurbayevich Rustamov Markaziy Kengashning birinchi kotibi etib saylandi.

Asliddin Rustamov 1962 yilda Samarqand viloyati, Payariq tumanida tug‘ilgan. Ma’lumoti – oliy. 1983 yili Samarqand davlat universiteti va 2000 yili Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. Mutaxassisligi – pedagog, iqtisodchi.

2004 yil 4 noyabrda partiya Markaziy Kengashi Ijroqo‘mi bayonot bilan chiqdi, unda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi mamlakatning siyosiy hayotida so‘l qanotni egallaydi va bozor sharoitlarida ijtimoiy himoyaga muhtoj ijtimoiy guruhlar va aholi qatlamlari himoyachisi sifatida maydonga chiqqanini ma’lum qildi.

2004 yil 6 noyabrda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining navbatdagi 4-qurultoyi bo‘lib o‘tdi.

  • Qurultoy partiya markaziy organlari yangi tarkibini shakllantirdi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga deputatlikka nomzodlar ko‘rsatdi va O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlariga 2004 yil saylovida Saylovoldi dasturini tasdiqladi.
  • Shuningdek, partiya Ustavi yangi tahrirda qabul qilindi.

2005 yil yanvarda – O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi yangi ikki palatali parlamentga ilk bor bo‘lib o‘tgan ko‘ppartiyaviylik saylovi yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida son jihatdan ikkinchi fraksiyani shakllantirdi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasida 28 ta deputatlik o‘rniga ega bo‘ldi.

2005 yil 17 fevralda – O‘zbekiston XDP fraksiyasi Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP, «Fidokorlar» XDP va «Adolat» SDP fraksiyalarining Demokratik blokka birlashishiga, ya’ni parlamentdagi ko‘pchilikni tashkiliy rasmiylashtirilishiga javoban o‘z zimmasiga parlamentdagi ozchilik muholifat rolini olishi haqida e’lon qildi.

2005 yil 1 iyunda – Markaziy Kengash tomonidan iyul oyi boshida partiyaning so‘l siyosiy platformasiga mos bo‘lgan va parlament Qonunchilik palatasiga 2004 yil saylovi natijalarini hisobga oladigan partiyaning yangi Dasturini qabul qilish maqsadida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining 5-qurultoyini chaqirish haqidagi qaror qabul qilindi.

2005 yil 2 iyulda – O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining 5-qurultoyi bo‘lib o‘tdi.

Qurultoyda:

  • xalq demokratiyasining umume’tirof etilgan tamoyillari — ijtimoiy tenglik va ijtimoiy birdamlikka asoslangan partiyaning yangi Dasturi qabul qilindi.
  • partiya Dasturida uning doimiy elektorati — ijtimoiy ko‘makka muhtoj va partiyaning siyosiy faoliyati uchun manfaatlarini belgilovchi hisoblangan aholi qatlamlari aniq belgilandi.
Latif G`ulomov partiya Markaziy Kengashi raisi (2005-2013 yy.)

2005 yil 9 iyulda – O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashining 3-plenumida partiya dasturiy maqsadlarini amalga oshirish bo‘yicha 2005-2009 yillarga mo‘ljallangan umumpartiyaviy Harakat dasturi qabul qilindi.

Plenumda Latif Yoqubovich G‘ulomov O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi raisi etib saylandi.

Latif G‘ulomov 1956 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Ma’lumoti – oliy. 1981 yili Toshkent davlat universiteti va 1990 yili Toshkent siyosatshunoslik va boshqaruv institutini tamomlagan. Mutaxassisligi – arabshunos, siyosatshunos, tarix fanlari nomzodi.

2005 yil iyul–avgustda – Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar partiya tashkilotlarida plenumlar va partiya faollari yig‘ilishlarida O‘zbekiston XDP tashkilotlarining mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotidagi ishtirokini faollashtirish, roli va mas’uliyatini oshirish borasidagi chora-tadbirlar keng muhokama etildi.

2005 yil 30 noyabrda – partiyaning Qoraqalpog‘iston respublika, viloyatlar va Toshkent shahar kengashlari huzurida Xalq demokratik partiyasi Jamoatchilik qabulxonalarini tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

2005 yil dekabr – 2006 yil yanvar – partiyaning «Faol ayollar» va «Istiqbol» yoshlar qanotlari tashkil etildi va ularning jamoat kengashlari shakllantirildi.

2006 yil yanvar–avgust – O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi tizimida a'zolarni qayta ro‘yxatdan o‘tkazish ishlari amalga oshirildi.

2006 yil 7–10 sentyabr – O‘zbekiston XDP delegatsiyasi Koreya Respublikasi poytaxti Seul shahrida bo‘lib o‘tgan Osiyo mamlakatlari siyosiy partiyalari Xalqaro konferensiyasining 4- Bosh Assambleyasi ishida qatnashdi.

2007 yil 3 oktyabr – partiya Markaziy Kengashining 7-plenumi bo‘lib o‘tdi, unda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining 2007 yil dekabrda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovidagi ishtiroki to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

2007 yil 5 noyabr – O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining 6-qurultoyi bo‘lib o‘tdi, unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod sifatida partiyadan Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasi rahbari Asliddin Rustamov ko‘rsatildi.

2008 yil 3 dekabr – partiya tizimida ilk bor yosh siyosatchilar tanlovi «Yosh siyosatchi – 2008» o‘tkazildi, ko‘rik-tanlov har yili 4 bosqichda — boshlang‘ich partiya tashkilotlari, tuman-shahar, viloyatlar va respublika darajasida o‘tkazilishi belgilandi.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining 7-qurultoyi (2009 yil 10 noyabr)

2009 yil 10 noyabrda – O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining 7-qurultoyi bo‘lib o‘tdi.

Qurultoyda:

  • partiya markaziy organlari yangi tarkibini shakllantirdi,
  • O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlar ro‘yxati tasdiqlandi,
  • Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlariga 2009 yildagi saylovda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Saylovoldi dasturi tasdiqlandi.

2010 yil yanvarda 2009 yilgi saylov natijalariga ko‘ra, partiya O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida 32 deputatdan iborat bo‘lgan fraksiyasini shakllantirdi. Qoraqalpog‘iston Respublika Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar, Toshkent shahar Kengashlarida 285 nafar deputat partiya nomidan faoliyat olib boradi. Xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlariga partiyadan 2278 nafar, yoki ushbu davlat hokimiyati organlari deputatlari umumiy sonining 41,8 foiz deputatlari saylangan.

2010 yil 11 martda – O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashining 2- plenumi bo‘lib o‘tdi, unda Partiya dasturiy maqsadlarini amalga oshirish bo‘yicha 2010-2014 yillar uchun belgilangan Umumpartiyaviy amaliy harakat dasturi qabul qilindi.

2010 yil 19 noyabrda – O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashining 3-plenumi bo‘lib o‘tdi, unda “Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish Konsepsiyasi”ni amalga oshirishda partiyaning amaliy ishtirokiga doir vazifalar belgilandi.Partiyaning 2010-2014 yillarga mo‘ljallangan amaliy harakatlar Dasturiga tegishli qo‘shimcha va aniqliklar kiritildi.

2011 yil 30 mart – O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashining 4-plenumi bo‘lib o‘tdi. “O‘zbekiston XDP tashkilotlari va deputatlik birlashmalarining partiya elektorati manfaatlariga javob beruvchi ijtimoiy masalalarni hal qilishdagi faol ishtiroki” masalasi ko‘rib chiqildi.

2011 yil 20 oktyabr – O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashining 5-plenumi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston XDP tashkilotlari va deputatlik birlashmalarining mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini shakllantirish Konsepsiyasini amalga oshirishdagi amaliy ishtiroki samaradorligini oshirish yuzasidan olib borilayotgan ishlar hamda vazifalarning holati masalasi ko‘rib chiqildi.

2012 yil 29 mart – O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashining mamlakatni iqtisodiy rivojlantirish dasturi ustuvorliklaridan kelib chiqadigan O‘zbekiston XDP vazifalari haqidagi masala ko‘rib chiqilgan 6-plenumi bo‘lib o‘tdi.

2013 yil 27 mart – O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashining 7-plenumi bo‘lib o‘tdi. Plenum, partiya elektorati manfaatlariga javob beruvchi ijtimoiy masalalarni hal qilishda O‘zbekiston XDP tashkilotlari va deputatlik birlashmalarining ishtirokini faollashtirish masalasini ko‘rib chiqdi.

2013 yil 24 aprelda – O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashining 8-plenumida Xotamjon Abdurahmonovich Ketmonov Markaziy Kengash raisi etib saylandi.

Xotamjon Ketmonov partiya Markaziy Kengashi raisi (2013-2019 yy.)

Xotamjon Ketmonov1969 yilda Andijon viloyati, Baliqchi tumanida tug‘ilgan. Ma’lumoti – oliy. 1993 yili Andijon davlat tillar pedagogika institutini tamomlagan. Mutaxassisligi – pedagog

2014-yil 26-mart kuni O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashining 9-plenumi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi tashkilotlari va deputatlik birlashmalarining partiya dasturiy maqsad va vazifalarini bajarish, partiya doimiy elektorati manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan faoliyatini yanada takomillashtirish to‘g‘risidagi masala muhokama qilindi.

O‘zbekiston XDP ramzi (2014 yil)

2014 yil 9 aprelda – O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashining 2-plenumi bo‘lib o‘tdi.

Plenumda partiyaning ramziga o‘zgartirish kiritilib, tasdiqlandi.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining ramzi - doira shaklida, tepa qismi bo‘ylab 12 (o‘n ikki) ta besh qirrali yulduz tasvirlangan. pastki qismida “O‘ZBEKISTON XALQ DEMOKRATIK PARTIYASI” so‘zlari yozilgan. Ramzning markazida g‘uncha bo‘lib ochilib kelayotgan gul shakli tasvirlanib, g‘unchasi “XDP” shaklida ifodalangan. Ramzdagi yashil rang – navqironlik ramzi, partiya aʼzolari safining yosharib borayotganligiga ishoradir. Oq rang - mamlakatimizda tinch va osuda hayot hukm surayotganligini bildiradi. Qizil rang – partiyaning doimiy harakatda ekanligini, hayotiy jo‘shqinlikni anglatadi. Ko‘k rang – partiyaning o‘z elektoratiga sadoqatini bildiradi. 12 yulduz – yilning o‘n ikki oyini anglatib, partiya Yurt tinchligi, Vatan ravnaqi, elektorat manfaati yo‘lida doimiy ravishda harakatda ekanligini namoyon etadi. G‘uncha bo‘lib ochilib kelayotgan gul shakli – partiya o‘z elektorati vakillari manfaatini himoya qilishga, ularning orzu-intilishlarini ro‘yobga chiqarishga va qo‘llab-quvvatlashga doimo tayyor ekanligiga ishoradir.

2014 yil 19 sentyabrda – O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi 10-plenumi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga 2014 yil saylovida Xalq demokratik partiyasi ishtiroki to‘g‘risida hamda shu munosabat bilan O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining navbatdagi VIII qurultoyini chaqirish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining 8-qurultoyi (2014 yil 5 noyabr)

2014- yil 5- noyabrda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining 8-qurultoyi bo‘lib o‘tdi.

  • Qurultoyda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzod ko‘rsatish to‘g‘risidagi qarori qabul qilindi;
  • partiyaning 2025-2029 yillarga mo‘ljallangan Saylovoldi dasturi tasdiqlandi.

2015 yil yanvarda – 2014 yil saylovi yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kenesi, xalq deputatlari viloyatlar, Toshkent shahar va barcha tuman va shahar Kengashlarida partiya guruhlarining yangi tarkibi shakllantirildi va u deputatlik korpusida quyidagi vakillikka ega:

  • O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi – 27 deputat (20 %);
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kenesi, xalq deputatlari viloyatlar, Toshkent shahar Kengashlari – 214 deputat (26,4 %);
  • xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlari – 1657 deputat (30,8 %).

2015 yil 15 yanvarda – O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi 2- plenumi partiyaning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovidagi ishtiroki to‘g‘risida va shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi 9- qurultoyini chaqirish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

2015 yil 9 fevralda – O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining 9- qurultoyi bo‘lib o‘tdi.

Qurultoyda:

  • O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovidagi ishtiroki munosabati bilan mahalliy partiya tashkilotlarining tashkiliy va siyosiy vazifalari to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.
  • Partiya Markaziy Kengashi raisi Xotamjon Ketmonovni O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod etib ko‘rsatish haqida qaror qabul qilindi.
  • Qurultoyning tegishli qarori bilan Saylovoldi dasturi ma’qullandi.

2015 yil 16 martda – O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi fraksiyasining majlisi bo‘lib o‘tdi. «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy qonunning 25-1-moddasiga muvofiq, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining parlamentdagi fraksiyasi o‘zini O‘zLiDeP va O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi fraksiyalarini birlashtiruvchi va parlament ko‘pchiligini tashkil etuvchi Demokratik kuchlar blokiga nisbatan muholifat deb e’lon qilish haqida qaror qabul qildi.

2015 yil 9 aprelda – O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi 3-plenumi demokratik islohotlarning bugungi bosqichida O‘zXDP tashkilotlari oldida turgan dolzarb vazifalar haqidagi masalani ko‘rib chiqib, partiyaning 2015-2019 yillarga mo‘ljallangan saylovoldi dasturiy maqsadlarini amalga oshirish bo‘yicha Harakatlar dasturini qabul qildi.

2016 yil 17 sentyabrda – O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashining 6-plenumida partiyaning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishtirok etishi va shu munosabat bilan O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi 10- qurultoyini chaqirish to‘g‘risida masala ko‘rib chiqildi va qaror qabul qilindi.

2016 yil 14 oktyabrdaO‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining 10- qurultoyi bo‘lib o‘tdi.

Qurultoyda:

  • O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi ishtiroki munosabati bilan mahalliy partiya tashkilotlarining tashkiliy va siyosiy vazifalari to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqildi.
  • O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga partiya Markaziy Kengashi raisi Xotamjon Ketmonovni nomzod etib ko‘rsatish haqida qaror qabul qilindi.
  • Qurultoyning tegishli qarori bilan Saylovoldi dasturi ma’qullandi.
  • Qurultoy partiya Ustaviga ham muayyan o‘zgarishlar kiritdi.

2016 yil 4 dekabrda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan ko‘rsatilgan nomzod Xotamjon Ketmonovga saylovchilarning 3,73 foizi (yoki 669 ming 187 nafar kishi) ovozi berilganligi ma’lum qilindi.

2017 yil 31 martda – O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashining 7-plenumi partiyaning 2015-2019 yillarga mo‘ljallangan Harakat dasturiga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritdi.

2018 yil 27 fevral – O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashining 9-plenumi bo‘lib o‘tdi. Plenumda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi siyosiy mafkurasining ustuvor yo‘nalishlari va partiyaning dasturiy maqsadlari qayta ko‘rib chiqilib, tasdiqlandi.

2019 yil 16 mart  – O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashining 11-plenumi bo‘lib o‘tdi.

2019 yil 1 iyunda – O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashining 12-plenumi bo‘lib o‘tdi, unda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi etib Inoyatov Ulug‘bek Ilyasovich saylandi.

Ulug`bek Inoyatov partiya Markaziy Kengashi raisi

Inoyatov Ulug‘bek 1962 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Ma’lumoti – oliy. 1985 yili Toshkent politexnika institutini tamomlagan. Mutaxassisligi – muhandis-iqtisodchi, pedagogika fanlari doktori, professor.

2019 yil 23 sentyabr – O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi Ijroiya qo‘mitasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda partiyaning saylovda ishtirok etish yuzasidan tegishli qarori qabul qilindi.

2019 yil 28 oktyabrda - O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining 11-qurultoyi bo‘lib o‘tdi. Qurultoyda 2019 yilgi parlament va mahalliy Kengashlarga bo‘lib o‘tadigan saylovlarda partiyaning ishtirok etishi haqida qaror qabul qilindi.

2020 yil yanvar – 2019 yil 22 dekabr va 2020 yil 5 yanvar kunlari O‘zbekiston Respublikasi Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlarga bo‘lib o‘tgan saylovlar yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi vakillari:

  • O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida 22 nafar (15 foiz)
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarida 202 nafar (24 foiz)
  • xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlarida 1384 nafar (24 foiz) deputatlar saylandi.

2021 yil 27 iyulda – partiya Markaziy Kengashi Ijroiya qo‘mitasining navbatdagi kengaytirilgan majlisida partiyaning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishtirok etishi haqida qaror qabul qilindi. Partiyaning bo‘lajak saylovda faol ishtirok etishini ta’minlash va ishlarni samarali tashkil etish bo‘yicha asosiy tadbirlarining kalendar Rejasi, partiya markaziy saylov shtabi tarkibi, uning vazifalari belgilandi.

2021 yil 7 avgustda – O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashining 4-plenumi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston XDP ramzi (2021 yil 9 avgust)

Plenumda:

  • 2021 yil 24 oktyabrda bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining ishtiroki hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod ko‘rsatish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
  • Plenumda partiyaning yangi ramzi tasdiqlandi.

2021 yil 10 avgustda – O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining Adliya vazirligi tomonidan qayta davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

2021 yil 6 sentyabr – O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining 12-qurultoyi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi tarixida birinchi marta ayol kishi – Maqsuda Azizovna Varisova – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod sifatida tasdiqlandi va nomzodning dasturi e’lon qilindi.

2021 yil 24 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan Prezident saylovi natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining nomzodi 6.6 foiz ovoz bilan 2-o‘rinni egalladi.

2022 yil 27 aprel – O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashining 5-plenumi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi dasturidagi ustuvor yo‘nalishlar hamda 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini amalga oshirishda partiyaning ishtirokini ta'minlash masalalari muhokama qilindi.

2022 yil 1 iyun – O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi va partiya Markaziy Kengashi Ijroiya qo‘mitasining qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashi va Qonunchilik palatasi Kengashining 2022 yil 20 maydagi konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirish to‘g‘risidagi qarori qo‘llab-quvvatlandi.

2023 yil 15 mart – O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashining 6-plenumi bo‘lib o‘tdi. Plenumda partiyaning “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qarori qabul qilindi.

2023 yil 11 may – O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashining Ijroiya qo‘mitasi yig‘ilishida partiya O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishtirok etishini ma'lum qildi.

2023 yil 12 may – O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashining 7-plenumi bo‘lib o‘tdi. Plenumda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining Qurultoyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod etib Inoyatov Ulug‘bek Ilyasovichni ko‘rsatish to‘g‘risidagi masala muhokama qilindi.

2023 yil 29 may – O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining 13-qurultoyi o‘tkazildi. Qurultoyda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod ko‘rsatish, nomzodning dasturi to‘g‘risidagi hamda partiyaning Ustaviga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi masalalar ko‘rib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilindi. Partiyadan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod sifatida Inoyatov Ulug‘bek Ilyasovich nomzodi va uning Saylovoldi dasturi e'lon qilindi.

2024 yil 27 iyul – O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashining 9-plenumi bo‘lib o‘tdi. Unda Markaziy Saylov komissiyasi tomonidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov bo‘yicha saylov kampaniyasi boshlangani e’lon qilinishi munosabati bilan partiyaning ushbu saylovda ishtirok etishi bilan bog‘liq masalalar muhokama etildi.

******

2024-yil 15- iyul holatiga ko‘ra, partiyaga a’zolar soni – 704 183 tani tashkil etib, ular 10 695 ta boshlang‘ich partiya tashkilotiga birlashgan, a’zolarining 281 167 nafarini yoshlar (40%), 351 209 nafarini ayollar (50%) tashkil etmoqda.

Partiya tuzilishiga ko‘ra, 1 ta markaziy, 14 ta hududiy – Qoraqalpog‘iston Respublikasi, 12 ta viloyat va Toshkent shahar hamda 22 shahar va 179 tuman tashkilotlari, shuningdek, partiya a‘zolarini ish joyi va yashash joyi bo‘yicha birlashtirgan 10 mingdan ziyod boshlang‘ich tashkilotlari mavjud.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi ramzi

[tahrir | manbasini tahrirlash]
O'zbekiston Xalq demokratik partiyasi ramzi

Partiya ramzi parallelogramm shaklida, binafsharang fonda, markazida oq rangda “XDP” so‘zlari aks ettirilgan.

Ramzning chap yuqori qismida lotin xarflarda “O‘zbekiston” yozuvi, o‘ng ostki qismida “Xalq demokratik partiyasi” yozuvi – binafsha rangda, oq fonda tasvirlangan.

Ramzdagi binafsha rang – mehr-oqibat, saxovatlilik ramzi bo‘lib, yetakchilar, liderlar rangi hisoblanadi. Ushbu rang partiya o‘z elektorati vakillari manfaatini himoya qilishga, ularning orzu-intilishlarini ro‘yobga chiqarishga va qo‘llab-quvvatlashga doimo tayyor ekanligiga ishoradir.

Oq rang – mamlakatimizda tinch va osuda hayot hukm surayotganligini bildirib, ijtimoiy birdamlik, an’analarga sodiqlik, poklik va ezgulikni ifodalaydi.

Saylov natijalari

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Saylovlar Deputatlik o'rni
1994
69 / 250
1999
49 / 250
2004
28 / 120
2009
32 / 150
2014
27 / 150
2019
22 / 150

Prezident saylovi

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Yil Partiya nomzodi %
1991 Islom Karimov 87,10
2000 Abdulhafiz Jalolov 4,17
2007 Asliddin Rustamov 3,27
2015 Hotamjon Ketmonov 2,92
2016 Hotamjon Ketmonov 3,73
2021 Maqsuda Vorisova 6,60
2023 Ulugʻbek Inoyatov 4,02

[1]

  1. "Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi" OʻzME. X-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil