Kontent qismiga oʻtish

Anov madaniyati

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Anov madaniyati — Ashxobod yaqinidagi Anov qishlogʻi atrofida joylashgan ilk eneolit va soʻnggi jez davrlariga oid qadimgi dehqonchilik manzilgohlari va shahar harobalari. Eneolit va jez davri manzilgohlari saqlanib qolgan shimoliy va janub Anov tepaliklari ayniqsa dunyoga mashhur. Anov madaniyatini dastlab amerikalik geolog R. Pompelli va angliyalik arxeolog Shmidt tekshirgan. Anov madaniyati qatlamlaridan xom gʻishtdan qurilgan binolar qoldiqlari, turli mis buyum va zeb-ziynatlar, tosh yorgʻuchoqlar, sirtiga rang-barang naqshlar ishlangan sopol idishlar hamda jamiki borliqni vujudga keltiruvchi qudrat timsoli hisoblangan ayol haykalchalari topilgan. Arxeologik qazishlar va aerofoto suratlar eneolit davridayoq Oʻrta Osiyo hududida eng ilk sugʻorish inshootlari barpo boʻlganligini koʻrsatadi. Eneolitdan jez davriga oʻtish bosqichida sopol buyumlarga naqsh ishlash bilan birga inson va hayvonlar shaklini ham chizish keng tus olgan. Anov madaniyati yodgorliklarini boshqa mintaqa topilmalari bilan qiyosiy oʻrganilishi natijasida jez davrida, milod avvalgi 3-2 ming yillik oxirida Oʻrta Osiyo janubida ilk shahar madaniyati, qadimgi Sharq tipidagi mahalliy madaniyat vujudga kelgan deb hisoblanadi.

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil