Kontent qismiga oʻtish

Abdulloh ibn Zayd ibn Saʼlaba

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Abdulloh ibn Zayd ibn Saʼlaba
Shaxsiy maʼlumotlar
Vafoti 653-yil (hijriy 32-yil)
Dini Islom
Tanilgan sohasi sahoba

Abdulloh ibn Zayd ibn Saʼlaba (arabcha: عبد الله بن زيد بن ثعلبة — Abu Muhammad Abdulloh ibn Zayd ibn Saʼlaba al-Ansoriy —? — 32/653, Madina) — sahoba.

Ansorlarning Xazraj qabilasiga mansub. Bobosining ismi Saʼlaba emas, balki Abdurabbin ham bo‘lgani naql qilinadi. Aqabada Payg‘ambarga bay’at qilgan. Badr, Uhud, Xandaq va boshqa g‘azotlarda qatnashgan. Abdulloh ibn Zayd ibn Saʼlaba Islom kelishidan oldin, arab yozuvi kam qo‘llanilgan vaqtda, arabcha yozar edi. Hijratning birinchi yilida Masjid an-Nabaviy qurilishi tugatilganidan keyin, musulmonlarni ibodatga qanday chaqirish to‘g‘risida muzokaralar bo‘ladi. Abdulloh ibn Zayd ibn Saʼlaba azonni qanday chaqirish haqida tush ko‘radi va tongda Payg‘ambarning huzurlariga borib, tushini so‘zlab beradi. Payg‘ambar: „Bu sodiq tushdir“, deganlaridan so‘ng, unga azon so‘zlarini Bilolga o‘rgatish buyuriladi (Musnad. IV, 42-43). Shu sababli u „Sohibul-­azon“ degan nom olgan mashhur sahoba hisoblanadi. Manbalarda Abdulloh ibn Zayd ibn Saʼlabadan boshqa birorta hadis rivoyat qilinmagan deyilsa-da, Ibn Hajar al-Asqaloniy uning olti yoki yettita hadisini alohida holda to‘plagan. Bu hadislarni uning o‘g‘li Muhammad, nabirasi Abdulloh ibn Muhammad, Sa’id ibn Musayyab va Abdurrahmon ibn Abu Laylolar ri­voyat qilganlar. Rivoyatlari „Kutubi sitta“ning to‘rt „Sunan“idan joy olgan.

Abdulloh ibn Zayd ibn Saʼlaba Usmon davrida oltmish to‘rt yoshida vafot etgan. Janoza namozini Usmon o‘qigan.

  1. Al-Voqidiy. Al-Mag‘āzӣ. — London: 1965-66. I, 166;
  2. Ibn Saʼd. At-Tabaqāt al-kubrā. — Bayrut: 1968. III, 536-537;
  3. Ibn Abdulbar. Al-Istӣ’āb. — Qohira: 1328. II, 311-312;
  4. Ibn al-Asir. Usd al-g‘āba. — Qohira: 1970-73. III, 247-249;
  5. Az-Zahabiy. Siyar. II, 375-377;
  6. Ibn Hajar. Al-Isāba. — Qohira: 1328. II, 312;
  7. İsmail L. Çakan. „Abdullah b. Zeyd b. Sa‘lebe“. TDV İA. — İstanbul: 1988. I, 144.