Abdulloh ibn al-Horis al-Hoshimiy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Abu Muhammad Abdulloh ibn al-Horis ibn Navfal al-Qurashiy al-Hoshimiy
Shaxsiy maʼlumotlar
Tavalludi milodiy 630-yil (hijriy 9-yil)
Vafoti milodiy 703-yil (hijriy 84-yil)
Dini Islom
Tanilgan sohasi muhaddis, tobeʼin

Abdulloh ibn al-Horis al-Hoshimiy (arabcha: عبد الله بن الحارث الهاشمي — Abu Muhammad Abdulloh ibn al-Horis ibn Navfal al-Qurashiy al-Hoshimiy, 9/630, Madina — 84/703, O‘mon) — muhaddis, tobe’in.

Oilasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Bobosi Navfal Payg‘ambarning amakisi Horisning o‘g‘li. Bobosi ham, otasi ham sahoba bo‘lganlar. Abdulloh ibn al-Horis al-Hoshimiy Payg‘ambar vafotlaridan ikki yil oldin tug‘ilgan. Onasi Hind — Abu Sufyonning qizi va Payg‘ambarning qayin singillaridir. Yangi tug‘ilgan vaqtlarida xolasi Ummu Habibaning uyi­ga olib borilganda Payg‘ambar Abdulloh ibn al-Horis al-Hoshimiyni ko‘rib qoladilar va og‘ziga ilk luqmani solib (tahnik), duo­yi xayr qiladilar. Kichkinaligida onasi uni „bebbe“ (do‘mboqcha) deb, erkalatgani uchun keyinchalik shu laqab bilan mashhur bo‘lgan.

Faoliyati[tahrir | manbasini tahrirlash]

Abdulloh ibn al-Horis al-Hoshimiy Shom diyori fathida ishtirok etgan. Keyinchalik otasi bilan birga Basraga ko‘chib o‘tadi va o‘sha yerda istiqomat qilib qoladi. Basralik­lar Abdulloh ibn al-Horis al-Hoshimiyni yaxshi bilganlari sababli Yazid ibn Muoviya vafot etgach, uni voliy etib saylaydilar hamda uning nomidan Abdulloh ibn Zubayrga bay’at qiladilar (684-yil). Lekin Ibn Zubayr keyinchalik uni bu lavozimdan ozod qiladi.

Vafoti[tahrir | manbasini tahrirlash]

Hajjoj ibn Yusuf Iroqqa voliy bo‘lgach, Abdurrahmon ibn Ash’as unga qarshi kurash olib boradi. Ibn Ash’asning atrofida Iroqning ko‘plab ulamolari, shu jumladan, Abdulloh ibn al-Horis al-Hoshimiy ham jamlanadi. Biroq, mazkur harakat mag‘lub bo‘lgach, Abdulloh ibn al-Horis al-Hoshimiy Basradan qochib O‘monga joylashadi va taxminan sakson yoshida vafot etadi. Ibn Hibbon uni som yeli (garmsel urgani) oqibatida 698-yil vafot etib, Abvoga ko‘milganini aytsa-da, bu tarzda o‘lgan kishi u emas, o‘g‘li Abdullohdir.

Rivoyat va hadislari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Abdulloh ibn al-Horis al-Hoshimiyning rivoyatlari „Kutubi sitta“da ham kelgan va Yahyo ibn Ma’iyn, Ali ibn al-Madiniy, Imom an-Nasoiylar tomonidan siqa deb tan olingan. Abdulloh ibn al-Horis al-Hoshimiy Umar, Usmon, Ali, Abbos ibn Abdulmuttalib, Ubay ibn Ka’b kabi sahobalardan ko‘pgina hadis ri­voyat qilgan. To‘g‘ridan-to‘g‘ri Payg‘ambardan qilgan rivoyatlari esa, mursaldir. O‘zidan esa, o‘g‘illari Ishoq, Abdulloh va Ubaydullohlar, allomalardan Ibn Shihob az-Zuhriy, Abu Ishoq as-Sabiiy va Umar ibn Abdulazizlar rivoyat qilganlar[1].

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Ibn Saʼd. At-Tabaqāt al-kubrā. — Bayrut: 1968. V, 24-26; VII, 100;
  2. Xalifa ibn Xayyot. At-Tabaqāt. — Damashq: 1966-67. I, 451, 481; II, 581, 599;
  3. Al-Buxoriy. At-Tarӣx al-kabӣr. — Haydarobod: 1941-60. V, 63-64;
  4. Ibn Abu Hotim. Al-Jarh va-t-taʼdӣl. — Haydarobod: 1952-53. V, 30-31;
  5. Al-Xatib. Tarӣx Bag‘dād. — Qohira: 1931. I, 211-212;
  6. Ibn al-­Asir. Usd al-g‘āba. — Qohira: 1970-73. III, 207-208;
  7. Ibn Hajar. Al-Isāba. — Qohira: 1328. III, 58. M. Yaşar Kandemir. „Abdullah b. Hâris el-Hâşimî“. TDV İA. — İstanbul: 1988. I, 105.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.