Bulat Soliyev

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Bulat (Bekbulat) Majidovich Soliyev (22.03.1882-yil Astraxan,13.10.1937-yil Toshkent) — tarixchi olim, professor (1926).

Qozon va Ufa shaharlaridagi madrasalarda oʻqigan. 1909-yildan Turkiston oʻlkasi qishloqlarida maktablar ochib, oʻqituvchilik qilgan. 1917—1918-yillar nashr etilgan "El bayrogʻi" gazetasining muharriri. Qoʻqonda oʻqituvchilar seminariyasi va Fargʻonada qishloq maktablari uchun oʻqituvchilar tayyorlash kurslarini tashkil qilishda qatnashgan (1918). 1919—1920 -yillarda Toshkentda turli oʻquv yurtlari va kurslarda ishlagan. 1923— 1924-yillarda Buxoroda nashr etilgan "Maorif" jurnalining muharriri. 1925— 1927-yillarda Moskvadagi qizil professorlar institutida oʻqigan va Sverdlov nomidagi universitetning tarix fakultetini tugatgan, keyin SSSR xalqlari Markaziy nashriyotida ilmiy xodim vazifasida faoliyat olib borgan. 1927-yildan Samarqandda Oliy pedagogika instituti professori mazkur insititutda Oʻrta Osiyo tarixi kafedrasini tashkil qilib, Oʻrta Osiyo tarixidan dars bergan. "Qizil qalam" adabiy jamiyati aʼzosi. 1936-yildan Oʻzbekiston Fanlar qoʻmitasidagi Oʻzbekiston tarixi va adabiy boʻlimi boshligʻi. Soliyev Bulatning ilmiy faoliyati Sharq mamlakatlari, xususan, Oʻrta Osiyo tarixi, etnografiyasi va iqtisodiyotini oʻrganishga bagʻishlangan. 1937-yil qatagʻon qilingan va otib tashlangan. 1956-yil oqlangan. Samarqanddagi koʻchalardan biri Soliyev Bulatning nomi bilan ataladi.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Buxoro oʻlkasi mangʻitlar saltanati davrida, T., 1926;
  • Oʻrta Osiyoda islom dinining tarqalishi, T. — Samarqand, 1928;
  • Oʻzbekiston tarixi (15—19-asrlar), T., 1929.
  • Germanov V. A., Professor Pulat Saliyev i yego vremya, T., 2002.