Abdurrahim al-Xorazmiy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Abdurrahim al-Xorazmiy
Shaxsiy maʼlumotlar
Tavalludi XV asr
Vafoti
Dini Islom
Ota-onasi
  • Abdurahmon al-Xorazmiy (otasi)
Tanilgan sohasi shoir, xattot

Abdurrahim al-Xorazmiy (arabcha: عبد الرحيم خوارزمي — (?, Sheroz —?) — shoir va xattot.

Tavallud topgan sanasi maʼlum emas. Nasta’liq xatining asoschisi sifatida qabul qilingan Abdurrahmon al-Xorazmiyning o‘g‘li, xattot va shoir Abdulkarimning akasi bo‘lgan. Xat sanʼatini otasidan o‘rgangan. Oqquyunli hukmdori Uzun Hasanning o‘g‘li Xalil voliy bo‘lganida barpo qilgan Sheroz naqshxonasida faoliyat olib borgan.

Taxalluslari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Ko‘chirgan asarlariga „Sultoniy“ taxallusini qo‘llagan. Xalilning vafotidan so‘ng ukasi bilan birga Sulton Ya’qubning Tabriz saroyi­da ochgan naqshxonasiga boradi. Sanʼatdagi mahorati sababli qisqa zamonda sultonning nazariga tushadi va uning do‘sti va xattoti sifatida taniladi. Yaʼqub tomonidan unga „jon do‘stim“ maʼnosini ifodalovchi „Anisiy“ taxallusi berilgan. Sheʼrlarida ushbu taxallusni, asarlarida esa „Yaʼqubiy“ nisbasini qo‘llaydi. Yaʼqubning vafotidan so‘ng o‘g‘li Rustamning ham iltifotlarini qabul qilgan Abdurrahim al-Xorazmiy, bu davrda yozgan asarlarida „Rustamiy“ imzosini qo‘llaydi. Oqquyunlilardan uch podshohning yonida faoliyat olib borgani uchun „Oqquyunli xattoti“ sifatida tanilgan.


Xatda otasining uslubini davom ettirib, bu ishni Gʻarbiy Eronda yoyadi. Ushbu uslubdagi harflar Sharqiy Eron nastaʼliq harflariga ko‘ra yanada yirikroqdir. Yozuvlari imzosiz ajratila olmaydigan darajada ukasining xatiga o‘xshash ko‘rinsa-da, Abdurrahim al-Xorazmiyning xati yanada maqbul, nafis va taqlidsiz, deb qabul qilingan. Xorazmiylarning xatdagi uslublari, zamondoshlari Sulton Ali Mashhadiydan ustun ko‘rilgan. Alisher Navoiy uni ukasidan keyin yozuvda tengsiz ustoz sifatida qabul etgan.

Shogirdlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Shogirdlari orasida Mir Aziz al-Buxoriy, Mulla Ali Sulton, Asadulloh al-Kirmoniy, Muhammad al-Kirmoniy kabi mashhur xattotlar zikr qilinadi.

Ijodi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Axloqli, fazilatli, bilimli bo‘lgan Abdurrahim al-Xorazmiy yaxshi shoir ham edi. Forsiy tildagi sheʼrlari „Devon“ holida to‘plangan. 899/1493-94-yil tarixi bilan qayd qilingan xatida yozilgan bir nusxani Oqquyunli amirlaridan Amir Muhammadga bag‘ishlagan.

U ko‘chirgan asarlarning katta bir qismi Istanbul kutubxonalarida saqlanmoqda. Ulardan 879/1474-75-yilda „Sultoniy“ imzosi bilan yozilgan „Muntaxaboti g‘azaliyot“ asari (Sulaymoniya kutubxonasi, Ayo Sofiya, inv. raqam 3946), har xil sana va joylarda yozilgan, turli nom bilan imzolangan oltmish to‘qqizta qit’a, muraqqa’lari (Turk va Islom asarlari muzeyi), ichiga o‘zining sheʼr­laridan ham parchalar kiritilgan, 884/1479-80-yil sanasi bilan qayd qilingan „Muntaxaboti ash’ori forisiy“ (Istanbul universiteti kutubxonasi), 880/1475-76 va 886/1481-82-yillarda ko‘chirilgan va Sultoniy, Rus­tamiy imzosi bilan qayd qilingan „Xamsai Nizomiy“ asarlari (To‘pqopi saroyi muzeyi kutubxonasi, Xazina fondi, inv. raqam 762) eng eʼtiborli manbalar sifatida eʼtirof etiladi.

Shuningdek, uning baʼzi asarlari Eron, Turkiya, Misr, Vena (Avstriya) kutubxonalarida ham saqlanmoqda[1].

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Oliy. Manoqibi Xunarvaron. — Istanbul: 1926, 56-57;
  2. Qozi Ahmad Qummiy. Gulshani hunar. — Tehron: 1352. 57-58;
  3. Mahdiy Bayoniy. Ahvolu osori xushnavison. — Tehron. 1363. II, 384-388;
  4. Habilulloh Fazoiliy. Atlasi xat. — Isfahon. 1391. 460;
  5. Karatay. Topkapı-Farsça Yazmalar. Inv. raqam 412;
  6. P. P. Soucek. „Abd-al-Rahım Karazmi“. EIr., I, 143;
  7. Ali Alparslan. „Abdürrahîm-i Hârizmî“. TDV İA. — İstanbul: 1988. I, 290-291.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.