Umar ibn Abdulaziz

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Umar ibn Abdulaziz
عمر بن عبد العزيز
عمر بن عبد العزيز.png
Umaviylar xalifasi
Hukmronligining boshlanishi: 717
Hukmronligining tugashi: 720
Oʻtmishdosh: Sulaymon ibn Abdulmalik
Voris: Yazid II
Tugʻilgan sanasi: 682
Tugʻilgan joyi: Madina, Umaviylar davlati
Vafot sanasi: 720
Vafot joyi: Damashq

Umar ibn Abdulaziz (682 — 720, arab. عمر بن عبد العزيز) — Umaviylar xalifasi, sahoba Umarning chevarasi. Oʻzining hukmronligi davomida faqatgina Qurʼon va Muhammad (sav) sunnatlariga qattiq amal qilgan va bu bilan xalq mehrini qozongan. Tarixchilar unga „Ikkinchi Umar“ yaʼni sahoba Umarning davomchisi, deya taʼrif berishgan[1]. U hijriy 99-101 (milodiy 718-720) yillari Islom davlatiga rahbarlik qildi. Musulmon tarixchilari maʼlumotlariga koʻra, u uzoq yillar islomiy bilimlarni, ayniqsa fiqhni oʻrgandi. Xalifa Valid davrida u Madina voliyi (hokimi) edi, Sulaymon ibn Abdulmalik esa uni oʻziga voris qilib tayinladi. Voliyligi oxirigacha u barcha umaviylarga xos boʻlgan hayot tarzini tanladi: hoyu hashamni yoqtirar, noyob kiyimlar kiyar edi. Biroq Madinadagi hokimligining oxirgi oylarida birdan oʻzgarib qoldi. Hayotidagi bu oʻzgarishga bir fojiaga ishtirokchi boʻlib qolganini sabab qilib koʻrsatishadi. Xalifa Valid ibn Abdulmalik voliyga sobiq xalifa Abdulloh ibn Zubayrning oʻgʻli Hubaybni qattiq jazolashni buyuradi. Buyruqni bajarishga kirishgan Umar ibn Abdulaziz uni daraxtga bogʻlab qoʻyishni topshiradi. Keyin mahbus ustidan sovuq suv quyib, qish kuni masjid hovlisida bandi holda qoldirishadi. Hubayb qiynoqlardan oʻlib qoladi. Islom tarixchilari xabar berishlaricha, Hubayb vafotidan keyin Abdulaziz oʻzini qoʻygani joy topolmay qoladi. U tinmay tavba-tazarrular qilar, Hubaybga aza chekar, kunu tunini ibodat bilan oʻtkazar edi. Amalda u oʻzining bevosita vazifalarini ado etishni ham esdan chiqaradi. Biroz vaqt oʻtganidan keyin esa, isteʼfoga chiqib, Shomga ketib qoladi. U erda zuhd va taqvo bilan hayot kechirdi, odamlarga pandu nasihatlar qildi, xalifalarga maslahatlar berib turdi, hatto ulardan adolatsiz hukmdorlarni jazolashni talab etdi. U amaldorlarni xalqqa adolat qilishga, Alloh oldidagi masʼuliyatlarini hamisha esda tutishga chaqirdi. Oila aʼzolarining baytulmoldan (davlat xazinasidan) olgan barcha mablagʻlarini joyiga qaytarishni talab etdi. Hatto xotini Fotima oldiga shart ham qoʻydi: yo oltin va qimmatbaho toshlardan yasalgan marjoningni xazinaga topshirasan yoki sen bilan ajarashaman. Fotima marjonni xazinaga topshirdi. Xalifa etib tayinlangach, Umar oilaviy xarajatlarini keskin kamaytirdi. U baytulmoldan hech narsa olmaslikka qasam ichdi va Suvayddagi (Shom yaqinidagi mavze) yeridan keladigan ikki yuz dinor miqdoridagi yillik daromad hisobiga hayot kechirdi. Harbiy yurishlardan keladigan oʻljadan biror dirham (kumush pul) ham olmas edi. Ish shunga borib yetdiki, atrofidagilar unga toʻgʻri yoʻldagi xalifa Umar (yaʼni, bobolari) ham oʻta taqvoli, iymonli va adolatparvar boʻlganlari holda davlat xazinasidan biroz nafaqa olib turganlarini eslatishdi. Bunga u Umar ibn Xattobning hech qanday mol-mulki boʻlmaganini, oʻzida esa mulk borligini roʻkach qildi. Ikkinchi Umar oʻz fuqarolariga erkin harakatlanish huquqini berdi, musofirlar uchun karvonsaroylar qurdirdi, koʻplab quduqlar qazitdi, yoʻllar chiqardi. U oʻtkazgan iqtisodiy islohotlar natijasida aholining yashash darajasi ancha oshdi — xalifalik hududida birorta ham qashshoq qolmadi. Kishilar turmushi shunchalik yaxshilandiki, zakot oladigan odam ham topilmay qoldi. U davlat amaldorlarining xizmat vazifalarini suiisteʼmol qilmasliklari, pora olmasliklari, davlat xazinasidan oʻmarmasliklari va tamaʼgir boʻlmasliklari uchun ular maoshini oshirdi. Umar ibn Abdulaziz adolatsiz hukm yuritgan va davlat mablagʻlarini talon-taroj qilgan voliy va davlat amaldorlarini ishdan olib tashlardi. U faol daʼvat ishlarini olib borar, musulmon ulamolarini izzat-ikrom qilar va ragʻbatlantirar edi. Uning hukmronligi davrida xalifalikning koʻplab aholisi Islom bilan sharaflandi. Uning zamonida turklar Ozarbayjonga hujum qilib, koʻplab musulmonlarni qirib tashlashdi. Bunga javoban Umar ibn Abdulaziz ularga qarshi Hotam ibn Noʻmon al-Boxiliyni yubordi. Uning oʻrdusi (armiyasi) turklarning koʻpini magʻlub qildi, oz sonli jangchilargina qochib qutilishdi. Bir paytning oʻzida Vizantiya bilan ham urush borardi. Gʻarbiy Yevropada Shams ibn Molik al-Qulaniy qoʻmondonligidagi qoʻshinlar Pireneya togʻlaridan oʻtib Septimaniya va Provansni (Fransiya janubidagi tarixiy viloyatlar) egallashdi. U yerdan Akvitaniya viloyatiga bostirib kirib, Tuluzani qamal qilishdi. Biroq gersog Akvitanskiy katta oʻrdusi bilan musulmonlarga zarba berishga erishdi. Jangda Shams halok boʻldi, qolgan musulmon sariyyalari (otryadlari) Narboniga chekinishdi. Xalifa Umar ibn Abdulaziz hijriy 101 yil rajab oyida Damashqda oʻz aʼyonlarining fitnasi qurboni boʻldi. Ular Umarning oʻzidan keyin xalifalikni Yazid IIga topshirmay qoʻyishidan qoʻrqib, bu mudhish jinoyatga qoʻl urishgan edi[2].


Manbalar[tahrir]

Andoza:Umaviylar xalifalari