Bulbullar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Bulbullar
Biologik klassifikatsiya
Olam: Hayvonlar

Bulbullar (Luscinia) — chumchuqsimonlar turkumining qorayaloqlar oilasiga mansub sayroqi qush. 6 turi bor: sharq bulbuli (L. luscinia) va gʻarb bulbuli (L. megarhynchus) tarqalgan. Ular faqat qanotining tuzilishi bilan bir-biridan farq qiladi. Bulbulning rangi koʻrimsiz, usti qoʻngʻir va toʻq mallarang, qorni oqish, nari bilan modasining rangi bir xil, boʻyi 20 sm gacha boʻladi. Sharq bulbuli Sharqiy Yevropa va Osiyoning bir qismida tarqalgan. Qishlash uchun Gʻarbiy Afrikaga uchib ketadi. Oʻzbekistonga bahor (apr.—may)da uchib kelib, kuz (avg.—sentabr)da uchib ketadi. Gʻarb bulbuli Gʻarbiy Yevropa, Kichik Osiyo, Eron va Afgʻonistondan to Oltoyga qadar tarqalgan. Oʻzbekistonda ham koʻp uchraydi, u suvga yaqin butazor, oʻrmon, toʻqay kabi nam yerlarda yashaydi. Xatto, katta shaharlarda park va bogʻlardagi daraxtlarga uya solib, tuxum qoʻyadi. Gʻarb bulbuli tropik Afrika, Hindiston va Arabistonda qishlaydi. Oʻzbekistonga bahorda (apr.ning oxirida) uchib keladi. Narilari uchib kelishi bilan to joʻjalari tuxumdan chiqqunga qadar, ayniqsa joʻjalari tuxumdan chiqadigan vaqtda koʻp va baland ovoz bilan sayraydi. Joʻjalari uchirma boʻlgandan keyin (iyunda) sayrashdan toʻxtaydi. B. qafasda ham sayraydi. Sharq bulbuli gʻarb bulbuliga qaraganda baland va yoqimli sayraydi. B. uyasini daraxt va butalarga soladi. 4—6 dona tuxum qoʻyadi. Tuxumini faqat modasi bosadi. Bolasi tuxumdan 13—14 kunda chiqadi. Bolalarni boqishda pari ishtirok etadi. Bulbul hasharotlar va ularning lichinkalari bilan oziqlanib, foyda keltiradi.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil