Madhya-Pradesh

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Navigatsiya qismiga oʻtish Qidirish qismiga oʻtish
Madhya-Pradesh

Madhya-pradesh - Hindistonning markaziy qismidagi shtat. Maydoni 308 ming km². Aholisi 60,4 mln. kishi (2001); 90% aholisi hind tili va unga yaqin tillarda, qolgan qismi marathi va rojastoni kabi tillarda soʻzlashadi. Maʼmuriy markazi — Bhopal shahri

Madhya-pradesh hududi miloddan avvalgi 3—2-asrlarda Mauriyalar kuldorlik davlati tarkibida boʻlgan. Mil. boshlaridan 14-asrgacha bir qancha davlatlar, 15-asrda Bahmaniy sultonligi viloyati edi. 16-asr oxirlaridan Boburiylar qoʻl ostiga oʻtdi. 1818-yilda Ost-Indiya kompaniyasi egalladi. 1956-yildan Hindiston shtati. 2000-yil noyabr oyida yangi Chxattisgarx shtatini tuzish maqsadida Madhya-pradesh xududining bir qismi ajratib olindi.

Shtatning yer yuzasi yassitogʻlik va past togʻlardan iborat. Eng baland joyi 1353 m. Shimoliy qismi Hind-Gang tekisligiga tutashgan. Iqlimi tropik, mussonli ikdim, shim.-gʻarbida quruq, jan. va jan.-sharqida sernam. Yanv.ning oʻrtacha temperaturasi 17—24°, iyulniki 27—29°. Yillik yogʻin 700–1600 mm. Daryolari serostona; eng yirik daryosi — Narbada. Shtat hududining 1/3 qismi oʻrmon, tik, sal kabi qimmatbaho yogʻochli daraxtlar usadi.

Madhya-pradesh sanoati tez rivojlanayotgan agrar shtat. Aholisining 75% qishloq xoʻjaligida band. Asosan, tariq, bugʻdoy, sholi, paxta, moyli oʻsimliklar ekiladi. Ipak qurti boqiladi. Madhya-pradeshda marganets va temir rudalari, boksit, kumir, oʻtga chidamli gil qazib olinadi. Pannada mamlakatda yagona olmos koni mavjud. Issiklik elektr stansiyalari bor. Ishlab beruvchi sanoatining qad. va asosiy tarmogʻi — ipgazlama sanoati. Shuningdek, metallurgiya, neft kimyosi, elektronika, avtomobilsozlik, oziq-ovqat sanoati korxonalari, yirik qogʻoz fabrikasi, oyna-keramika, sement, asbest-beton zavodlari bor. Hunarmandchilikda mato, oʻymakorlik buyumlari tayyorlanadi. Shtat xududidan yirik shosse yoʻllar va Hindiston shim.ni uning jan. qismi bilan bogʻlovchi temir yoʻl oʻtgan.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil