Kontent qismiga oʻtish

Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi
Yetakchi Ulugʻbek Inoyatov
Ulug'bek Inoyatov
Tashkil etilgan 1-noyabr, 1991-yil(1991-11-01)
Shtab kvartiralari Toshkent (Oʻzbekiston)
Gazetasi Oʻzbekiston ovozi
Yoshlar qanoti "Istiqbol"
Ayollar qanoti "Faol ayollar"
Aʼzolari soni 684 425 (2024-yil 1-iyul)
Qonunchilik palatasidagi
oʻrinlar
28 / 120
(I chaqiriq)
32 / 150
(II chaqiriq)
27 / 150
(III chaqiriq)
22 / 150
(IV chaqiriq)
Senatdagi
oʻrinlar
69 / 250
(I chaqiriq)
49 / 250
(II chaqiriq)
Vebsayt xdp.uz

Oʻzbekiston xalq demokratik partiyasi (Oʻzbekiston XDP) – Oʻzbekistondagi siyosiy partiyalardan biri.

1991-yil 14-sentabr kuni bir guruh faollar mamlakatdagi ijtimoiy-siyosiy vaziyatdan kelib chiqib, Vatanimiz va uning xalqining oliy manfaatlarini hisobga olib, o‘tish davrida manzilli ijtimoiy yordam va ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan aholi qatlamlari va guruhlari manfaatlarini ifoda etuvchi va ilgari suruvchi, sifat va mazmun jihatidan parlament shaklidagi yangi siyosiy tashkilotni – O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasini tuzish tashabbusi bilan chiqdi.

Faollar tomonidan yangi mafkuraga, eng yaxshi xalq demokratik an’analariga, xalqning tarixi tajribasiga, umumbashariy qadriyatlarga tayanuvchi, sog‘lom fikr mafkurasini shakllantirish bo‘yicha takliflar ilgari surildi.

Yangi partiyani tashkil etish bilan bog‘liq masalalarni hal etish uchun Tashkiliy qo‘mita, dastur va nizom loyihasini tayyorlash hamda tuzilmalarini shakllantirish bo‘yicha komissiyalar tuzildi. Bo‘lajak siyosiy partiya dasturi loyihasini tayyorlovchi komissiya tarkibida 3 ta ishchi guruhi ish boshladi. Ularning har biri o‘z loyihasini tayyorladi. Shuningdek, Komissiya nomiga yana 4 ta dastur loyihasi kelib tushdi. Komissiya ularning barchasi asosida yagona loyihani ishlab chiqdi.

Tashkiliy qo‘mitaning 1991-yil 4-oktabrdagi yig‘ilishida hujjatlarning loyihalari muhokama etildi va uni umumxalq muhokamasiga qo‘yish uchun, matnini matbuotda e’lon qilishga kelishildi.

1991-yil 8-oktabr kuni matbuotda Tashkiliy qo‘mitaning “O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining ta’sis qurultoyini chaqirish to‘g‘risida”gi qarori e’lon qilindi.

Partiyaning 1-Ta’sis qurultoyi to‘g‘risidagi axborot."O‘zbekiston ovozi" gazetasining 1991-yil 2-noyabrdagi 213-soni

1991-yil 1-noyabr kuni mamlakat siyosiy maydoniga birinchi bo‘lib chiqqan O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining 1300 delegat ishtirokida 1-Ta’sis qurultoyi bo‘lib o‘tdi.

Qurultoy ishida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Karimov Islom Abdug‘aniyevich ishtirok etdi va so‘zga chiqdi.

Qurultoy yangi siyosiy partiyaga O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi deb nom qo‘yishga oid takliflarni ma’qullab, uning mamlakatimizdagi demokratiya, ozodlik, ijtimoiy taraqqiyot va adolat g‘oyalarining barcha tarafdorlari uchun ochiqligini e’lon qildi. Shuningdek, Qurultoyda partiya Ustavi va Dasturi qabul qilindi, uning ijtimoiy-siyosiy faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari belgilandi, partiyaning Markaziy Kengashi va markaziy Taftish komissiyasi shakllantirildi.

Mahmudjon Rasulov partiya Markaziy Kengashi birinchi kotibi (1991-1994 yy.)

Shu kuni bo‘lib o‘tgan plenumda 13 kishidan iborat Markaziy Kengash Siyosiy ijroiya qo‘mitasi saylandi. Plenumda Mahmudjon Mo‘minovich Rasulov partiya Markaziy Kengashining birinchi kotibi, Aziz Nozirov -  ikkinchi kotibi, H.Abduraimov, I.Kochmarik va A.Saidov kotiblar etib saylandilar. Markaziy Taftish komissiyasining raisi etib O‘.Turg‘unov saylandi.

Mahmudjon Mo‘minovich Rasulov 1950-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Ma’lumoti – oliy. 1977-yili Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat oliygohini, 1987-yili Toshkent oliy partiya maktabini tamomlagan.

1991-yil 1-noyabrda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining I ta’sis qurultoyida partiya Markaziy Kengashining birinchi kotibi etib saylangan. Ushbu lavozimda 1991-yil 1-noyabrdan 1994-yil 22-avgustgacha faoliyat yuritgan.

Haftasiga uch marta o‘zbek tilida chop etiladigan «O‘zbekiston ovozi» gazetasi partiyaning markaziy bosma nashriga aylandi.

1991-yil dekabr oyida partiya O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan ro‘yxatga olindi.

Dekabr oxiriga kelib partiyani tashkiliy rasmiylashtirish va uning hududiy tashkilotlarini Qoraqalpog‘iston Respublikasi, barcha viloyatlar va Toshkent shahrida hamda mamlakatdagi barcha tuman va shaharlarda tashkil etish jarayoni yakunlandi.

1991-yil 29-dekabrda bo‘lib o‘tgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan Islom Abdug‘aniyevich Karimov nomzodi ko‘rsatildi. Islom Karimov 86 foiz ovoz bilan g‘alaba qozondi.

1992-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, partiya safida 347,7 ming a’zo bo‘lib, ular 11,3 ming boshlang‘ich tashkilotlariga birlashdi.

1992-yil 5-martda – partiyaning rus tilidagi haftalik «Golos Uzbekistana» gazetasi chop etila boshlandi.

1994-yil 22-avgustda – partiyaning plenumida Jalolov Abdulhofiz Marahimovich partiya Markaziy Kengashi birinchi kotibi etib saylandi.

Abdulhafiz Jalolov partiya Markaziy Kengashi birinchi kotibi (1994-2003 yy.)

1994-yil 1-noyabrda – O‘zbekiston XDPning II qurultoyi bo‘lib o‘tdi. Qurultoy O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining 1994-yil dekabr oyida mustaqil O‘zbekistonda Oliy Majlis va xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashlariga ilk o‘tkazilgan ko‘p partiyaviylik saylovida ishtirok etishi to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Qurultoyda partiyaning saylovoldi platformasi qabul qilindi. Partiya Ustaviga O‘zbekiston XDP deputatlik birlashmalarini shakllantirish va vakillik davlat hokimiyati organlaridagi faoliyati tartibini belgilovchi o‘zgartirishlar kiritildi.

Abdulhafiz Marahimovich Jalolov partiya Markaziy Kengashi birinchi kotibi etib saylandi.

Abdulhafiz Jalolov 1947 yilda Namangan viloyati, Yangiqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan. Ma’lumoti – oliy. 1969 yili Toshkent davlat universitetini tamomlagan. Mutaxassisligi – faylasuf, falsafa fanlari doktori, professor.

1995 yil yanvarda – saylov yakunlari bo‘yicha ilk bor O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kenesida, barcha xalq deputatlari viloyat, Toshkent shahar, barcha tuman va shaharlar Kengashlarida partiya guruhlari tashkil etildi.

1999 yil 8 oktyabrda O‘zbekiston XDP III qurultoyi bo‘lib o‘tdi. Qurultoy mustaqil O‘zbekistonni isloh qilish va demokratik modernizatsiyalash borasidagi navbatdagi bosqichi vazifalarini e’tiborga olgan holda partiyaning ustuvorliklarini aniqlashtiruvchi yangi Dasturni qabul qildi.

Qurultoy partiyaning ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlari manfaatlari va ehtiyojlariga yo‘naltirilganligini hamda uning mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar ijtimoy samaradorligini oshirish ustuvorliklariga sodiqligini tasdiqladi.

Qurultoy partiyaning O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va mahalliy davlat vakillik organlariga navbatdagi saylovdagi ishtiroki to‘g‘risida hamda 2000 yil yanvarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko‘p partiyaviylik asosida ilk bora o‘tkazilgan saylovda ishtiroki to‘g‘risida qaror qabul qildi. O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi birinchi kotibi Abdulhafiz Jalolov partiyadan Prezidentlikka nomzod etib ko‘rsatilgan.

2000 yil yanvar – 1999 yildagi davlat hokimiyati vakillik organlariga ikkinchi chaqiriq umumxalq saylovi yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi hamda Xalq deputatlari barcha viloyatlar, Toshkent shahar va tuman (shahar) Kengashlarida O‘zbekiston XDP partiya guruhlari tashkil etildi.

2001 yil dekabr – partiya O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisini ikki palatali parlamentga aylantirish masalalari bo‘yicha referendum o‘tkazilishini qo‘llab-quvvatlab chiqdi.

2002 – 2003 yillar – partiyaning parlamentdagi fraksiyasi 2002 yil 27 yanvardagi referendum yakunlari bo‘yicha ikki palatali parlamentni shakllantirishga qaratilgan qonun loyihalarini muhokama etish va qabul qilishda faol ishtirok etgan.

Asliiddin Rustamov partiya Markaziy Kengashi birinchi kotibi (2003-2005 yy.)

2003 yil 15 mart – O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashining navbatdagi V plenumida parlament sohasida avj olayotgan islohotlar munosabati bilan partiyaning ustuvor vazifalari belgilandi.

2003 yil 27 dekabrda – O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashining VI plenumida Asliddin Ashurbayevich Rustamov MK birinchi kotibi etib saylandi.

Asliddin Rustamov 1962 yilda Samarqand viloyati, Payariq tumanida tug‘ilgan. Ma’lumoti – oliy. 1983 yili Samarqand davlat universiteti va 2000 yili Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. Mutaxassisligi – pedagog, iqtisodchi.

2004 yil 4 noyabrda partiya Markaziy Kengashi Ijroqo‘mi bayonot bilan chiqdi, unda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi mamlakatning siyosiy hayotida so‘l qanotni egallaydi va bozor sharoitlarida ijtimoiy himoyaga muhtoj ijtimoiy guruhlar va aholi qatlamlari himoyachisi sifatida maydonga chiqqanini ma’lum qildi.

2004 yil 6 noyabrda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining navbatdagi IV qurultoyi bo‘lib o‘tdi. Qurultoy partiya markaziy organlari yangi tarkibini shakllantirdi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga deputatlikka nomzodlar ko‘rsatdi va O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlariga 2004 yil saylovida Saylovoldi dasturini tasdiqladi.

Shuningdek, partiya Ustavi yangi tahrirda qabul qilindi.

2005 yil yanvarda – O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi yangi ikki palatali parlamentga ilk bor bo‘lib o‘tgan ko‘ppartiyaviylik saylovi yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida son jihatdan ikkinchi fraksiyani shakllantirdi. Shuningdek, partiya o‘z o‘rnini kuchaytirib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kenesi, barcha xalq deputatlari viloyat, Toshkent shahar va tuman (shahar) Kengashlarida O‘zbekiston XDP guruhlari tashkil etildi.

2005 yil 17 fevralda – O‘zbekiston XDP fraksiyasi Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP, «Fidokorlar» XDP va «Adolat» SDP fraksiyalarining Demokratik blokka birlashishiga, ya’ni parlamentdagi ko‘pchilikni tashkiliy rasmiylashtirilishiga javoban o‘z zimmasiga parlamentdagi ozchilik muholifat rolini olishi haqida e’lon qildi.

2005 yil 1 iyunda – Markaziy Kengash tomonidan iyul oyi boshida partiyaning so‘l siyosiy platformasiga mos bo‘lgan va parlament Qonunchilik palatasiga 2004 yil saylovi natijalarini hisobga oladigan partiyaning yangi Dasturini qabul qilish maqsadida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining V qurultoyini chaqirish haqidagi qaror qabul qilindi.

2005 yil 2 iyulda – O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining V qurultoyi bo‘lib o‘tdi, u barcha sohalarda partiyani chuqur isloh qilish bo‘yicha maqsadli ko‘rsatmalarni ishlab chiqdi. Qurultoy xalq demokratiyasi umume’tirof etilgan tamoyillari — ijtimoiy tenglik va ijtimoiy birdamlikka asoslangan partiyaning yangi Dasturini qabul qildi.

Qurultoyda partiya tashkil topgandan keyin ilk bor uning Dasturida doimiy elektorati — ijtimoiy ko‘makka muhtoj va partiyaning siyosiy faoliyati uchun manfaatlarini belgilovchi hisoblangan aholi qatlamlari aniq belgilandi.

Latif G`ulomov partiya Markaziy Kengashi raisi (2005-2013 yy.)

2005 yil 9 iyulda – O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashining III plenumida partiya dasturiy maqsadlarini amalga oshirish bo‘yicha 2005-2009 yillarga mo‘ljallangan umumpartiyaviy Harakat dasturi qabul qilindi. Plenumda Latif Yoqubovich G‘ulomov O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi raisi etib saylandi.

Latif G‘ulomov 1956 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Ma’lumoti – oliy. 1981 yili Toshkent davlat universiteti va 1990 yili Toshkent siyosatshunoslik va boshqaruv institutini tamomlagan. Mutaxassisligi – arabshunos, siyosatshunos, tarix fanlari nomzodi.

2005 yil iyul–avgustda – Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar partiya tashkilotlarida plenumlar va partiya faollari yig‘ilishlarida O‘zbekiston XDP tashkilotlarining mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotidagi ishtirokini faollashtirish, roli va mas’uliyatini oshirish borasidagi chora-tadbirlar keng muhokama etildi.

2005 yil 30 noyabrda – partiyaning Qoraqalpog‘iston respublika, viloyatlar va Toshkent shahar kengashlari huzurida Xalq demokratik partiyasi Jamoatchilik qabulxonalarini tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

2005 yil dekabr – 2006 yil yanvar – partiyaning «Faol ayollar» va «Istiqbol» yoshlar qanotlari tashkil etildi va ularning jamoat kengashlari shakllantirildi.

2006 yil yanvar–avgust – partiya a’zolarini qayta ro‘yxatdan o‘tkazdi. Uning amaliy natijasi sifatida O‘zbekiston XDPning turli sabablarga ko‘ra partiya tashkilotlari ishida va partiya hayotida ishtirok etmagan, ustav vazifalarini bajarmagan, partiya mafkurasini qo‘llab-quvvatlamagan yoki o‘z tashkilotlari bilan aloqani yo‘qotgan passiv a’zolardan holi bo‘lganini ta’kidlash mumkin.

2006 yil 7–10 sentyabr – O‘zbekiston XDP delegatsiyasi Koreya Respublikasi poytaxti Seul shahrida bo‘lib o‘tgan Osiyo mamlakatlari siyosiy partiyalari Xalqaro konferensiyasining IV Bosh Assambleyasi ishida qatnashdi.

2007 yil 3 oktyabr – partiya Markaziy Kengashining VII plenumi bo‘lib o‘tdi, unda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining 2007 yil dekabrda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovidagi ishtiroki to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

2007 yil 5 noyabr – O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining VI qurultoyi bo‘lib o‘tdi, unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod sifatida partiyadan Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasi rahbari Asliddin Rustamov ko‘rsatildi.

2008 yil 3 dekabr – partiya tizimida ilk bor yosh siyosatchilar tanlovi «Yosh siyosatchi – 2008» o‘tkazildi, ko‘rik-tanlov har yili 4 bosqichda — boshlang‘ich partiya tashkilotlari, tuman-shahar, viloyatlar va respublika darajasida o‘tkazilishi belgilandi.

2009 yil 10 noyabrda – O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining VII qurultoyi bo‘lib o‘tdi. Qurultoy partiya markaziy organlari yangi tarkibini shakllantirdi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlarni ko‘rsatdi va Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlariga 2009 yildagi saylovda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Saylovoldi dasturini tasdiqladi.

2010 yil yanvarda – saylov yakunlari bo‘yicha Xalq demokratik partiyasining Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasining yangi tarkibi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kenesi, barcha xalq deputatlari viloyat, Toshkent shahri va tuman (shahar) kegashlarida partiya guruhlari shakllantirildi.

2010 yil 11 martda – O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashining II plenumi bo‘lib o‘tdi, unda partiya 2009 yildagi saylovda ilgari surgan dasturiy maqsadlarni amalga oshirish bo‘yicha 2010-2014 yillarga mo‘ljallangan umumpartiyaviy amaliy harakatlar Dasturi qabul qilindi.

Xotamjon Ketmonov partiya Markaziy Kengashi raisi (2013-2019 yy.)

2010 yil 19 noyabrda – O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashining III plenumi bo‘lib o‘tdi, unda O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti I.A.Karimov tomonidan ilgari surilgan “Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish Konsepsiyasi”ni amalga oshirishda partiyaning amaliy ishtirokiga doir vazifalar belgilandi. Plenum partiyaning 2010-2014 yillarga mo‘ljallangan amaliy harakatlar Dasturiga tegishli qo‘shimcha va aniqliklarni kiritdi.

2013 yil 24 aprelda – O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi VIII plenumida Xotamjon Abdurahmonovich Ketmonov Markaziy Kengash raisi etib saylandi.

Xotamjon Ketmonov1969 yilda Andijon viloyati, Baliqchi tumanida tug‘ilgan. Ma’lumoti – oliy. 1993 yili Andijon davlat tillar pedagogika institutini tamomlagan. Mutaxassisligi – pedagog

2014 yil 19 sentyabrda – O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi X plenumi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga 2014 yil saylovida Xalq demokratik partiyasi ishtiroki to‘g‘risida hamda shu munosabat bilan O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining navbatdagi VIII qurultoyini chaqirish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

2014 yil 5 noyabrda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga 2014 yil saylovida Xalq demokratik partiyasi ishtiroki munosabati bilan chaqirilgan O‘zbekiston XDP VIII qurultoyida partiya markaziy organlari amaldagi tarkibi shakllantirildi. Qurultoy 2014 yildagi saylovda O‘zbekiston XDPning Saylovoldi dasturini tasdiqladi va u 2019 yilgacha bo‘lgan davrda partiyaning amaldagi dasturiy hujjati hisoblanadi. 2005 yilda qabul qilingan partiya Dasturiga nisbatan ushbu Dasturda partiyaning dasturiy ustuvorliklari va maqsadlari uning doimiy elektorati bazaviy manfaatlaridan kelib chiqib aniqlashtirilgan, bu esa partiyaning siyosiy o‘ziga xosligini mustahkamlashga ko‘maklashdi.

2015 yil yanvarda – 2014 yil saylovi yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kenesi, xalq deputatlari viloyatlar, Toshkent shahar va barcha tuman va shahar Kengashlarida partiya guruhlarining yangi tarkibi shakllantirildi va u deputatlik korpusida quyidagi vakillikka ega:

- O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi – 27 deputat;

- Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kenesi, xalq deputatlari viloyatlar, Toshkent shahar Kengashlari – 210 deputat;

- xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlari – 1646 deputat.

2015 yil 15 yanvarda – O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi II plenumi partiyaning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovidagi ishtiroki to‘g‘risida va shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi IX qurultoyini chaqirish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

2015 yil 9 fevralda – O‘zbekiston XDP IX qurultoyi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovidagi ishtiroki munosabati bilan mahalliy partiya tashkilotlarining tashkiliy va siyosiy vazifalari to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqdi. Qurultoy, shuningdek, partiya Markaziy Kengashi raisi Xotamjon Ketmonovni O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod etib ko‘rsatish haqida qaror qabul qildi. Qurultoyning tegishli qarori bilan uning Saylovoldi dasturi ma’qullandi.

2015 yil 16 martda – O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi fraksiyasining majlisi bo‘lib o‘tdi. «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy qonunning 25-1-moddasiga muvofiq, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining parlamentdagi fraksiyasi o‘zini O‘zLiDeP va O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi fraksiyalarini birlashtiruvchi va parlament ko‘pchiligini tashkil etuvchi Demokratik kuchlar blokiga nisbatan muholifat deb e’lon qilish haqida qaror qabul qildi.

Ushbu qaror shu bilan izohlandiki, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi hukumatning Harakatlar dasturi bilan ko‘zda tutilgan qator muhim iqtisodiy va ijtimoiy vazifalarni hal etish yo‘lida saylovoldi dasturida aks etgan o‘z nuqtai nazariga ega.

Bunda fraksiya bayonotida qayd etilishicha, tegishli ustuvor masalalar yuzasidan O‘zbekiston XDP fraksiyasi Demokratik kuchlar blokiga birlashgan partiyalar dasturiy yondashuvlariga to‘g‘ri kelmaydigan o‘z yechimlari yo‘llarini taklif etish va himoya qilishga tayyor.

2015 yil 9 aprelda – O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi III plenumi demokratik islohotlarning bugungi bosqichida O‘zXDP tashkilotlari oldida turgan dolzarb vazifalar haqidagi masalani ko‘rib chiqib, partiyaning 2015-2019 yillarga mo‘ljallangan saylovoldi dasturiy maqsadlarini amalga oshirish bo‘yicha Harakatlar dasturini qabul qildi.

2016 yil 17 sentyabrda – O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashining VI plenumida partiyaning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishtirok etishi va shu munosabat bilan O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi X qurultoyini chaqirish to‘g‘risida masala ko‘rib chiqildi va qaror qabul qilindi.

2016 yil 14 oktyabrdaO‘zbekiston XDP X qurultoyi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi ishtiroki munosabati bilan mahalliy partiya tashkilotlarining tashkiliy va siyosiy vazifalari to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqdi. Qurultoy, shuningdek,O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga partiya Markaziy Kengashi raisi Xotamjon Ketmonovni O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan nomzod etib ko‘rsatish haqida qaror qabul qildi. Qurultoyning tegishli qarori bilan uning Saylovoldi dasturi ma’qullandi. Qurultoy partiya Ustaviga ham muayyan o‘zgarishlar kiritdi.

Ulug`bek Inoyatov partiya Markaziy Kengashi raisi

2017 yil 31 martda – O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashining VII plenumi Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishlari Harakatlar strategiyasini amalga oshirilishi bo‘yicha Davlat dasturi ijrosini ta’minlash yuzasidan O‘zbekiston XDP tashkilotlari va deputatlik birlashmalari oldida turgan muhim vazifalarni ko‘rib chiqdi va partiyaning 2015-2019 yillarga mo‘ljallangan Harakat dasturiga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritdi.

2019 yil 1 iyunda – partiyaning plenumi bo‘lib o‘tdi, unda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi etib Inoyatov Ulug‘bek Ilyasovich saylandi.

Inoyatov Ulug‘bek 1962 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Ma’lumoti – oliy. 1985 yili Toshkent politexnika institutini tamomlagan. Mutaxassisligi – muhandis-iqtisodchi, pedagogika fanlari doktori, professor.

2019 yil 28 oktyabrda - partiya qurultoyi tomonidan 2019 yilgi parlament va mahalliy Kengashlarga bo‘lib o‘tadigan saylvolarda ishtirok etish haqida qaror qabul qilindi.

2021 yil 27 iyulda – partiya Markaziy Kengashi Ijroiya qo‘mitasining navbatdagi kengaytirilgan majlisida partiyaning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishtirok etishi haqida qaror qabul qilindi.

Partiyaning bo‘lajak saylovda faol ishtirok etishini ta’minlash va ishlarni samarali tashkil etish bo‘yicha asosiy tadbirlarining kalendar Rejasi, partiya markaziy saylov shtabi tarkibi, uning vazifalari belgilandi.

Partiya tuzilishiga ko‘ra, 1 ta markaziy, 14 ta hududiy – Qoraqalpog‘iston Respublikasi, 12 ta viloyat va Toshkent shahar hamda 22 shahar va 179 tuman tashkilotlari, shuningdek, partiya a‘zolarini ish joyi va yashash joyi bo‘yicha birlashtirgan 10 mingdan ziyod boshlang‘ich tashkilotlari mavjud.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi ramzi

[tahrir | manbasini tahrirlash]
O'zbekiston Xalq demokratik partiyasi ramzi

Partiya ramzi parallelogramm shaklida, binafsharang fonda, markazida oq rangda “XDP” so‘zlari aks ettirilgan.

Ramzning chap yuqori qismida lotin xarflarda “O‘zbekiston” yozuvi, o‘ng ostki qismida “Xalq demokratik partiyasi” yozuvi – binafsha rangda, oq fonda tasvirlangan.

Ramzdagi binafsha rang – mehr-oqibat, saxovatlilik ramzi bo‘lib, yetakchilar, liderlar rangi hisoblanadi. Ushbu rang partiya o‘z elektorati vakillari manfaatini himoya qilishga, ularning orzu-intilishlarini ro‘yobga chiqarishga va qo‘llab-quvvatlashga doimo tayyor ekanligiga ishoradir.

Oq rang – mamlakatimizda tinch va osuda hayot hukm surayotganligini bildirib, ijtimoiy birdamlik, an’analarga sodiqlik, poklik va ezgulikni ifodalaydi.

Saylov natijalari

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Saylovlar Deputatlik o'rni
1994
69 / 250
1999
49 / 250
2004
28 / 120
2009
32 / 150
2014
27 / 150
2019
22 / 150

Prezident saylovi

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Yil Partiya nomzodi %
1991 Islom Karimov 87,10
2000 Abdulhafiz Jalolov 4,17
2007 Asliddin Rustamov 3,27
2015 Hotamjon Ketmonov 2,92
2016 Hotamjon Ketmonov 3,73
2021 Maqsuda Borisova 6,60
2023 Ulugʻbek Inoyatov 4,02

[1]

  1. "Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi" OʻzME. X-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil