Bobiylar qoʻzgʻolonlari

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Bobiylar qoʻzgʻolonlari — Eronda shoh tuzumiga qarshi boʻlib oʻtgan xalq qoʻzgʻolonlari (1848—52); bobiylik taʼsirida boʻlgani uchun Bobiylar qoʻzgʻolonlari deb atalgan. Qoʻzgʻolon ishtirokchilari asosan dehqonlar, hunarmandlar, shahar kambagʻallari va mayda savdogarlardan iborat boʻlgan. Unga past tabaqadagi ruhoniylar va bobiylik mazhabiga mansub savdogarlar vakillari boshchilik qilgan. Bobiylar qoʻzgʻolonlari Erondagi mavjud tuzumni abadiy baxtli hayot bilan almashtirishni koʻzda tutgan utopi k harakterdagi qoʻzgʻolon edi. Birinchi qoʻzgʻolon (1848 yil sentabr) Mozandaronda boshlandi. Mulla Muhammad Ali va Mulla Husayn yetakchiligidagi qoʻzgʻolonchilar (2 mingdan ortiq) shayx Tabarsiy maqbarasi yaqinidagi qalʼani egallab, shohning muntazam qoʻshiniga uzoq vaqt (1849 yil maygacha) qar. shilik koʻrsatdilar. Ammo, kuchlar teng boʻlmagani boisidan magʻlub boʻldilar. Ikkinchi qoʻzgʻolon (1850 yil iyun— dek.) birinchisiga nisbatan ancha tartibli va kuchliroq boʻldi. Qoʻzgʻolonchilar asosan Zanjon shahri atrofidagi hunarmand va dehqonlardan iborat boʻlib, qoʻzgʻolonda hatto ayollar ham ishtirok etdi. Shunga qaramay, u 1850 yil oxirlarida bostirildi. U ch i n chi qoʻzgʻolon (1850 yil iyun) Fors viloyatining Nayriz shahrida boshlanib, bir necha kun ichida bostirildi. Shundan soʻng bobiylar shohga qarshi suiqasd uyushtirdilar (1852 yil). Lekin shoh omon qolib, bobiylarni butunlay qirgʻin qilgan.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. "Bobiylar qoʻzgʻolonlari" OʻzME. B-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil