Abdulaxad Abdurashidov

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Abdurashidov Abdulaxad Abdulhamidovich (1956.11.06, Marg‘ilon) — sozanda (naychi). O‘zbekiston xalq artisti (2000). Farg‘ona davlat musiqa bilim yurti (1975) va Toshkent davlat konservatoriyasini 1981-yil tugatgan. Marg‘ilondagi "Do‘stlik" bolalar ansamblida badiiy rahbar (1983—90), O‘zteleradio kompaniyasining "Maqom" ansamblida sozanda (1990-yildan). Repertuaridan mumtoz va xalq cholg‘u kuylari ("Cho‘li Iroq", "Yovvoyi Chorgoh", "Qalandar", eroncha "Shoda-shoda" va boshqalar), o‘zbek ashula va katta ashulalarning cholg‘u yo‘llari ("Fig‘on", "Hanuz", "Ey, sabo", "Bir kelsun" va boshqalar) o‘rin olgan. Ijro uslubiga badihago‘ylik, musiqiy-ifodaviy vositalarning yorqinligi, shu jumladan noziq nolalardan mohirona foydalanish xosdir. Bastakor sifatida "Nay nolasi", "Nigohing" kabi kuylar-ni, "Farg‘ona ekan do‘stlar", "Marg‘ilon atlaslari", "Paydo bo‘libdi" va boshq ashulalarni yaratgan.

Adabiyotlar[tahrir]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil