Abdulloh ibn az-Zibaʼro

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Abdulloh ibn az-Zibaʼro
Shaxsiy maʼlumotlar
Dini Islom
Ota-onasi
  • Zibaʼro (otasi)
  • Otika bint Abdulloh ibn Amr (onasi)
Tanilgan sohasi sahoba, shoir

Abdulloh ibn az-Zibaʼro (arabcha: عبد الله بن الزبعرى — Abu Saʼd Abdulloh ibn az-Zibaʼro ibn Qays ibn Adiy al-Qurashiy as-Sahmiy) — sahoba.

Hayoti[tahrir | manbasini tahrirlash]

Quraysh qabilasining mashhur shoiri, Makka fath etilgandan keyin Islomni qabul qilgan. Quraysh qabilasining Sahm urug‘iga mansub. Otasi Ziba’ro, onasi Otika bint Abdulloh ibn Amr. Manbalarda Abdulloh ibn az-Zibaʼroning tavallud va vafot sanalari ko‘rsatilmagan. Johiliyat davrida Quraysh qabilasining eng mashhur shoirlaridan bo‘lgan. Fil voqeasi haqida yozgan sheʼri mashhur. Avval boshda Payg‘ambar va musulmonlarga qarshi dushmanlik kayfiyatida bo‘lgan. O‘zi sig‘ingan butlar borasida shaxsan Payg‘ambar bilan bahslashgan.

Musulmonlikni qabul qilishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Uhud jangidan avval Quraysh qo‘shiniga yordam berishlarini so‘rab turli qabilalarga jo‘natilgan to‘rt kishilik hay’at aʼzolari orasida Abdulloh ibn az-Zibaʼro ham bor edi. Uhud jangida Abdulloh ibn Salamani shahid qiladi. Jangdan ke­yin quraysh­dan o‘lganlarga marsiyalar aytgan. Hasson ibn Sobitga bergan javoblaridan Abdulloh ibn az-Zibaʼro musulmon bo‘lishidan oldin yozgan sheʼrlari Islom dini va Payg‘ambarga qarshi bo‘lgani maʼlum bo‘ladi. Bu jihatdan roviylar uning sheʼrlariga jiddiy qiziqmaganlar, shu sababli ularning ko‘pchiligi bugungi kungacha yetib kelmagan. Makka fath etilgach, Abdulloh ibn az-Zibaʼro o‘ldirilishidan qo‘rqib Hubayra ibn Abu Vahb bilan birga Najronga qochadi. U yerda yashagan Horis ibn Kaʼb qabilasidagilarga Payg‘ambarning Makkani fath etgani, Naj­ronga ham bostirib kelishi va bu katta tahlikaga sabab bo‘lishi mumkinligini aytadi. Natijada najronliklar qal’a­larini taʼmirlab, ichiga yashirinadilar. Bu paytda Hasson ibn Sobit Payg‘ambarning marhamat sohibi ekanlari va ularni afv etish­lari haqida sheʼr yozadi. Buni eshitgan Abdulloh ibn az-Zibaʼro Makkaga Rasulullohning huzurlariga ketadi. Ashoblari bilan suhbatlashib o‘tirgan Payg‘ambar uni ko‘rishlari bilan „Mana Ibn az-Zibaʼro! Uning yuzida Islomning nuri porlamoqda“, deydilar. Abdulloh ibn az-Zibaʼro kalimai shahodatni aytib musulmon bo‘ladi va Allohga hamdu sano o‘qiydi. Payg‘ambar va musulmonlarga qarshi qilgan harakatlaridan pushaymon ekanini aytib, afv etishlarini so‘raydi. Payg‘ambar ham uni hidoyat etgani uchun Allohga hamdu sano aytadilar va „Musulmon bo‘lish oldin qilingan gunohlarni yuvadi“, deb uni kechiradilar.

Ijodi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Abdulloh ibn az-Zibaʼro Islomni qabul qilganidan ke­yin Payg‘ambarni maqtab, ilgari qilganlaridan pushaymon ekanini ifodalab, sheʼrlar yozgan. Ammo ularning juda kamchiligi bizgacha yetib kelgan. Yetib kelganlarining ham bir qismi unga tegishli ekaniga shubha bor.

Ibn Hishom „As-Sӣra“ asarida Abdulloh ibn az-Zibaʼroga nisbat berilgan sheʼrlarning aksariyatini: „Olimlar bu sheʼrlarning Ibn az-Zibaʼroga tegishli ekanini rad etadilar“, deb yozadi. Abdulloh ibn az-Zibaʼroga tegish­li deb hisoblangan sheʼrlar, asosan, tarix kitoblarida bo‘lib, ular adabiyot nuqtai nazaridan emas, balki ko‘proq tarixiy va ijtimoiy voqea-hodisalarni tushuntirish nuqtai nazaridan eʼtiborga molikdir.

Shu bilan birga, Abdulloh ibn az-Zibaʼro Islomdan oldin ham, musulmon bo‘lgach ham sheʼr yozgani sababli muhazramunlardan hisoblangan.

Italiyalik sharqshunos P. Minganti (P. Minganti) Abdulloh ibn az-Zibaʼroning tarix va adabiyot kitoblarida tarqoq holdagi sheʼrlarini to‘plab, shoirning hayoti va ijodi haqida maqola yozgan, ularni bir to‘p­lamda nashr ettirgan.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Al-Voqidiy. Al-Mag‘āzӣ. — London: 1965-66. I, 201, 302; II, 847-848;
  2. Ibn Hishom. As-Sӣra. — Qohira: 1955. I, 57, 359; II, 137, 141-143, 418-420;
  3. Ibn Saʼd. At-Tabaqāt al-kubrā. — Bayrut: 1968. I, 76; II, 141; III, 468;
  4. Al-Balozuriy. Futӯh al-buldān. — Qohira: 1956-60. 48;
  5. Al-Balozuriy. Ansāb al-ashrāf. — Qohira: 1959. 58, 308, 362;
  6. Ibn Abdulbar. Al-Istӣ’āb. — Qohira: 1328. III, 901-904;
  7. Ibn al-Asir. Usd al-g‘āba. — Qohira: 1970-73. III, 159-160;
  8. Sezgin. GAS. II, 275-276;
  9. Mustafa Fayda. „Abdullah b. Ziba‘râ“. TDV İA. — İstanbul: 1988. I, 144.