Hasan Sabboh

Vikipediya, ochiq ensiklopediya


Asasinlar va Nizoriylar davlati asoschisi
Mamlakat: Eron
Tug'ilgan joyi: Qum, Eron
Tug'ilgan sanasi: 1050
Vafoti: 1124
Qarorgohi: Alamut
Ustozi: Hamdan Qarmat
Farzandlari: 2 o'g'il, 2 qiz

Hasan Sabboh (forscha- حسن صبا, arabcha الحسن بن الصباح الحميري) 1050-1124-yillarda yashagan. Nizoriy Ismoiliylar davlati asoschisi, asasinlar (hashshoshiylar) sardori. U haqida gʻarb mamlakatlari Marko Polo yozgan estaliklari orqali maʼlumotga ega boʻlishgan. Vafotiga qadar Alamut qasrida yashaganligi uchun uni gʻarbda „Togʻ oqsoqoli“ degan nom bilan tanishadi.

Yoshligi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Aytishlaricha u oʻz hayotini yozib qoldirgan, biroq bu maʼlumotlar bizgacha yetib kelmagan. Hasan Sabbohning fors tilida taʼlim-tarbiyaga oid „Al-fusul al-arba“ deb nomlangan risolasi ham mavjud. Bu risola ham bizgacha saqlanmagan boʻlib, undan baʼzi parchalar ash-Shahristoniy asari orqali maʼlum.

„Sarguzashti Sayyidina“ asarida yozilishicha u 1050-yil Eronning Qum shahrida shialar oilasida dunyoga kelgan. Otasi asli kelib chiqishi yamanlik boʻlgan arab, Kufa shahrini tashlab, Erondagi arablarning dastlabki markazlaridan biri boʻlgan Qum shahriga koʻchib kelgan. Keyin oilasi Ray shahariga koʻchib oʻtadi. Hasanning yoshligi Rayda oʻtgan. Shu yerda ustozi Hamdan Qarmat bilan tanishgan. Uning qoʻlida metafizika, tillar, falsafa, astronomiya va matematika (ayniqsa geometriya) fanlarini oʻrgandi. Ray shahri Ismoiliy missionerlarining uyi ham edi. Oʻsha paytda ismoillik Eron va Misrning sharqidagi boshqa mamlakatlarda kuchayib borayotgan harakat edi. Eron ismoiliylari Qohiradagi Fotimiylar xalifaligi tomonidan yuborilgan missiyani yaxshi kutib olganlar va Imom-xalifa al-Mustansir (vaf. 1094) hokimiyatini tan olishdi. Ray shahrida Hasanning oʻrtogʻi Amira Darrab uni Ismoiliy taʼlimoti bilan tanishtiradi. Hasan dastlab unchalik qiziqmagan boʻlsa-da, Ismoilning Musoga boʻlgan munosabatlari muhokama qilingan koʻplab qizgʻin bahslarda qatnashgach, uning qiziqishi asta-sekin oʻsib bordi.[1]Darrabning munosabati Hasanni Ismoiliy taʼlimotlari va eʼtiqodlarini chuqurroq oʻrganishga olib keldi. U 17 yoshida Ismoiliylik oqimini qabul qildi. Hasanning qattiqqoʻlligi va sadoqatliligi uni mintaqaning bosh missioneri Abdul Malik ibn Attosh bilan yaqinlashtirdi. Oʻn yetti yoshli Hasan ibn Attoshda juda yaxshi taassurot qoldirib, Attosh uni missioner oʻrinbosari qilib tayinladi va oʻqishni davom ettirish uchun Qohiraga borishni maslahat berdi.[2]U 1076-yilda Qohiraga yoʻl oladi. Misrga borguncha u turli shaharlar bilan tanishdi. Dastlab Isfaxon, Arran(Ozarbayjon), Armaniston, Iroq, Damashq, Falastin orqali Misrga joʻnab ketdi. Uning 1078-yil 30-avgustda Misrga kelgani haqida qaydlar mavjud. Hasan u yerda 3 yil oʻqidi va Ismoiliylar oqimining haqiqiy aʼzosi boʻldi.[3]

Ismoiliylar ramzi

Qohirada oʻqish davomida Nizor ibn al-Mustansirni qoʻllab-quvvatlagani uchun Badr al-Jamoliyning norizoligiga uchrab, qisqa muddat qamaldi va keyin Eronga qaytdi. Eronga qaytgan Hasan butun hayotini Ismoiliylik oqimiga qaratdi. Hasan Sabboh oʻzining dindoshlari boʻlgan ismoiliylar Eron boʻylab tarqalib ketganligini, shimoliy va sharqiy hududlarda, xususan Daylamanda ularning taʼsiri kuchliligini aniqladi. Ismoiliylar Eronning bosib olingan xalqlari ayniqsa, Xuroson va Koʻhistonda fuqarolar dehqonchilik yerlarini iqtoga boʻlib, u yerda yashovchi aholidan ogʻir soliqlar undirgan hukmron saljuqiylardan norozi ekanliklarini aniqladilar. Saljuqiylarga qarshi norozilik harakatlaridan unumli foydalanib qoldilar. Milodiy 1090-yilga kelib, saljuqiy vaziri Nizomulmulk Hasanni hibsga olish haqida buyruq bergan edi va shuning uchun Hasan shimoliy Qazvin shahrida, Alamut qal’asidan taxminan 60 km uzoqlikda yashirinib yashab, u yerda u rejalar tuzdi. Aholisi asosan shia musulmonlari boʻlgan unumdor vodiy bilan oʻralgan Alamut qalʼani egallash uchun Hasan saljuqiylarga qarshi qoʻzgʻolondan unumli foydalandi. Qal’a ilgari hech qachon harbiy yoʻl bilan qoʻlga kiritilmagan Shuning uchun Hasan puxta reja tuzgan. Ayni paytda u qal’a atrofida aholi punktlarini egallash uchun oʻzining ishonchli tarafdorlarini Alamut vodiysiga joʻnatdi. Tarafdorlari qal’ani egallab olgan Hasan Sabboh uchun qal’a egasi Mahdiydan tortib olish qiyinchilik tugʻdirmagan.[4] Bu qal’a 865-yilda hukmdor Sudan ibn Marzuban tomonidan qurilgan. Podsho ov qilib yurib shu togʻ tepasidan uchib oʻtgan burgutga koʻzi tushadi va bu togʻning choʻqqisida bir qal’a qurdirish kerak degan fikrga keladi va Alamut qasrini qurdiradi. Alamut soʻzining maʼnosi: „burgut makoni“.

Shaxsiy hayoti[tahrir | manbasini tahrirlash]

Hasan zohid va qattiq diniy hayot tarzi bilan mashhur. Xabarlarga koʻra, u Alamut qal’asidagi turar joyidan faqat ikki marta tomga koʻtarilgan.Hasan Sabbohning bir xotini, ikki qizi va ikki oʻgʻli boʻlsa kerak. Shirgirning Alamutga yurishi paytida Hasanning xotini va qizlari xavfsiz joy sifatida Gerdkuhga yuborilgan hamda ular hech qachon Hasanning yoniga qaytmaganlar.

Alamut qasri

Faoliyati[tahrir | manbasini tahrirlash]

Butun sharqni kezib ismoiliya gʻoyalarini yoygan Hasan Sabboh terror yoʻli bilan raqiblarini sirli tarzda yoʻq qilishni oʻylab topgan. U giyohvand modda istemol qilib sarxush boʻlgan odamni „sen jannatdasan agar mangu yashashni xohlasang shu odamni oʻldirasan“ deya qotillikka oʻrgatgan.[5] Bu qotillar asasinlar deyiladi (asosin „hashshosh“ -giyohvand soʻzidan). Bu tashkilot oʻrta asrlarning eng xavfli yollanma qotillarini tayyorlab berganligi bilan tarixda qolgan. Ular juda kuchli maxsus jismoniy va ruhiy tayyorgarlikka ega boʻlib, oʻlimdan aslo choʻchimas va doimo kashish moddasini isteʼmol qilib turishgan. Ularning asosiy ishlari yollanma qotillik, jinoyatchilarni izlab toppish, josuslik kabilar boʻlgan. Eʼtiborli tomoni ular sharpalar singari aslo oʻzlaridan iz qoldirmagan. Shuning uchun ham ularning mijozlari koʻp boʻlgan. Sabboh izdoshlari hatto Jaloliddin va uning bobosi Takashga ham suiqasd qilishga uringandilar. Ularning zaharli xanjaridan yirik davlat rahbarlari, sarkarda va vazirlar, xususan eng buyuk saljuqiylar vaziri Nizomulmulk ham xalok boʻlgan. Asasinlar dovrugʻi hatto Yevropagacha ham yetib, qirollar tugul hatto Rim papalari ham dushmanlari asasinlarni ishga solishdan choʻchib turishgan. Asasinlar tashkiloti 200 yilga yaqin faoliyat koʻrsatgan. 1256-yilda mo’g’ullar hukmdori XlokuxonEronni egallagach, tashkilotning asosiy qarorgohi Alamut ham vayron etiladi va asasinlar ham tarix maydonidan oʻchib ketadi.[6] Bugungi terroristlar ham aynan Sabbohdan kuch olishadi. Asasinlar haqida hatto amerikalik kinoijodkorlar tomonidan filmlar ham suratga olingan boʻlib, 2010-yilda ishlangan „Fors shahzodasi“ va 2016-yilda ekranlarga chiqqan „Asasinlar siri“ filmlari mavjud.[7]

Hasan Sabboh-Togʻ oqsoqoli

Havolalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]