Abu Sulaymon Banokatiy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Abu Sulaymon Banokatiy
Tavalludi XIII asr
Vafoti 1329-yil

Abu Sulaymon Banokatiy — alloma va faylasuf. XIV asrda Shoshda yashagan ko‘zga ko‘ringan tarixnavis olimlardan biri Abu Sulaymon Banokatiydir. Uning to‘liq ismi Abu Sulaymon Faxruddin Ali Abulfazl Dovud Muhammad al-Banokatiydir. Abu Sulaymon Banokatiy deyilishiga qaraganda, u XIII asr oxirida Banokat shahrida tug‘ilgan. Keyinchalik Banokat shahrini Shohruxiya deb ham ataganlar. „Haft iqlim“ asarida keltirilishicha, bu shaharning boshqa nomi Shosh yoki Choch deb atalgan. Banokatiy G‘ozonxon davrida (1301—1302-yillari) saroy shoiri ham bo‘lgan va „Malik ush-shuaro“ (shoirlar peshvosi shohi) degan laqabini olishga muyassar bo‘lgan. U 1329-yili vafot etgan. Toshkentda saqlanayotgan XVI asrda ko‘chirilgan Banokatiy asarining yettinchi qismida Mavlono Tojuddin Banokatiyning katta o‘g‘li Nizomuddin Alining nomi keltirilgan. Maʼlum bo‘ladiki, Faxruddin Alining Nizomuddin Ali degan akasi bo‘lgan. U ham o‘z davrining olimlaridan bo‘lgan. Abu Sulaymon Banokatiy tarixnafis olim sifatida o‘zining umumiy tarixga oid „Ravzat uli-l-albob fi-at-tavorix va al-ansob“ („Ulug‘ kishilarning tarixi va nasablari haqida oqillar bog‘i“) asarini yozadi. Uni qisqacha qilib „Tarixi Banokatiy“ deb ataganlar. Bu asar, Rashidaddinning umumiy tarixga oid mashhur „Jomi at-tavorix“ nomli tarixiy asarining qisqartirilgan nusxasi bo‘lib, 1317 yili yozib tugatilgan[1]. V. V. Bartold fikriga qaraganda, faqat 1310-yildan keyingi voqealar Banokatiy tarafidan mustaqil ravishda yozilgan. Asar to‘qqiz qismdan iborat bo‘lib, unda Hindiston, Armaniston, Eron, Rum, Xitoy, yahudiylar, arab xalifaligi, mo‘g‘ul tarixi haqida yozilgan. Bu asardan ikki qo‘lyozma nusxa hozirda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutining qo‘lyozma asarlar xazinasida saqlanmoqda. Ulardan biri XVI asrda, ikkinchisi esa 1829-yili ko‘chirilgan. Bu asardan bir nusxa Toshkent Davlat Universiteti kutubxonasida, bir nusxa Sankt-Peterburg Davlat Universiteti kutubxonasida, bir nusxa Tojikiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutining qo‘lyozma asarlar xazinasida va bir necha qo‘lyozma nusxasi xorijiy mamlakatlardagi qo‘lyozma xazinalarda (Parij, Oksford, Vena, London, Berlin, Tehron) saqlanmoqda. Bu asarning sakkizinchi qismi matnini 1677-yili Andreas Myuller lotincha tarjimasi bilan nashr qilgan edi. Uning ingliz tiliga Elliot tarafidan qilingan tarjimasi ham 1820-yil Londonda nashr etilgan[2].


Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Muhammadkarimov A. Toshkent allomalari va tarixiy shaxslari (ikkinchi kitob). Toshkent: Toshkentnoma, 2009 — 55 bet. 
  2. Uvatov U. Buyuk yurt allomalari. Toshkent: Oʻzbekiston nashriyoti, 2018 — 424 bet.