Tib qonunlari

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
("Tib qonunlari"dan yoʻnaltirildi)
Jump to navigation Jump to search

"TIB QONUNLARI" (asl nomi "Kitob alQonun fittib") — Abu Ali ibn Sinoning tibbiyotga oid asari. "Tib qonunlari" oʻz davridagi tabobatning mufassal ensiklopediyasi boʻlib, unda inson sogʻligi va kasalliklariga oid boʻlgan barcha masalalar mantiqiy tartibda toʻla bayon etilgan. Oldinlari tabobat, asosan, hunar hisoblanar va u bilan shugʻullanuvchilar nazariy masalalarga unchalik ahamiyat bermay uni amalda qoʻllash bilan cheklanar edilar. Ibn Sino esa tabobatni ilm darajasiga koʻtardi va yunon, rim, hind, Yaqin va Urta Sharq tabiblarining tajriba va fikrlariga tayanib "Tib qonunlari"da uning ham nazariy, ham amaliy masalalarini chuqur ishlab chiqdi.

Ibn Sino "Tib qonunlari"ning 1kitobini Goʻrgonda, qolganlarini esa Ray va Hamadonda yashagan vaqtida yozgan (1015— 1024).

Ibn Sino "Tib qonunlari"ni yozishda yunon tabiblaridan Gippokrat, Dioskorid, Galen, Oribaziy, Pavel, Hindiston tabiblaridan Charaka asarlarining arab tiliga tarjimasidan; Oʻrta va Yaqin Sharq mamlakatlaridan yetishib chiqqan Abu Jurayj, Masih adDimashqiy, Ibn Mosavvayh, Sobur ibn Sahl, Sahorbuxt, Abu Bakr ar Roziy, Abu Sahl alMasihiy kabi olimlarning tibbiy asarlaridan manba sifatida foydalangan. "Tib qonunlari"ning har bir kitobi, oʻz navbatida, qismlarga (fan), boʻlimlarga (jumla), maqolalarga (maqola) va paragraflarga (fasl) boʻlingan.

1kitobda tabobatning nazariy asoslari hamda amaliy tabobatning umumiy masalalari, tabobat ilmining taʼrifi, uning vazifalari, xilt va mizoj haqidagi taʼlimot bayon qilinadi. Keyin odam tanasining "oddiy" aʼzolari — suyak, togʻay, asab, arteriya, vena, pay, bogʻlam va muskullar haqida qisqa anatomik ocherk keltiriladi. Kasalliklarning kelib chiqish sabablari, koʻrinishlari, turlari hamda ularni davolashning umumiy usullari keltiriladi. Ovqatlanish, hayot tarzi va hayotning hamma bosqichlarida sogʻliqni saqlash haqidagi taʼlimot yoritiladi. Surgi qilish, qayt qildirish va qon olish masalalariga ayrim boblar ajratilgan.

2kitobda oʻsha davrda oʻsimlik, hayvon va maʼdanlardan olinadigan 800 dan ortiq doridarmonlar taʼrifi, ularning davoli xususiyatlari va qoʻllanish usullari bayon qilingan. Muallif Oʻrta Osiyo va Yaqin Sharq hamda Oʻrta Sharq mamlakatlaridan chiqadigan doridarmonlardan tashqari Hindiston, Xitoy, Yunoniston, Afrika, Oʻrta dengiz atrofi va boshqa joylardan keltiriladigan koʻplab dori va moddalarni ham koʻrsatib oʻtadi. Ibn Sino tavsiya qilgan koʻpgina dorilar farmakopeyada hozirgi ham qoʻllanadi.

3kitobda odam gavdasining boshidan tovonigacha boʻlgan aʼzolarida yuz beradigan "xususiy" yoki "mahalliy" kasalliklar haqida maʼlumot beriladi. Boshqacha qilib aytganda, bu kitob xususiy patologiya va terapiyaga bagʻishlangan. Unda bosh miya (shu jumladan, asab kasalliklari va ruhiy kasalliklar), koʻz, quloq, burun, ogʻiz boʻshligʻi, til, milk, lab, tomoq, oʻpka, yurak, koʻkrak, qiziloʻngach va meʼda kasalliklari, soʻngra jigar, oʻt pufagi, taloq, ichak, orqa chiqaruv yoʻli, buyrak, qovuq, erkak va ayollarning jinsiy aʼzolari kasalliklari haqidagi maʼlumotlar keltiriladi.

4kitob kishi aʼzolaridan birontasiga xos boʻlmagan "umumiy" kasalliklarga bagʻishlangan. Bunday kasalliklarga turli isitmalar (kasallik davridagi buhronlar), shishlar (shu jumladan, rak), toshmalar, yarachaqalar, kuyish, suyak sinishi va chiqishi, asablarning jarohatlanishi, bosh suyagi, koʻkrak qafasi, umurtqa va qoʻloyoqlarning shikastlanishi kiritilgan. Shuningdek, mazkur asarda uzoq choʻziladigan va oʻta yuqumli kasalliklar: chechak, qizamiq, moxov, vabo va quturish haqida soʻz boradi; zaharlar va zaharlanish haqidagi taʼlimot (toksikologiya)ning asosiy masalalari ham bayon qilinadi. Kitobning maxsus boʻlimi inson husni va chiroyini saqlashga va pardozandoz vositalariga bagʻishlangan. Jumladan, Ibn Sino sochni toʻkilishdan saklaydigan hamda haddan tashqari semirib yoki ozib ketishning oldini oladigan vositalarni ham tavsiya qiladi.

5kitob farmakopeya boʻlib, unda murakkab tarkibli doridarmonlarni tayyorlash va ulardan foydalanish usullari yoritilgan. Uning birinchi hemila turli taryoklar (ziddizaharlar), maʼjunlar, habdori, kulcha dori (tabletka), elaki dori, sharbatlar, qaynatmalar, sharob, marham va h.k. tavsifi berilsa, ikkinchi qismda muayyan aʼzolar — bosh, koʻz, quloq, tish, tomoq, koʻkrak qafasi va qorin bushligi aʼzolari, boʻgimlar va turli teri kasalliklarini davolash uchun ishlatiladigan hamda sinalgan doridarmonlar keltiriladi.

11-asrning boshlarida yozib tugatilgan "Tib qonunlari"ning koʻp sonli qoʻlyozma nusxalari tarqalib, tib ilmi boʻyicha eng mukammal asarga aylanadi. U Sharkda naqadar mashhur ekanligini jahonning turli kutubxonalarida saklanayotgan qoʻlyozmalarning koʻpligidan ham bilsa boʻladi. Eron olimi Yahyo Maxdaviyning "Fihristi nusxahoi musannafoti Ibn Sino" nomli kitobining oʻzida "Tib qonunlari"ning 130 nusxasi keltirilgan. Oʻz FA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik intida ham "Tib qonunlari"ning 3 qoʻlyozmasi sakdanadi. Shulardan eng qadimiysi 1308 yilda koʻchirilgan toʻliq nusxadir.

Sharkda koʻp olimlar, xususan, Muhammad Iloqiy Fahriddin Roziy, Muhammad Naxchivoniy, Ibn anNafis, Qutbiddin Sheroziy, Mahmud Chagʻminiy, Abdulloh Oqsaroiy, Sadididdin Kozaruniy, Abdurahmon Misriy, Hakim Ali Jiloniy, Ishoqxon ibn Ismoilxon, Hakim Shifoiyxon va boshqa "Tib qonunlari"ga sharxlar yozdilar, uni qisqartirib "Qonuncha" nomi bilan kichik qoʻllanmalar tuzdilar.

"Tib qonunlari"ning arabcha matni birinchi marta 1593 y. Rimda, keyinchalik Qohira (1873, 1877, 1879), Tehron (1889), Laknav (1906) va Lohurda (1905) qam chop etildi, "Qonun" koʻp oʻtmay Gʻarb mamlakatlarida ham shuhrat topdi. 1130 y. tarjimonlar guruhi tashkil qilinadi va kremonalik Gerard (1114—1187 y.) "Tib qonunlari"ni arab tilidan lotin tiliga tarjima qilishga kirishadi, biroq bu ishni keyin 13-asrda yashagan Gerard oxiriga yetkazadi. Umuman "Tib qonunlari" lotin tilida 40 martadan ortiq toʻla holda nashr etilgan. Ayrim qismlarining nashri esa sonsanoqsizdir.

19-asrga kelib Yevropada "Tib qonunlari"ga boʻlgan qiziqish orta boshladi va uning ayrim qismlari nemis, fransuz, ingliz tillariga tarjima qilindi.

Asarni hozirgi zamon tillariga tarjima qilishni Oʻzbekiston sharqshunoslari oʻz zimmalariga oldilar, ular "Tib qonunlari" ning 5 kitobini arabchadan oʻzbek va rus tillariga tarjima qilib, 1954— 61 yillari Toshkentda shifokorlar bilan hamkorlikda nashr etdilar.

"Tib qonunlari"ni arabchadan oʻzbek tiliga tarjima qilishda sharqshunos olimlardan A. Rasulev, S. Mirzayev, U. Karimov, A. Murodov, A. Qayumov, A. Urinboyev va Q. Munirov qatnashgan.

Ruscha tarjimasida M. A. Salye, U. Karimov, Yu. N. Zavadovskiy, P. G. Bulgakov, S. Mirzayev va A. Rasulevlar ishtirok etganlar.

1980 yilda Ibn Sino tavalludining shamsiy hisobda 1000 yilligi munosabati bilan "T.k,."ning qayta ishlangan oʻzbek va rus tillaridagi U. Karimov tomonidan tayyorlangan toʻliq nashri 1979—1983 yillarda chop etiddi. Shundan soʻng "Tib qonunlari." oʻzbek va rus tillarida muxtasar shaklda (3 jildli va 1 jildli) yana 4 marta, rus tilida toʻliq stereotip shaklda yana 2 marta (10-jildli) nashr boʻldi.

Bu tarjimalar asosida zamonaviy tibbiyot va dorishunoslikning turli sohalariga oid ilmiy makala va kitoblar nashr etish hozir ham davom etmoqda.

"Tib qonunlari" kitobi koʻp ayerlar davomida tibbiyotdan asosiy dastur boʻlib kelgan, hozir ham bir qancha dorilfununlarda urganiladi.

Surayyo Karimova.