Saodat Qobulova

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Saodat Qobulova (1925.15.12, Margʻilon - 2007.12.10, Toshkent) — ashulachi, opera xonandasi (lirik-koloraturali soprano). Oʻzbekiston xalq artisti (1957). 1959 yil SSSR xalq artisti unvoniga sazovor boʻlgan. Moskvadagi Oʻzbek opera studiyasi (1954) hamda Toshkent konservatoriyasini (1969) tugatgan. Q. milliy xonandalik sanʼati va musiqa merosi namunalarini, asosan, J. Sultoiov, T. Jalilov, X. Toʻxtasinov, E.Barayevlardan oʻzlashtirgan.

Q. goʻzal tembrli, yorqin va shirador, jilodor va taʼsirchan ovozga ega; oʻzbek xonadalik sanʼatida yangi davr boshlab berganlardan — uning ijro uslubida Yevropa xonandalik xususiyatlari milliy ashulachilik yoʻllari bilan uygʻunlashib ketgan. Q. sanʼatdagi faoliyatini Margʻilon kolxoz—s-z teatridan boshlagan (1939). Muqimiy teatrida (1941—48) Qamar, Mohim, Nurxon (S.Abdulla; T. Jalilov musiqasi, "Tohir va Zuhra"; K.Yashin, "Nurxon") rollarini ijro etgan; asosan, konsert ijrochiligi bilan shugʻullangan. Ikkinchi jahon urushi yillarida harbiy qismlar, gospitallarda madaniy xizmat qilgan. 1954—86 yillarda Navoiy. teatri yakkaxon xonandasi. Q. ijodi koʻproq oʻzbek operalarida yaratgan Jamila, Layli (T.Sodiqov, R.Glier, "Layli va Majnun"), Zuhra (T.Jalilov, B.Brovsin, "Tohir va Zuhra"), Asal (T. Sodiqov, R.Glier, "Gulsara"), Huri (T.Sodiqov, B.Zeydman, Yu.Rajabiy, D.Zokirov, "Zaynab va Omon"), Dilorom (M.Ashrafiy, "Dilorom"), Oyxon (S.Yudakov, "Maysaraning ishi"), Sanobar (S.Boboyev, "Hamza"), Gulnor (R.Hamroyev, "Zulmatdan ziyo") kabi obrazlarida namoyon boʻldi. Bular ichida Huri, Oyxon, ayniqsa, Dilorom partiyalari q. ijodining choʻqqisi boʻlib, ham sahnaviy, ham vokal ijrosi jihatidan mukammalligi bilan ajralib turadi. U oʻzbek opera xonandalaridan birinchilar qatori chet el mumtoz operalarida Leyla (J.Bize, "Marvarid izlovchilar"; oʻzbek va rus tilida), Violetta, Jilda (J.Verdi, "Traviata", "Rigo-letto"), Madam Batterflyay (J.Puchchini, "ChioChio-san"), Rozina (J.Rossini, "Sevilya sartaroshi"), Mimi (J. Puchchini, "Bogema") va boshqa partiyalarning mohir ijrochisi sifatida ham tanilgan.

Konsert ijrochiligi Q. ijodiy faoliyatining ajralmas qismini tashkil qiladi. Uning repertuaridan xalq ashulalari, oʻzbek mumtoz musiqa namunalari ("Galdir", "Navroʻz", "Bayot-1, 2, 3, 4, 5", "Saraxbori Oromijon", "Talqini Bayot", "Samarqand Ushshogʻi", "Buxoro Irogʻi", "Dugoh"), oʻzbek kompozitorlarining asarlari ("Dugonalar", "Davra qoʻshigʻi", S.Yudakov; "Bahor", T. Sodiqov; "Kelsa nogoh", M.Burhonov; "Kashmirda", M.Ashrafiy va boshqalar) asosiy oʻrin olgan. q. D.Zokirovning "Koʻrmadim", "Ey sabo", "Bulbul", X.Toʻxtasinovning "Qora koʻzlar", "Aylagach", Gʻ.Toshmatovning "Karvon keldi" va boshqa asarlarning birinchi ijrochisi. U, shuningdek, chet el klassik kompozitorlarining romanslari, Yevropa va Osiyo xalqlari (rus, ukrain, chex, tojik, ozarbayjon, arman, moʻgʻul, tay, hind va boshqalar)ning qoʻshiqlarini ham ijro etgan. Q. 1972 yildan hozirgi Oʻzbekiston davlat konservatoriyasida vokal sinfi pedagogi, professor (1986), kafedra mudiri (1988— 97) sifatida koʻplab shogirdlar tarbiyalagan. Jahon yoshlari festivali (Moskva)ning laureati (1957). Ijrolari 2 gramplastinka, oʻzbek radiosi fonotekasiga yozilgan, "Oʻzbektelefilm" studiyasi tomonidan Q. ijodiga bagʻishlangan 2 film ishlangan ("Saodat", "Saodat Qobulova kuylaydi", 1991). Osiyo, Yevropa, Amerika mamlakatlarida gastrolda boʻlgan. "Doʻstlik" (1998), "Buyuk xizmatlari uchun" (2001) ordenlari bilan mukofotlangan.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil