Boysun soyligi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Boysun soyligi — Boysun tizmasining janubi-gʻarbiy etaklaridagi soylik. Boysun soyligi shimolida Chagʻil togʻlari, sharkda Sherobod-Sariqamish qirlari, janubiy va janubi-gʻarbda baland tepaliklar va past togʻlar bilan oʻralgan. Mutlaq balandligi 1200 m. Boysun soyligida qish unchalik sovuq emas, yoz issiq va quruq. Yanvarning oʻrtacha temperaturasi —0,8°, iyulniki 27°. Yillik yogʻin miqdori 445 mm, asosan qish va bahorda yogʻadi. Boysun soyligi ni shimolida Boysun tizmasi etaklaridan va Chagʻil togʻlari yon bagʻirlaridan boshlanuvchi soylar kesib oʻtadi. Bu soylar faqat bahorda toʻlib oqadi, qolgan vaqtlarda qurib qoladi. Boysun soyligida qumoq, shoʻrtob va boʻz tuproqli yerlar koʻp, dehqonchilik qilinadi. Yassi tepalik va qirlarida lalmi bugʻdoy va arpa ekiladi.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil