Kamoliddin Oʻrinboyev

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Kamoliddin Turdimurodovich Oʻrinboyev
Камолиддин Турдимуратович Ўринбоев
Umumiy maʼlumot
Tavalludi 21-avgust 1985-yil (1985-08-21) (38 yosh)
Fuqaroligi Oʻzbekiston bayrogʻi Oʻzbekiston
Taʼlimi Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi
Millati oʻzbek
Faoliyat yillari 2007-yildan
Mukofotlari
Doʻstlik ordeni (Ozarbayjon)

Kamoliddin Turdimurodovich Oʻrinboyev — Oʻzbekiston yoshlar simfonik orkestri asoschisi, badiiy rahbari va bosh dirijyori. 2020-yil 16-iyundan hozirgi kunga qadar Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi rektori[1][2][3].

Biografiyasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

1985-yilda tug‘ilgan. Musiqiy taʼlimni Glier nomidagi musiqa akademik litseyida gʻijjak va skripka chalishni oʻrganishdan boshlagan. Oʻzbekiston davlat konservatoriyasining bakalavr bosqichini 2007-yilda, magistratura bosqichini 2009-yilda tugatgan. 2009-yili Chaykovskiy nomidagi Moskva davlat konservatoriyasining dirijyorlik fakultetiga oʻqishga kirdi. Sovet Ittifoqi xalq artisti Gennadiy Rojdestvenskiydan tahsil oldi[4].

Janubiy Koreyaning „Buyuk ipak yo‘li“ (koreyscha: 그레이트 실크로드), Rossiyaning „Yangi nomlar“ (ruscha: Новые имена), „Spivakov taklif qilmoqda“ (ruscha: Спиваков приглашает) tanlovlarida ishtirok etgan. Qozog‘istonda oʻtkazilgan O‘zbekiston madaniyati kunlarida qatnashgan. 1998-yilda Qirgʻizistonda boʻlib oʻtgan Xalqaro musiqa festivali laureati, 2007-yilda Osiyo-Tinch okeani mintaqasi davlatlari 2-xalqaro tanlovida 1-darajali diplomga sazovor boʻlgan. 2009-yilda MDHga aʼzo davlatlar mumtoz musiqa ijrochilarining „Kreml yulduzlari“ (ruscha: Кремлёвские звёзды) xalqaro festivali laureati boʻlgan[5].

Rossiya Davlat akademik simfonik orkestri, Ukraina milliy simfonik orkestri, Katta simfonik orkestri, Ippolitov-Ivanov simfonik orkestri, Brandenburg simfonik orkestri, Oʻzbekiston milliy simfonik orkestriga dirijyorlik qilgan[6].

Opera dirijyori sifatida ham Katta teatrda chiqish qilgan. „Alisher Navoiy“ va „Fidelio“ operasiga dirijyorlik qilgan[7].

2014-yilda bir guruh yosh hamfikr musiqachilar bilan birgalikda O‘zbekiston yoshlar simfonik orkestriga asos solgan[8]. 2015-yil avgust oyida "Kamolot" yoshlar ijtimoiy harakati markaziy kengashi qarori bilan ushbu tashkilot qoshida orkestr rasman o‘z faoliyatini boshladi. 2020-yilda orkestr davlat rahbarining qarori bilan Madaniyat vazirligiga oʻtkazildi[9].

Mukofotlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

2014-yilda Kamoliddin O‘rinboyev „Oʻzbekiston belgisi“ ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Shu yil dekabr oyida Prezident Islom Karimovning Farmoni bilan „Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist“ unvoni berildi.

2022-yil 31-avgustda Ozarbayjonning "Doʻstlik" ordeni bilan mukofotlandi[10].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Havolalar[tahrir | manbasini tahrirlash]