Borsakelmas

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

BorsakelmasOrol dengizining shim. gʻarbiy qismidagi orol. Qozogʻistonning Kiziloʻrda viloyatida. Uz. 27 km, eni gʻarbda 11,5 km, sharkda 2,5 km. Maydoni 133 km² (1961). Qirgʻoqlari asosan tekis, past, jan. qirgʻogʻi bir oz baland va qoyali. Yer yuzasi tepalik va soyliklardan iborat pasttekislik. Aksari qismining balandligi 100 m, eng baland joyi 113 m. B. da doimiy va muvaqqat koʻllar, sohilida shoʻr koʻllar uchraydi. Orolning shim. yarmi qumli pasttekislik, unda qum tepalari va taqirlar koʻp. Borsakelmas asosan paleogen (yuqori eotsen) ning mergelli va qumli gillari hamda kvarsli qumlaridan, jan. eng baland qismi quyi va oʻrta oligotsenning gil, alevrit va qumtoshlaridan tashkil topgan. Orolning shim. va sharqining gil yotqiziqlari ustini golotsenning choʻkindi jinslari qoplagan. Iqdimi kontinental; iyulning oʻrtacha temperaturasi 26°, yanvar niki — 11°, oʻrtacha yillik yogʻin 120–160 mm. Borsakelmas da koʻproq boʻzqoʻngʻir tuproqlar, taqirli tuproqlar, shoʻrxoklar tarqalgan. Siyrak choʻl oʻsimliklari, koʻproq shuvoq, shoʻra, burgan, shoʻrtob va shoʻrxok yerlarda qiyoq, qamish oʻsadi, ondasonda saksovulzorlar uchraydi. Qumli yerlarda qizilcha, kauchukli xondrilla, yantoq, yovvoyi suli oʻsadi. Bahorda qoʻngʻirbosh, lola, bugʻdoyiq, ravoch kabi efemer oʻsimliklar oʻsadi. B. da sut emizuvchilarning 13 turi, parrandalarning 202 turi, sudralib yuruvchilarning 8 turi yashaydi. Shuningdek xos hayvonlardan qoʻshoyoq, olaxurjun, yumronqoziq, saygʻoq, jayran, qulon, tulki, tipratikan, dumaloqbosh kaltakesak, zaharli qalqontumshuq ilon, chiporilon, suvilon, parrandalardan bulduriq, yilqichi, suv burgutlari, miqqiy, toʻrgʻay, qarqunoq, qargʻa, zogʻcha, chumchuqlar bor. Toʻqayzorlarda oʻrdak, loyxoʻrak, baliqchi qushlar, dengiz boʻyida qoravoylar galagala boʻlib yashaydi. B.da oʻsimlik va hayvonlarni saqlash va koʻpaytirish maqsadida 1939 yilda Borsakelmas qoʻriqxonasi tashkil etilgan. 1961 yildan eʼtiboran dengiz sathining pasayishi natijasida orolning maydoni kengayib bormoqda, hozirda u quruqlik bilan tutashdi.

Adabiyotlar[tahrir]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil