Abu-l-Baxtariy Vahb ibn Vahb

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Abu-l-Baxtariy Vahb ibn Vahb ibn Kasir al-Qoziy al-Qurashiy
Shaxsiy maʼlumotlar
Vafoti milodiy 815-816-yil (hijriy 200-yil)
Dini Islom
Ota-onasi
  • (otasi)
  • Abda bint Ali (onasi)
Tanilgan sohasi hadis toʻquvchi

Abu-l-Baxtariy, Vahb ibn Vahb (arabcha: أبو البختري وهب بن وهب — Abu-l-Baxtariy Vahb ibn Vahb ibn Kasir al-Qoziy al-Qurashiy) — to‘qima hadislari bilan tanilgan shaxs.

Hayoti va faoliyati[tahrir | manbasini tahrirlash]

Uning Abu-l-Baxtariy kunyasi „Mag‘­rurlanib yuruvchi kimsa“ maʼnosini ifodalaydi. Ota tomonidan nasabi Payg‘ambar bilan Qusayda tutashadi. Uqayl ibn Abu Tolibning nabirasi bo‘lgan onasi Abda bint Ali, keyinchalik Jaʼfar as-Sodiq bilan oila qurgan. Bosh­lang‘ich tahsili borasida o‘gay otasidan foydalanganigina zikr qilingan. U, shuningdek, Madinada Hishom ibn Urva, Ubaydulloh Umar ibn Hafs va Ibn Jurayj kabi olimlardan hadis va fiqhni o‘rganadi. Horun ar-Rashid davrida Bag‘dodga keladi. Xalifa uni Bag‘dodning sharqidagi Askarul-Mahdiyga qozi etib tayinlaydi. Xatib al-Bag‘dodiyning aytishicha, Abu Yusufning vafotidan so‘ng bir muddat qozi al-quzotlik qilgan. Madina qozisi Bakkor ibn Abdulloh ibn Mus’abning o‘limidan so‘ng esa Madina qoziligiga tayinlanadi. Shahar xavfsizligini saqlash va imomlik vazifalari ham unga topshiriladi. Bu vazifadan ozod qilinganidan so‘ng, yana Bag‘dodga qaytadi va vafot etguniga qadar u yerda qoladi.

Hadislari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Abu-l-Baxtariy Vahb ibn Vahb Abdulloh ibn Umar, Hishom ibn Urva, Jaʼfar ibn Muhammad ibn Ali va Ibn Jurayjdan hadis rivoyat qilgan. Undan Iroq va Shom ahli, xususan, Rabi’ ibn Saʼlab, Musayyab ibn Vozih, Rajo ibn Sahl va boshqalar hadis rivoyat qilganlar.

Toʻqima hadisi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Abu-l-Baxtariy Vahb ibn Vahb tarix va ansob ilmlarida ham tanilgan olim bo‘lgan. Eʼtiborli qozi, nasabi ota va ona tomonidan Rasulullohning nasablariga borib taqalgan shaxs bo‘lganiga qaramay, hadis to‘qishlik bilan shug‘ullangan. Muhammad al-Mahdiy va Horun ar-Rashid davrlarida xalifalarga xush kelgan mavzularda hadislar aytib, ularni to‘qima sanadlar bilan Payg‘ambarga bog‘lashga harakat qilgani rivoyat qilingan. Masalan, qozilik vaqtida Horun ar-Rashidning kabutar uchirish bilan mashg‘ul ekanini ko‘rib, Oyshaga bog‘langan sanad bilan Rasulullohning ham kabutar uchirganlarini ri­voyat qilgan.

Iqtiboslar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Abu-l-Baxtariy Vahb ibn Vahbni qarigan vaqtida ko‘rganini aytgan Yahyo ibn Maʼiyn u haqida

U uyiga berkinib olib, tonggacha hadis to‘qigan «yolg‘onchi»

, deb zikr qilgan.

Ahmad ibn Hanbal ham uni ishonchsiz, kazzob va „insonlarning eng yolg‘onchisi“ ekanini aytgan.

Usmon ibn Abu Shayba uni qiyomat kuni qabridan dajjol sifatida tirilishini taʼkidlagan.

Imom al-Buxoriy hadis istilohida bir shaxs­ning rivoyati mutlaqo olinmaydigan roviyligini ifodalovchi „sukita anhu“ (u haqida sukut qilindi, u haqda gapiriladigan so‘z topilmadi) iborasini unga ham qo‘llagan.

Imom Abu Dovud u yolg‘on rivoyat qilganini, Imom an-Nasoiy esa, yomon holdagi yolg‘onchi va mat­ruk roviy bo‘lganini maʼlum qilganlar.

Ibn Adiy „Abu-l-Baxtariyning rivoyatlari asossiz, u hadis to‘quvchi yolg‘onchilardan biridir“, degan. Shia olimlari ham uni yolg‘onchi, deb qabul qilganlar[1].

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Al-Buxoriy. At-Tarӣx al-kabӣr. — Haydarobod: 1360-80/1941-60. VIII, 170. Ibn Saʼd. At-Tabaqāt. — Bayrut: 1388/1968. VII, 332;
  2. Yoqut. Mu’jam al-udabā. — Qohira: 1355-57/1936-38. XIX, 260;
  3. Yahyo ibn Maʼiyn. At-Tarӣx. — Makka: 1399/1979. II, 637;
  4. Ibn Abu Hotim. Al-Jarh va-t-taʼdӣl. — Haydarobod: 1371-73/1952-53. IX, 25-26;
  5. Uqayliy. Az-Zu’afā. IV, 324-325;
  6. Ibn Adiy. Al-Kāmil. — Bayrut: 1404-1405/1984. VII, 2526-2529;
  7. M. Yaşar Kandemir. „Ebü’l-Bahterî, Vehb b. Vehb“. TDV İA. — İstanbul: 1994. X, 297;
  8. Ibn al-Javziy. Az-Zu’afā. — Bayrut: 1406/1986. III, 189;
  9. Az-Zahabiy. Siyar. — Bayrut: 1401-1405/1981-1985. IX, 374-375.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.