Mussonlar

Mussonlar (fransuzcha: mousson; arabcha: موسم [mavsum] — yil fasllari) — Yer yuzasida va troposferaning quyi qismida doimo bir tomonga esadigan va faqat yil fasllarining almashinishi bilangina oʻz yoʻnalishini qarama-qarshi tomonga oʻzgartiradigan havo oqimi. Bunda quruq, kam bulutli havo oʻrnini sernam, seryogʻin havo oladi (yoki, aksincha boʻladi). Mussonlarning hosil boʻlishida materik bilan okeanning turlicha isishi sabab boʻladi. Bunda bosimning oʻzgarishi hal qiluvchi oʻrin egallaydi. Havo atmosfera bosimi yuqori boʻlgan sovuq joylardan bosimi past boʻlgan issiq joylarga siljiydi (Mussonlar yuqori bosimli va past bosimli mavsumiy joylar orasida vujudga keladi). Qishda bosim materik ustida yuqori boʻlganida Mussonlar materikdan okean tomonga, yozda esa bosim okean ustida yuqori boʻlganida teskari tomonga esadi. Qishki Mussonlar ketidan, albatta, yozgi Mussonlar keladi.
Mussonlarning tropik yoki ekvatorial va tropik boʻlmagan xillari bor. Mussonlar tropik mintaqada kuchliroq namoyon boʻlib, Hind okeanining shimoliy qismiga, Afrikaning tropik qismiga, Osiyoning janubiy, Hindiston, Hindixitoy yarim orollari, Indoneziya orollari va Avstraliyaning shimoliga esib turadi. Moʻtadil mintaqada Xitoyning sharqi, shimoliy-sharqiy qismiga, Yaponiya, Koreya yarim orollariga, Rossiyaning uzoq sharqiga taʼsir etadi.
Tropiklardagi Mussonlarlar (tropik Mussonlar) ekvatorial depresssiya va u bilan bogʻliq konvergensiya zonalari yil davomida oldin ekvatordan janubiy yarim sharga, soʻngra shimoliy yarim sharga, yaʼni joriy yarim yillikda yoz qayerda boʻlsa oʻsha yerga suriladi. Shu bilan bir qatorda passat shamollarining sharqiy maromi, yaʼni qishki Mussonlar gʻarbiy shamollar maromi yozgi Mussonlar bilan almashadi. Mussonlar atmos-feraning pastki qatlamlarida har xil boʻladi, qalinligi 3–4 km ga yetadi. Mussonlar materik ichkarisiga 1000 km gacha kirib borib, joyning asosiy iqlimiy xususiyatlarini belgilaydi.
Tohir Myxtorov.[1]
Galereya
[tahrir | manbasini tahrirlash]Yana q.
[tahrir | manbasini tahrirlash]Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]| Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
| Ushbu maqola chaladir. Siz uni boyitib, Vikipediyaga yordam berishingiz mumkin. Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |