Italyanlar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Italiyalikdan yoʻnaltirildi)
Dunyodagi italyan diasporasi.

Italyanlar — xalq. Italiyaning asosiy aholisi. Umumiy soni 66,5 million kishi (1990-yillar oʻrtalari), jumladan, Amerika Qoʻshma Shtatlarida (8,5 million kishi), Argentinada (1,35 million kishi), Fransiyada (1,1 million kishi) va boshqa mamlakatlarda ham yashaydilar. Yevropeoid irqiga mansub. Italyan tilida soʻzlashadi. Dindorlari — asosan, katoliklar.

Mil. av. 1-mingyillikda Apennin yarim orol aholisining aksariyatini italik qabilalar tashkil etgan (qarang Italiklar). Ulardan biri — Laniy viloyatida yashagan lotinlar Rimga asos solganlar va, shuningdek, boshqa italik kabilalarini va yarim orolning shim.da yashovchi etrusklar, ligurlar, venetlar, keltlarni hamda yarim orolning jan.dagi va Sardiniya, Sitsiliya va Korsika orollaridagi yunonlar, karfagenliklar va sikullarni tobe etishgan. Mil. 1 — 2-asrlarda yarim orolning barcha aholisi lotin tilining xalq lahjasida soʻzlashgan. Mil. 5-asrdan bu aholi german qabilalari (vestgotlar vandallar, ostgotlar, langobardlar) bilan aralashib ketgan. 6—10-asrlar mobaynida Italiyaning ayrim viloyatlarini vizantiyaliklar, franklar, arablar, vengerlar, normannlar bosib olgan; bosqinchilar bilan aralashib ketish natijasida italyan elati va italyan xalq tili shakllangan. Biroq rasmiy til lotin tili boʻlib qolgan. 11—13-asrlarda italyan xalqining shakllanishi tugallangan. 13—14-asrlarda toskan laxjasi yagona italyan adabiy tili qaror to-pishida muhim rol oʻynadi, 19-asr 2-yarmida Italiyani siyosiy jihatdan birlashtirilishi jarayonida Italyanlar millat boʻlib shakllangan.

Italyanlarda xalq badiiy-bezak sanʼati koʻp asrlik tarixga ega. Italyanlar jahon musiqa madaniyati va tasviriy sanʼatiga yirik hissa qoʻshganlar (Italyanlarning tarixi, xoʻjaligi va madaniyati haqida yana qarang: Italiya).[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil