Abu Bakra

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Abu Bakra Nufay’ ibn Masruh as-Saqafiy
Shaxsiy maʼlumotlar
Vafoti milodiy 671-yil (hijriy 51-yil)
Dini Islom
Ota-onasi
  • (otasi)
  • Sumayya (onasi)
Tanilgan sohasi sahoba

Abu Bakra (arabcha: أبو بكرة — Abu Bakra Nufay’ ibn Masruh as-Saqafiy) — sahoba.

Oilasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Onasi Sumayya — Vosit yaqinidagi Zan­davard shahridan bo‘lib, Eron kisrosi tomonidan Yaman podshohi Abu-l-Xayrga hadya qilingan. Podshoh Abu-l-Xayr ham vataniga qaytayotganda Toifda xastalanib, uni davolagan mashhur arab tabibi Horis ibn Kaladaga hadya etgan. Sumayya Horis ibn Kaladaning quli Masruh bilan nikohlangan va bu nikohdan Nufay’ dunyoga kelgan. Aksar manbalarda Horis ibn Kaladaga nisbat berilishi uning quli bo‘lgani sabablidir. Abu Bakra musulmon bo‘lganidan so‘ng Horis ibn Kaladaga nisbat etilishini rad qilgani ham uning o‘g‘li bo‘lmaganini ko‘rsatadi.

Al-Basriy nisbasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Toif qamalida musulmonlarga qo‘shilgan kishilar erkin bo‘lishi, qullar esa qullikdan ozod etilishi eʼlon qilinganida Toif qal’asidan qochib kelgan yigirma uch quldan biri ham Abu Bakra bo‘lgan. Qal’adan pastga Bakra degan quduq orqali tushgani uchun Payg‘ambar unga „Abu Bak­ra“, deb nom berganlar va o‘sha kundan shu laqab bilan atala boshlangan. Payg‘ambarning buyruqlari bilan Islom dinini Amr ibn Osdan o‘rganadi. Sing­lisi Azdaning turmush o‘rtog‘i Utba ibn Gʻazvon Umar davrida Basraga voliy qilib tayinlanganidan so‘ng, Bahraynda bo‘lgan Abu Bakrani yoniga chaqiradi. Abu Bakra bu yerda uzoq vaqt qolgani uchun al-Basriy nisbasini ham olgan.

Siffiyn jangida ishtirok etmasligi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Abu Bakra va ukasi Ziyod ikki kishi bilan birga Mug‘iyra ibn Shu’baning zino qilganini aytadilar. Biroq Ziyod voqeaga shohid bo‘lgan shaxsni aniq ko‘rsata olmagani uchun Mug‘iyra ibn Shu’ba rajm jazosidan qutulib qoladi. Abu Bakra bilan bosh­qa ikki kishi esa daʼvolarini isbotlash uchun yetarli guvohga (eng kamida to‘rt kishi) ega bo‘lmaganlaridan had jazosiga tortiladilar. Guvohliklari qabul qilinmaganidan Mug‘iyra haqidagi bu daʼvolari uchun tavba qilishlari taklif qilinganda, ikki kishi bu taklifni qabul qiladi, ammo Abu Bakra tavba qilmaydi. Ukasi Ziyodning bu voqeadagi o‘zini tutishi sababli u bilan boshqa gaplashmaydi. O‘g‘illari ukasi tomonidan himoya qilinib nufuzli mavqelarga erishishlarini ham qabul qilmaydi. Jamal voqeasida Oysha tarafdori bo‘lib turganida Payg‘ambardan eshitgan bir hadisni eslab orqaga qaytadi va betaraf bo‘lishni maʼqul ko‘radi. Shu sabab, Siffiyn jangida (657-yil) ham qatnashmaydi.

Hadislari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Abu Bakraning ko‘p farzandi bo‘lgani naql qilingan. Payg‘ambardan 132 ta hadis rivoyat qilgan. Ulardan sakkiztasi „Sahӣhayn“dan, yaʼni beshtasi Imom al-Buxoriydan, qolgani Muslimdan o‘rin olgan. Rivoyatlarining qolgani „Kutubi sitta“ va boshqa hadis kitob­laridan joy olgan. Abu Bakradan o‘g‘illari Abdulloh, Ubaydulloh, Abdurrahmon, Abdulaziz, Muslim, Marrorlar, nabirasi Bahr ibn Marror, shuningdek, Abu Usmon an-Nahdiy, Hasan al-Basriy, Ibn Siriyn va boshqalar hadis rivoyat qilganlar.

Vafoti[tahrir | manbasini tahrirlash]

Abu Bakra ukasi Ziyod Basrada voliy ekanida vafot etgan. Janoza namozini sahoba Abu Barza al-Aslamiy o‘qigan[1].

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Al-Buxoriy. At-Tarӣx al-kabӣr. — Haydarobod: 1360-80/1941-60. VIII, 112-113;
  2. Ibn Hishom. As-Cӣra. — Qohira: 1375/1955. IV, 485;
  3. Ibn Abu Hotim. Al-Jarh va-t-taʼdӣl. — Haydar­obod: 1371-73/1952-53. VIII, 489;
  4. Ibn al-Javziy. Talqӣh fuhӯm ahl al-asar. — Qohira: 1975. 401;
  5. Yoqut. Mu’jam. — Bayrut: 1957. III, 154;
  6. Az-Zahabiy. Siyar. — Bayrut: 1401-1405/1981-1985. III, 5-10;
  7. Asri Çubukcu. „Ebû Bekre“. TDV İA. — İstanbul: 1994. X, 114.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.