Ahmad darug‘a madrasasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Ahmad darug‘a madrasasi
Joylashuv Buxoro
Turi madrasa
Xarita

Ahmad darug‘a madrasasi Madrasa Ahmad darug‘a guzarida joylashgan bo‘lib, masjid binosiga qo‘shilib ketgan. Hujralardan iborat bo‘lgan. Uning nomi ikkita rasmiy hujjatda mavjud.

Tarixi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Qozikalon Mir Badriddin oliy hukmdorga shunday murojaat qiladi: “Ahmad darug‘a guzari masjidi hujralari mudarrisi mulla Baqoxoja janobi oliy mehribonligidan umidvor bo‘lib va duoyi joningizni qilib Mehtar Idrok guzari masjidi imomi va mudarrisi mazkur mulla Husayn o‘rniga o‘tishni istaydi. Maoshi o‘n olti tilla”. Va yana: “Ahmad darug‘a guzari masjidi hujralari mudarrisi mulla Qosimxoja janobi oliy mehribonligidan umidvor bo‘lib va benihoya duolar qilib Sarrajon guzari masjidi hujralarida dars beruvchi mazkur mulla Mahmudxoja o‘rniga o‘tishni istaydi. Maoshi yigirma besh tilla”. Ushbu madrasa hoji Ahmad darug‘a masjidining atrofida 15 hujradan iborat bo‘lgan. Masjidga tegishli bir qancha vaqf hujjatlari saqlanib qolgan. Ularning eng qadimiysi Amir Shohmurod davrida rasmiylashtirilgan. Unda yozilishicha: “Mulla Muhammad Xudoyberdi valadi So‘yi Xudoyberdi hijriy 1210-yili sha'bon oyida Poyirud tumanidagi Qatang‘avi mavzesidagi ikki tanob mulki xolis yerini hoji Muhammad3 daru g‘a guzari masjidi uchun vaqf qilgan”. Masjidning g‘arbida voqifning hovlisi, shimolida hovuz, sharqida omma yo‘li va janubida Shirgaron darvozasiga eltuvchi yo‘l bo‘lgan. U xom g‘ishtdan sinchli qilib qurilgan bo‘lgan. Undan so‘ng Sar Kuchak valadi Ashur Kuchak ismli shaxs hijriy 1211-yil rajab oyida shahardagi bitta hovlisini vaqf qilgan. Madrasa yoki hujralar to‘g‘risida hech qanday so‘z yo‘q. Keyingi davrlarda rasmiylashtirilgan vaqf hujjatlarida ham shu ahvol. Ammo bu holat madrasaning keyin qurilganini anglatmaydi. Chunki tarixda madrasa va masjidlar uchun mulklarni alohida-alohida vaqf qilinishi tez-tez uchragan.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Buxoro ta'lim tizimi tarixi. Abdusattor Jumanazar. Toshkent: Akademnashr, 2017. – B. 202.